"Ibrat" filmida Ishoqxon Ibrat yashagan davrning ijtimoiy manzarasi aks ettiriladi
“O`zbekkino” Milliy agentligi buyurtmasiga binoan ishlanayotgan, taniqli rejissyor Jahongir Qosimovning “Ibrat” tarixiy badiiy filmi noyob iste`dod egasi, ko`plab Sharq va G`arb tillarining bilimdoni, o`lkamizdagi ilk matbaachilardan biri sifatida vatan taraqqiyoti yo`lida fidokorona xizmat qilgan Ishoqxon Ibrat haqida hikoya qiladi. Bu haqda Darakchiga "O`zbekkino” Milliy agentligi xabar berdi.
Ishoqxon Ibrat mustaqillikka eltuvchi yo`lning isyonlar, qon to`kishlar orqali o`tishini istamaydi. Turli firqalar, siyosiy uyushmalarni rad etadi, ulardan xalq ko`p jabr-zulm chekishini uqtiradi.
Shaxsiy manfaatlar o`yini, chuqur o`ylanmagan tadoriklar oqibatida elning boshiga qirg`inbarot urushlar yog`ilishidan ogohlantiradi. Ma`rifat ila ozodlikka erishish g`oyasini targ`ib etadi. Filmda ushbu jarayon aks etadi.
Film operatori Rustam Murodov
“Elparvar” tarixiy filmini suratga olgan, bu mavzuda tajribasi bor operator sanaladi. Tarixiy kinokartinaning liboschisi Zuhra G`anieva filmda tasvirlangan davr Qo`qon, Toshkent, Buxoro va chet el kiyim-boshlarini tayyorlagan.
Ibratning yoshligini Rossiyada xizmat ko`rsatgan aktyor Farhod Mahmudov ijro etgan. Shuningdek, filmda Iroda Qosimova, Matyoqub Matchonov, Mixail Kaminskiy, Jo`rabek Orziev, Seydulla Moldaxanov, Abduraim Abduvahobov, Tohir Saidov, Furqat Fayziev, Bahrom Matchonov, Akbarxo`ja Rasulov, Shahzoda Matchonova va boshqa xalqimiz sevgan ko`plab aktyorlarni uchratamiz.