1

Xalq banki naqd pullardan vaqtincha foydalanmay turishni so`rab xalqqa murojaat qildi

Iqtisodiyot 15.04.2020, 17:46
Teglar: Xalq banki, murojaat
Xalq banki naqd pullardan vaqtincha foydalanmay turishni so`rab xalqqa murojaat qildi

Xalq banki gobal pandemiya bilan bog`liq vaziyatni hisobga olib, fuqarolar, jurnalist va blogerlarga murojaat qildi. Bu murojaatni batafsil e`tiboringizga havola etamiz.

"Bugun dunyoda koronavirus pandemiyasidan himoyalanish uchun barcha choralar qo`llanilmoqda. Hozirgacha jahon bo`yicha virus yuqtirib olganlar soni 2 mln. nafarga yaqinlashdi. Vafot etganlar soni esa 126 ming nafardan oshib ketdi.

O`zbekistonda esa 1214 kishida koronavirus aniqlangan bo`lsa, shundan 4 nafar yurtdoshimiz vafot etdi. 100 nafarga yaqini butunlay sog`ayib ketdi.

Ushbu kasallikning o`zaro muloqotdan tez yuqishini inobatga olsak, gigienaga rioya qilish bugunning eng dolzarb masalasiga aylandi. Gigiena esa oddiy: qo`lni yuvib yurish,  ochiq tana a`zolarini ushlamaslik, quchoqlashib yoki qo`l berib ko`rishmaslik. Koronavirus aynan shu yo`llar orqali tez yuqmoqda.

O`zbekistonda bu infeksiya tarqalishining oldini olish maqsadida davlatimiz rahbari boshchiligida zaruriy choralar ko`rilmoqda. Eng avvalo, ishsiz qolgan fuqarolarimizga yordam berish uchun barcha resurslar safarbar etilmoqda.

Shuningdek, naqd puldan foydalanish ham keskin kamaytirilmoqda. Chunki naqd pullar virus tarqalishining eng asosiy va xavfli vositasi bo`lib turibdi. Viruslar naqd pul va tangalar orqali bir qo`ldan boshqasiga juda tez o`tadi. Buni Jahon sog`liqni saqlash tashkiloti ham, O`zbekiston Sog`liqni saqlash vazirligi mutaxassislari ham buni tasdiqlamoqda.

Tadqiqotlarga ko`ra, qog`ozda virus 4-5 kungacha yashaydi. Shunday ekan, naqd pul orqali virus tarqalish xavfi juda yuqori.

Hukumatimiz shuni inobatga olib, naqd puldan foydalanishni vaqtinchalik cheklamoqda. Xususan, may oyidan boshlab pensiya va nafaqa pullari plastik kartalarga tushiriladi. Bu hozirgi vaqtda eng to`g`ri va xavfsiz yo`l.

Bunda barcha mahallalarda bosqichma-bosqich bankomatlar o`rnatiladi. Naqd pullar saqlanadigan pul omborxonalari va qayta sanash kassalari tez-tez dezinfeksiya qilinadi.

Xalq banki aprel oyidan pensiya pullarini har bir xonadonga etkazib berish amaliyotini joriy qilgandi. Hozirgacha respublikamizning 90 foiz pensioneriga mablag`lar tarqatib bo`lindi. Ammo bu holat bizni infeksiyadan asraydi, degani emas. Shuning uchun imkon qadar naqd pullardan vaqtinchalik foydalanmay turish tavsiya etiladi.

Ijtimoiy tarmoqlarda pensiya va nafaqa pullarining plastik kartaga o`tkazilishiga  ayrimlar norozilik bildirmoqda. Bundan ko`rinadiki, ba`zi fuqarolarimiz  hali ham koronavirusning xavfini to`liq tushunib etmaganlar. Shu maqsadda ommaviy axborot vositalari xodimlari va blogerlarni mazkur masalaning mohiyatini aholiga to`g`ri tushuntirishda hamkorlikka chaqirib qolamiz.

Bundan tashqari, raqamli texnika asrida naqd puldan foydalanish kamayib bormoqda. Odamlar onlayn xizmatlardan foydalanishni o`rganmoqda. Uyidan turib barcha to`lovlarni amalga oshirmoqda. Bunda esa Xalq mobile ilovasi ularga ko`makchi bo`lmoqda.

Qadrli yurdoshlar!

Xalq banki ko`chaga chiqmaslik, naqd puldan foydalanmaslik, gigiena qoidalariga rioya qilish va uyda qolishni tavsiya etadi. Xudo xohlasa, biz bu kasallikni birgalikda engamiz!" – deyiladi Xalq bankining havolasida.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1