1

Bloger: “Ilhaq“ filmida Rossiya propagandasiga ergashilmabdi

Madaniyat 10.05.2020, 09:30
Bloger: “Ilhaq“ filmida Rossiya propagandasiga ergashilmabdi

Kecha  "Ilhaq" badiiy filmining katta premerasi televidenie orqali namoyish etildi. Yangi film yaxshi ishlangan bo`lsa mazza qilib madaniy xordiq chiqarsan, aksi bo`lsa asabing buziladi. Muxlislar tomonidan ham intiqlik, ham havotir bilan kutayotgan bu film ularning ishonchini qanchalik qozonoldi?  Premeradan so`ng bloger Shahnoza Soatova kino haqidagi fikrlari bilan o`rtoqlashdi.  

"Bu yil karantin sababli “O`lmas polk” va “Georgiy tasmasi” balosidan birmuncha qutulgan bo`lsak ham, “9 may” ustidagi bahslar yana avjiga chiqdi. Bu endi an`anaga aylandi va unga ko`nikishimizga to`g`ri keladi, shekilli.

Taassuf, bu shunday urush ediki, hamon davom etyapti. Yahudiy, nemis, polyak, yapon, rus, o`zbek...Bari uni o`zicha xotirlaydi, talqin qiladi, foydalanadi...Bu shunday urushki, hamon odamlarni taraflarga bo`lib urishtiryapti. Bu kunda istasak ham, istamasak ham uni eslaymiz, u haqida gapiramiz, bahslashamiz, g`oya talashamiz. Lekin baribir urush dahshati va fojialari aks etgan asarlarni o`qiymiz, tinglaymiz va tomosha qilaveramiz. Bu bizga kerak, hayotda "urush"maslik uchun kamida.

Film treylerini ko`rganimdan to premeragacha bir asosiy savol ichimni qizdirib turdi: Rossiya propagandasiga ergashilganmi yoki yo`q?

Ergashilmabdi. G`alaba emas, xotira va qadrlashga urg`u berilibdi. Faqat oxirida “G`alabaning 75 yilligiga” degan yozuv o`rniga “Xotira va qadrlash kuniga” deb qo`yilsa, ko`ngildagidek bo`lardi, fikrimcha.

“Ilhaq“da o`zbek xalqi yashagan, qatnashgan va hissa qo`shgan urush tasvirlangan. Albatta, bir oiladan besh farzand frontga ketib, birontasi qaytmasligi juda kam uchraydigan hodisa. Lekin beshta emas, bitta inson urushga ketgan xonadonlarning qayg`usi bundan kam bo`lmagan. Umuman, urush qayg`usini bu tarzda solishtirib, taqqoslab o`lchab bo`lmasa kerak. Hatto, umuman biron inson urushga bormagan oila ham shu urush ichida edi, taqdirida urush aks etgandi.

Filmdagi Chori obrazi ayni haqiqatning ifodasi, nazarimda. Frontdan minglab chaqirim uzoqdagi bu nogiron inson pochtachi vazifasida har kuni urushda qatnashdi (aloqani ta`minladi), xizmat vazifasini bajara turib zarbalar oldi, yaralandi, qurbon berdi va odam ham o`ldirdi.

Uchinchi o`g`il Muhammadjon va uning tug`averib, farzand dog`i ko`raverib, yuzlari qorayib, o`zi qoqsuyakka aylangan fidokor va vafodor xotini esa alohida ta`kidlanadigan obrazlardir. Bir marta urush dahshatini ko`rib kelgach bemalol tinch hayotda yashashi mumkin bo`lgan Muhammadjon bir emas, ikki jigaridan qora xat kelgan kecha o`zini tinch hayotga loyiq ko`rmadi va hatto xotinini yotoqxonadan chiqarib yubordi (psixologik nuqta), ertasiga esa frontga yana ketishga ariza berdi. Shunday o`rinlar kinoasarning badiiy ta`sirini kuchaytirgan.

Albatta, kartinada markaziy obraz – ona. Men sevgan va kamdan kam intellektual aktrisalarimizdan biri deb bilganim Dilorom Karimovadan orttirib bu rolni hech kim ijro eta olmasdi (nazarimda). Ssenariynavislarimiz opa uchun shunday keng qamrovli, sermazmun personajlarni ko`proq yozishsa-yu, Dilorom opa rol o`ynash qanaqa bo`lishini yana va yana ko`rsatib qo`yaversalar, qaniydi. Dilorom Karimova – “xalq artisti” unvonini olmagan haqiqiy Xalq artistidir. 

“Ilhaq” o`tkir syujetli, voqealar shiddat bilan kechadigan, tomoshabinni o`tdan olib suvga soladigan film emas. Tekis, sokin drama. Ko`p joylari “Ikki eshik orasi”, “Ufq” romanlarini, “Armon” yoki Lyuk Bessonning “Lion” filmlarini eslatadi. Ayniqsa, urush sahnalarida ko`p shablonlar kuzatiladi. Lekin, baribir, zerikmaysiz, ta`sirlanasiz. Ya`ni film an`analar va shablonlar ichida yaratilgan bo`lsa ham, samimiy va o`ziga xos o`zbekcha ruhi bor.

Urush, g`alaba propaganda quroliga aylangan shu kunlarda filmning finali, ya`ni urush tugagan sahnasi o`zgacha ahamiyatli. Besh farzandiga ilhaq Ona urush tugadi deb quvonmadi. Beshovidan bittasi ham qaytmadi-ya deya o`kinib, o`ksinib qoldi. Bu biz uchun g`alaba emas, anduh kuni ekanini ta`kidladi go`yo.

Ommaviy sahnalarni aks ettirish bobida ham “Ilhaq” bugungi o`zbek kinosida yangi darajaga chiqqanini ko`rish mumkin. Ayniqsa, yuzlab insonlar ishtirok etgan Katta Farg`ona kanali qurilishi epizodlarida “vauv” devordim. Musiqa esa film mazmunini juda chiroyli ochib bergan, aytishlaricha, kartina uchun maxsus bastalangan.

Lekin kamchiliklar ham bor. Masalan, aktyor Yigitali Mamajonov ijrosidagi Shokir obrazi syujetga chiroyli olib kirilgan, personajdan unumli foydalanilgan, biroq syujetdan olib chiqib ketilishi va xulosasi yaqqol ko`rinmay qolgan. Yoki har safar pochtachining kaltaklanishini ko`rsataverish shart emasdi, u urayotgan bongning o`zidan foydalanib qo`yish ham mumkin edi. Nigora Karimboeva ijrosidagi obrazga yanada ko`proq o`rin berib rivojlantirish, uning rais bilan munosabatlarini Mels tilidan shunchaki ayttirish orqali bayon qilmay, biron sahna yo ishora bilan ko`rsatish, ya`ni badiiy uslublarga yanada faolroq murojaat qilish kerak edi deb o`ylayman (albatta, bu mening “uy bekasi” sifatidagi kuzatishlarim).

So`zim so`ngida asar muvaffaqiyatini ta`minlagan asosiy omillardan biri uning fabulasi, ya`ni hayotiy asosi ekanini aytishim lozim. Biz “Ilhaq” orqali Zulfiya Zokirova va uning to`rt kelini timsolida minglab, yuz minglab shunday onalaru kelinlarni tanidik. (Shuni o`ylar ekanman, bittagina o`g`limni ikki hafta bolalar oromgohiga jo`natib, har soatda qo`ng`iroqlashib turganim holda haftada ikki martalab oldiga borib kelganlarimni esladim.) Bolasini ajal komiga yuborib, oylab undan xabar kutib ilhaq bo`lgan onalarning sabriga qoyil qoldim. Urush ko`rgan har bir ona qahramon, farzand dog`ini ko`targan onalar o`n marta qahramon, bir necha farzandlarining dog`ini ko`tarish esa... ta`rif topolmadim.O`sha onalar har farzandini urushga jo`natayotib tanasining biron qismi yulib olingandek og`riq tuyganlarini jisman his qildim!

Va “Ilhaq” urush mavzusidagi bahslarni qaysidir ma`noda ahamiyatsiz qilib qo`ya oladigan film degan xulosaga keldim.
P.S. "Ilhaq" filmi suratga olinishi jarayonida bir yosh oila dunyoga kelibdi. Ya`ni to`rtinchi o`g`il Isoqjon rolini o`ynagan Husan Rashidov va uning ayoli rolidagi Xurshida Saatova (aktrisa To`ti Yusupovaning nabirasi) keyinchalik hayotda oila qurishibdi. Mana shunday baxtli hikoyalardan zavqlanib ketaman-da. Yoshlar baxtli bo`lishsin!

 

 


 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1