1

O`zbekiston va Turkiya prezidentlari uchrashuv o`tkazishdi

Siyosat 16.03.2023, 05:59
O`zbekiston va Turkiya prezidentlari uchrashuv o`tkazishdi

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 15 mart kuni Anqara shahriga kelgach, Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdog`an bilan uchrashuv o`tkazdi.

Davlatimiz rahbari Turkiya etakchisiga ushbu mamlakatning janubi-sharqiy muzofotlarida o`tgan oyda ro`y bergan vayronkor zilzilalar munosabati bilan shaxsan chuqur hamdardlik bildirdi. Jabr ko`rgan muzofotlarni qayta tiklash va yangi infratuzilmani barpo etish borasida ko`rilayotgan chora-tadbirlarni to`liq qo`llab-quvvatladi.

Turkiya Prezidenti, o`z navbatida, O`zbekiston Prezidenti va xalqiga tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf etishda ko`rsatgan birodarlik yordami, qutqaruv ishlaridagi faol ishtiroki va jabrlanganlarga insonparvarlik ko`magi uchun yana bir bor samimiy minnatdorlik bildirdi.

Turkiy davlatlar tashkilotining 16 mart kuni o`tadigan favqulodda sammiti tashkilotdagi mamlakatlar o`rtasidagi hamjihatlik va birodarlik rishtalarining yorqin ifodasi bo`lishiga ishonch bildirildi.

Uchrashuvda O`zbekiston-Turkiya keng qamrovli strategik sheriklik munosabatlarining rivojlanish sur`ati mamnuniyat bilan qayd etildi.

O`zaro savdo hajmi ortmoqda, o`tgan yili 370 ta yangi korxona tashkil etildi. Keyingi olti yilda Turkiyaning O`zbekiston iqtisodiyotiga investisiyalari hajmi 3,5 milliard dollarni tashkil etdi.

Energetika, sanoat, qishloq xo`jaligi, qurilish materiallarini ishlab chiqarish, engil sanoat va boshqa sohalarda yirik loyihalar amalga oshirilmoqda.

Shuningdek, bo`lajak oliy darajadagi tadbirlar rejasi, shu jumladan Strategik sheriklik kengashining navbatdagi yig`ilishiga tayyorgarlik masalalari ko`rib chiqildi.

Davlat rahbarlarining uchrashuvi har doimgidek ochiq, ishonchli va do`stona muhitda o`tdi.

Yakunda Turkiya Respublikasi Vise-prezidenti Fuat Oktay O`zbekiston bilan Turkiya o`rtasidagi ko`p qirrali va o`zaro manfaatli munosabatlarni har tomonlama rivojlantirishga qo`shgan katta hissasi uchun “Do`stlik” ordeni bilan taqdirlandi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1