1

Nukusdagi Saviskiy muzeyida Inson huquqlari bo`yicha Oliy komissari ishtirokida tadbir bo`lib o`tdi

Siyosat 16.03.2023, 14:29
Nukusdagi Saviskiy muzeyida Inson huquqlari bo`yicha Oliy komissari ishtirokida tadbir bo`lib o`tdi

Folker Tyurk ishtirokida Inson huquqlari umumjahon deklarasiyasi qabul qilingani 75 yilligi hamda Inson huquqlari sohasidagi Vena deklarasiyasi va Harakatlar dasturining 30 yilligigabag`ishlangan tadbir Nukusdagi Saviskiy muzeyida o`tkazildi.

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Inson huquqlari bo`yicha Oliy komissari Folker Tyurk boshchiligidagi delegasiya O`zbekistonga tashrifining ikkinchi kuni – 14 martda Nukus shahriga safar qildi. 

Safar doirasida I.V.Saviskiy nomidagi Qoraqalpog`iston davlat san`at muzeyida BMT Inson huquqlari bo`yicha Oliy komissari ishtirokida tadbir bo`lib o`tdi. Tadbir Inson huquqlari umumjahon deklarasiyasi qabul qilinganining 75 yilligi hamda Inson huquqlari sohasidagi Vena deklarasiyasi va Harakatlar dasturining 30 yilligiga bag`ishlandi.

Inson huquqlari bo`yicha O`zbekiston Respublikasi Milliy markazi va I.V.Saviskiy nomidagi Qoraqalpog`iston davlat san`at muzeyi bilan hamkorlikda o`tkazilgan ushbu tadbir onlayn va oflayn tarzda tashkil etildi. Unda O`zbekiston yoshlari vakillari, shu jumladan, qoraqalpog`istonlik talabalar qatnashdi.

Tadbirda BMT Inson huquqlari bo`yicha Oliy komissari F.Tyurk “Inson huquqlari umumjahon deklarasiyasi va inson huquqlari” mavzusida ma`ruza qildi. 

BMT Bosh Assambleyasiningrezolyusiyasiga muvofiq, 1948 yil 
10 dekabrda Inson huquqlari umumjahon deklarasiyasiqabul qilingan. Mazkur xalqaro hujjat har bir insonning shaxsiy daxlsizligi, mulk, e`tiqod va so`z erkinligi, fuqarolik, davlat boshqaruvida qatnashish, saylash va saylanish, oila, mehnat va dam olish, ta`lim, tibbiy va ijtimoiy xizmatlardan foydalanish, madaniyat va san`at asarlaridan bahra olish huquqlarini himoya qiladi.

Inson huquqlari umumjahon deklarasiyasi e`lon qilinganidan so`ng xalqaro hamjamiyat inson huquqlari va asosiy erkinliklarini tan oldi. O`tgan davrda jahon hamjamiyati ushbu huquq va erkinliklarga inson huquqlari bo`yicha xalqaro huquq normalari va mexanizmlari orqali dunyo miqyosida rioya etilishiga ko`maklashmoqda. 

Tadbirda ta`kidlanganidek, joriy yil 10 dekabr kuni Inson huquqlari umumjahon deklarasiyasining 75 yilligi keng nishonlanadi. Deklarasiya yubileyi arafasidagi global ko`lamli tadbirlarga 2022 yil 10 dekabr – Xalqaro inson huquqlari kuni start berildi. 

BMT Inson huquqlari bo`yicha Oliy komissari Boshqarmasi tomonidan mazkur Deklarasiyaning 75 yilligiga bag`ishlangan bir yillik targ`ibot kampaniyasi o`tkazilmoqda. Bu jarayonda Inson huquqlari umumjahon deklarasiyasining o`tgan davrdagi samaradorligi, bugungi kundagi dolzarbligi va amaliy xususiyatlarini ochib berishga alohida e`tibor qaratilmoqda. 

I.V.Saviskiy nomidagi Qoraqalpog`iston davlat san`at muzeyida tashkil etilgan tadbir ayni global kampaniyaning uzviy davomidir. Butun dunyoda, jumladan O`zbekistonda ham 2022 yil 10 dekabr kuni Inson huquqlari umumjahon deklarasiyasi qabul qilinganining 75 yilligini nishonlash kampaniyasi boshlab yuborilgan.

Bu o`rinda, avvalo, BMTning Inson huquqlari bo`yicha Oliy komissari Boshqarmasi bilan hamkorlikda 2022 yil 5-6 dekabr kunlari Samarqand shahrida bo`lib o`tgan «Inson huquqlari sohasida ta`lim» mavzusidagi Global forum tashkil etilganini ta`kidlash lozim. Chunki Inson huquqlari umumjahon deklarasiyasida kafolatlangan huquqlardan biri – ta`lim olish huquqi – barcha inson huquqlaridan foydalanishga yo`l ochadigan boshlang`ich nuqtadir. 

Ta`lim olish huquqi – inson huquqlari bo`yicha ta`limni hamda ushbu huquqlarni o`rganish, shuningdek, jamiyatimizda inson huquqlarini himoya qilish va rag`batlantirish usullari, vositalarini ham o`z ichiga oladi. Inson huquqlari bo`yicha ta`lim va tarbiya – bu inson hayoti mobaynida davom etadigan va turli yoshdagilarga tegishli bo`lgan jarayondir.

Shu ma`noda, O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 7 fevraldagi qarori bilan O`zbekiston Respublikasida Inson huquqlari sohasidagi Milliy ta`lim dasturi tasdiqlangani muhim ahamiyatga ega. Ushbu hujjat ijrosini o`z vaqtida, to`liq va samarali tashkil qilish doirasida joriy yil 20-28 fevral kunlari mamlakatimizning butun hududida “Inson huquqlari haftaligi” o`tkazildi.

Deklarasiya insonlarning barchasiga birdek tegishli bo`lgan huquqlarni o`z ichiga olgan bo`lib, shu kungacha dunyoning 530 dan ortiq tiligatarjima qilingan. Bu o`rinda Inson huquqlari bo`yicha O`zbekiston Respublikasi Milliy markazi tashabbusi bilan ushbu Deklarasiya o`zbek va qoraqalpoq tillariga tarjima qilingani va bir necha marta nashr etilib, beg`araz tarqatilganini qayd etish lozim. 

Yaqinda Inson huquqlari umumjahon deklarasiyasi o`zbek tilida (kiril va lotin imlosida) hamda qoraqalpoq tilida alohida kitobchalar shaklida yana nashr etildi. Bu ham insoniyat tarixida ilk bor insonning asosiy huquqlarini himoya qilish zarurligini e`lon qilgan Deklarasiya 75 yilligiga mo``jaz tuhfa hisoblanadi.

Tadbir yakunida BMT Inson huquqlari bo`yicha Oliy komissari F.Tyurk talaba-yoshlarning savollariga javob berdi. 

Inson huquqlari bo`yicha
O`zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1