1

Isroil-Eron mojarosi: Uchinchi jahon urushi boshlanyaptimi?

Dunyo 16.04.2024, 11:28
Isroil-Eron mojarosi: Uchinchi jahon urushi boshlanyaptimi?

Butun olam, hatto Isroil aholisi va AQSh ham uning Falastindagi jinoyatlaridan zada bo`lib, Netanyahuning iste`fosi zarurligi haqida gapira boshlaganida u Eronni mintaqaviy mojaroga tortdi: 1 aprelda Isroil armiyasi Damashqdagi Eron konsulxonasiga 10 dan ziyod eronlik harbiy amaldorning o`limiga olib kelgan aviazarba berdi.

Bunga Eron jiddiy javob berishini ma`lum qildi. Natijada Isroilning Falastindagi barcha xunrezliklari “unut” bo`ldi. Eron timsolidagi tarixiy dushman tahdidi ro`parasida Isroil siyosiy faollarining ovozi o`chirildi. Netanyahuning iste`fosini talab qilish masalasi ham vaqtincha kun tartibidan olib tashlandi.

Umuman, har qanday diktator xalqni ortidan ergashtirish uchun biror urush boshlashga harakat qiladi. Urush sharoitida hukumatning no`noqligi o`z dolzarbligini yo`qotadi. Hukumatni tanqid qilganlar xoinga chiqariladi. 

Isroil ham ana shu usuldan foydalandi. HAMASni batamom yo`q qila olmagan, garovdagi isroilliklarni ozod qila olmagan Netanyahu Falastin-Isroil mojarosi o`rniga Isroil-Eron mojarosini yaratdi. 

                                                                                 Tehron bu hujumga jim qarab tura olmadi

Tabiiyki, Tehron bu hujumga jim qarab tura olmas edi. Lekin ehtimoliy javob berishda ko`plab omillarni hisobga olishi kerak edi. Zero, Eron uzoq muddatli va intensiv urushga tayyor emas. Isroilga qarshi urushish AQSh va G`arbning harbiy mashinasiga qarshi urushishni anglatishi hech kimga sir emas. Shu bois Eronga Isroilga albatta javob berishi va bu javob dahshatli bo`lishi haqida ko`p marta bayonot berdi. Hatto javob zarbasi mo`ljallangan kuni ham ko`pchilikka oshkor bo`ldi.

AQSh va G`arb esa o`z navbatida Isroilning Falastindagi jinoyatlarini unutib, Isroil tarafida ekanliklari va unga albatta yordam berishlarini e`lon qilishdi.

Nihoyat 3 aprel kuni Eron va uning proksi jangarilari, jumladan, «Hizbulloh» Isroilga qarata taxminan 170 ta uchuvchisiz parvoz apparatlari (dronlar) va 200 ga yaqin ballistik raketalar uchirdi. AQSh, Buyuk Britaniya va Iordaniyaning havoda himoya tizimlari 100 dan oshiq dronlarni urib tushirishdi.

                                                                                   Isroil hukumati Rossiyadan norozi, chunki...

Eronning faqatgina Suriya ustidan uchib o`tgan raketa va dronlariga qarshilik ko`rsatilmadi. Zero, Suriyadagi havodan himoya tizimlari Rossiya nazorati ostida. Shu bois Isroil hukumati Rossiyadan norozi bo`ldi va Moskva Eron hujumlarini qoralab bayonot berishini kutayotganini aytdi.

Rossiya tomoni Eronning hujumini “javob reaksiyasi” deya bayonot berdi. Rossiyaning BMTdagi vakili Vasiliy Nebenzya “Eronning bu qadami BMT Xavfsizlik Kengashining sharmandali harakatsizligi va Isroilning Damashqqa bergan zarbasiga javob reaksiyasi” bo`ldi deya bayonot berdi.

                                                                                      Kutilmagan zarba effektisiz hujum

Eronning bu hujumi ham kutilmagan zarba effektisiz tashkil etildi. Natijada Isroil tomoni ehtimoliy hujumga yaxshi tayyorgarlik ko`rdi. AQSh va Evropadan qo`shimcha harbiy yordam olishga ham muvaffaq bo`ldi. AQSh mintaqaga qo`shimcha harbiy kuchlarini jo`natdi. AQShning ikkita “esminesi” mintaqaga yaqin suvlarga o`tkazildi. Bunning uchtiga Eron raketalari va dronlari Isroilgacha katta masofani uchib o`tgani bois, Isroil va uning ittifoqchilari ularni payqash va tutib olishga qiynalmadi. 

Isroil tomoni bu hujumga javoban zarba berishga tayyorligini ma`lum qildi. Biroq AQSh prezidenti Jo Bayden Isroil bosh vaziri Benyamin Netanyahu bilan telefon orqali suhbatlashgach, Isroil bu maqsadidan qaytganini aytdi. Natijada yana G`arb tahsiniga sazovr bo`ldi. AQSh esa Eron bilan bevosita mojaroga kirishish maqsadi yo`qligini e`lon qildi. 

                                                                         Eronning javob zarbasi – kimga foyda va kimga zarar bo`ldi?

Xo`sh, Eronning Isroil provokasiyasiga harbiy javob bergani qanday foyda va zarar keltirdi?

Eng avvalo Eronga bunday jarayon juda kerak edi. Oxirgi yillarda Eron xalqining o`z hukumatidan noroziligi kuchayib borayotgan edi. Bunday sharoitda Isroilga qarshi har qanday xatti-harakatlar hukumat foydasiga “ball” ishlashi tabiiy edi. 

Eronning oxirgi harbiy urishi Falastin va uning jafokash xalqi uchun esa foyda keltirgani yo`q. Isroilning falastinliklarga qarshi genosidi va jinoyatlari to`xtab qolgani yo`q. Qolaversa, bu zarbalar Isroilning siyosiy-iqtisodiy yoki harbiy qudratiga putur etkaza olmadi.

Aksincha, Isroil tobora yaqinlashib kelayotgan xalqaro nafrat va izolyasiya xavfidan qutuldi. G`arb yordamining yangi kuch bilan qaytalanishiga erishdi.

                                                                              Eronning aralashuvi Uchinchi jahon urushiga olib keladimi?

Tahlilchilarning aytishicha, Yaqin Sharq mintaqasi bois Uchinchi jahon urushi boshlanadi, degan taxminlarda jon yo`q. Zero, mintaqadagi kuchlar muvozanati yana eski holiga qaytdi: Isroil – jabrdiyda, Eron va musulmonlar esa Isroil xavfsizligiga asosiy tahdid degan qarashlar qayta jonlandi. Bunday sharoitda Falastin davlatining tashkil etilishidan hali-beri umid qilmasa ham bo`ladi. Boshqa davlatlarning Falastin yoki Eron tomonida turib Uchinchi jahon urushini boshlashi ham ehtimoldan yiroq. 

Ekspertlarning fikricha, katta urush uchun sabablarni Yaqin Sharqdan emas, Janubi-sharqiy Osiyodan, aniqrog`i Tayvan-Xitoy mojarosidan qidirgan ma`qul. Zero, O`zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev Jizzax viloyatida kechgan videoselektor yig`ilishida aytganidek, “xalqaro maydonda balans buzildi, qonun-qoidalar mutlaqo o`zgardi”. Rossiya Ukrainaga bostirib kirishidan avval biror davlatning samolyoti boshqa davlat hududiga adashib o`tib ketsa ham shov-shuv hamda xalqaro mojaroga sabab bo`lar edi. Biroq bugun davlatlar bir-biriga raketa zarbalari bermoqda, quruqlik orqali qo`shin bilan bostirib kirmoqda va... bunga dunyo ham, BMT ham ilojsizlik bilan qaramoqda. Demak, Uchinchi jahon urushi bo`lishi mumkin, buning uchun barcha sharoit etilmoqda. Biroq bugun emas. Bugungi xalqaro tartibot o`zgarmas ekan, dunyodagi etakchi davlatlar o`z maqomini saqlab qolar ekan, bugungi vaziyat ham deyarli o`zgarishsiz qoladi. Xalqaro maydonda va geopolitik vaziyatda katta o`zgarishlari bo`lishi ham hali ehtimoldan uzoq.

                                                                                                                                                                                                                                                                           Abdulloh SAYYID

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1