1

"Pirovard marramiz – eksport". Qishloq xo`jaligidagi loyihalar samaradorligi ko`rib chiqildi

Siyosat 06.08.2020, 19:17
"Pirovard marramiz – eksport". Qishloq xo`jaligidagi loyihalar samaradorligi ko`rib chiqildi

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 6 avgust kuni Jahon banki ishtirokida “Qishloq xo`jaligini modernizasiya qilish” loyihasini amalga oshirishga bag`ishlangan videoselektor yig`ilishi o`tkazdi. Bu haqda Prezident Matbuot kotibi xabar bermoqda. 

Shu yil 23 iyul kuni o`tkazilgan videoselektor yig`ilishida davlatimiz rahbari agrar tarmoqqa ajratilayotgan investisiyalardan to`g`ri foydalanish, yuqori natija beradigan loyihalar ishlab chiqish bo`yicha ko`rsatmalar bergan edi.

Bugungi yig`ilishda Jahon banki tomonidan ajratilgan 500 million dollar kredit mablag`larini o`zlashtirish bo`yicha shakllantirilgan loyihalar muhokama qilindi.

Prezidentimiz ko`rsatmasiga muvofiq, loyihalarni ishlab chiqishda fanni rivojlantirishga, ilg`or texnologiyalarni joriy etishga ustuvor ahamiyat qaratilgan. Xususan, jalb qilinayotgan mablag`ning 87 million dollari qishloq xo`jaligi sohasidagi 10 ta ilmiy-tadqiqot muassasasi, 4 ta ixtisoslashgan markaz faoliyatini takomillashtirish va moddiy-texnik bazasini yaxshilashga ajratiladi.

Shuningdek, 70 million dollar ko`chatlar etkazib berish, fitosanitariya, geoaxborot va sertifikatlash xizmatlarini ko`rsatadigan agroxizmat markazlarini tashkil etishga yo`naltiriladi. Qishloq xo`jaligini raqamlashtirish uchun berilayotgan 10 million dollar hisobiga erlarning hosildorligi, tuproq tarkibi tahlili, zarur mineral o`g`itlar turi va miqdori, soliq, transport-logistika va mahsulotlar bozorlari haqida ma`lumotlar olish imkoni yaratiladi.

Yig`ilishda suv xo`jaligi, chorvachilik, karantin, kadastr, moliya, soliq va boshqa tegishli idoralar ma`lumotlar bazasini ushbu tizimga integrasiya qilish muhimligi ta`kidlandi.

Qishloq xo`jaligi vazirligiga ilmiy-tadqiqot muassasalari va ixtisoslashgan markazlarni Akademik Mahmud Mirzaev nomidagi bog`dorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-tadqiqot instituti hududida joylashtirib, laboratoriya uskunalari va texnikalar bilan ta`minlash, viloyatlardagi qishloq xo`jaligi kollejlari negizida ularning filiallarini tashkil etish vazifasi qo`yildi. Ushbu muassasalarni yuqori malakali mutaxassislar bilan to`ldirish, xorijdan konsultantlar jalb qilib, ularni o`qitish bo`yicha topshiriqlar berildi.

Davlatimiz rahbari har bir ilmiy-tadqiqot muassasasi va markaz ilmiy ishlanmalarini sotadigan tijorat tashkilotiga aylanishi zarurligini ta`kidladi.

– Qishloq xo`jaligini ilm bilan qilmasak, xarajatlarimiz natija bermaydi. Har bir loyiha manfaatdorlikni ta`minlash, rentabellikni oshirishga xizmat qilishi kerak. Pirovard marramiz – eksport. Ilmiy asoslangan, standartlarga mos mahsulot chiqarilsa, bozor topiladi, – dedi Shavkat Mirziyoev.

Kooperativlar va klasterlarni rivojlantirishga mo`ljallangan 200 million dollar hududlar o`rtasida taqsimlangan. Bundan tashqari, xalqaro moliya tashkilotlari mablag`lari hisobidan Farg`ona vodiysi uchun qo`shimcha 54 million dollar hamda Xorazm viloyatiga 100 million dollar mablag` ajratilgan.

Prezident ajratilayotgan har bir dollarni uch dollarga aylantirish, imtiyozli kreditlarni qaytarish bo`yicha aniq hisob-kitob asosida ishlash zarurligini ta`kidladi.

Intensiv bog` maydonlarini kengaytirishga 65 million dollar yo`naltirish belgilangan. Xususan, buning hisobidan Toshkent viloyatida 500 gektar, Andijon, Buxoro, Namangan, Farg`ona va Samarqandda 300 gektardan, Jizzaxda 250 gektar, Qashqadaryo hamda Surxondaryoda 200 gektardan, Qoraqalpog`istonda 100 gektar maydonda yangi usuldagi intensiv bog`lar yaratilishi rejalashtirilgan.

Mutasaddilarga qisqa muddatda erlarni ajratib, kelgusi yil bahorda bog`larni foydalanishga topshirish vazifasi yuklatildi.
Yana 65 million dollar evaziga zamonaviy agrologistika markazlari va komplekslarini tashkil qilish bo`yicha topshiriqlar berildi.

Yig`ilishda qishloq xo`jaligi vaziri va viloyat hokimlari jalb qilinayotgan mablag`lar o`zlashtirilishini loyihalar kesimida taqdimot qildi hamda ishni tashkil qilish rejalari bo`yicha axborot berdi.

 


 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1