Prezident Shavkat Mirziyoyev Yangi Toshkent qurilishini jadallashtirish masalalari yuzasidan investorlar va tadbirkorlar bilan ochiq muloqot o‘tkazmoqda. Bu haqda Darakchi.uz muxbiri xabar berdi.
Davlat rahbari uchrashuvda tadbirkorlar tomonidan bildirilgan takliflar, yer ajratish, ruxsat olish va to‘lovlar bilan bog‘liq muammolar o‘rganilganini ta’kidladi.
Ma’lum qilinishicha, uch yil avval boshlangan loyiha doirasida Yangi Toshkentda infratuzilma, stadion, universitet va kutubxona kabi muhim obyektlar qurilishiga katta mablag‘ yo‘naltirilmoqda. Hozirga qadar shaharga 2 milliard dollardan ortiq investitsiya kiritilgan.
Shu bilan birga, xususiy sektorni qurilishga jalb qilish sur’atlari mavjud imkoniyatlarga mos emasligi qayd etildi.
Yangi Toshkent uchun jami 20 ming gektar yer ajratilgan. Loyihaning birinchi bosqichida 6 ming gektar maydonda 50 milliard dollarlik loyihalarni amalga oshirish rejalashtirilgan. Yangi aeroport qurilishi bilan birga hududning investitsiya salohiyatini 200 milliard dollargacha yetkazish imkoniyati mavjud.
Ayni paytda ming gektardan ortiq maydonda asosan davlat mablag‘lari hisobidan qurilish ishlari olib borilmoqda. Tadbirkorlarga esa hozirgacha 94 gektar yer ajratilgan.






