AsosiyJAMIYAT

Shavkat Mirziyoyev Yangi Toshkentdagi qurilish sur’atlari va investorlar muammolari haqida gapirdi

"Yangi Toshkent faqat yangi uy-joylar quriladigan hudud emas", — dedi Prezident Shavkat Mirziyoyev investorlar va tadbirkorlar bilan ochiq muloqotda.

'Shavkat Mirziyoyev Yangi Toshkentdagi qurilish sur’atlari va investorlar muammolari haqida gapirdi'ning rasmi

Davlat rahbarining ta’kidlashicha, Yangi Toshkent zamonaviy biznes, ta’lim, tibbiyot, turizm va xizmat ko‘rsatish sohalarini o‘ziga jalb etadigan mustaqil iqtisodiy markazga aylanishi kerak. Biroq hozirgacha ajratilgan yer maydonlarining uchdan ikki qismi uy-joy loyihalariga to‘g‘ri kelmoqda.

Shuningdek, investorlarga ajratilgan 28 ta lotda qurilish ishlari boshlanmagan. Prezident bu holatni tadbirkorlarda mablag‘ yoki xohish yo‘qligi bilan izohlash to‘g‘ri emasligini aytdi. Uning qayd etishicha, eskicha talablar, ruxsat berish jarayonlarining cho‘zilishi va ayrim idoralarning hamkorlik qilish o‘rniga nazoratchi sifatida ish tutishi loyihalarga to‘sqinlik qilmoqda.

"Investor esa kutmaydi. U ko‘mak va kafolatni his qilmasa, mablag‘ini boshqa bozorga yo‘naltiradi", — dedi davlat rahbari.

Shu munosabat bilan tadbirkorlarga yer ajratishdan tortib, loyihani ishga tushirishgacha bo‘lgan jarayonni qayta ko‘rib chiqish zarurligi ta’kidlandi.

Ma’lum qilinishicha, Yangi Toshkentda yerga bo‘lgan talab ortib bormoqda. Agar 2024 yilda bir gektar yerning o‘rtacha qiymati 10 milliard so‘mga ham yetmagan bo‘lsa, hozir bu ko‘rsatkich 19 milliard so‘mga yetgan.

    Boshqa yangiliklar

    Shavkat Mirziyoyev Yangi Toshkentdagi qurilish sur’atlari va investorlar muammolari haqida gapirdi - Darakchi.uz