Yaponiya hukumati 2021 yilgi Olimpiya va Paralimpiya o`yinlarining xorijlik tomoshabinlari uchun ikki haftalik karantinni olib tashlashni ko`rib chiqmoqda, Bu haqda Kyodo agentligi xabariga tayanib, "Olympic.uz" xabar berdi.
Manbaga ko`ra, muxlislarga Yaponiyaga kelgandan keyin jamoat transportidan foydalanishga ruxsat berilishi mumkin, ammo ular o`z vatanidan chiqib ketayotganda va Yaponiyaga kirib kelgandan so`ng koronavirusga test topshirishlari shart. Shu bilan birga, Kunchiqar mamlakat hali xorijlik tomoshabinlarni qabul qilish-qilmaslik to`g`risida yakuniy qaror qabul qilmagan.
Oldinroq Yaponiya hukumati Olimpiada ishtirokchilariga Yaponiyaga kelgandan so`ng, shuningdek, o`yinlar tugashi bilan mamlakatni tark etishdan oldin koronavirus tekshiruvidan o`tishni majburiy qilishi haqida xabar berilgan edi. Agar chet eldan kelgan sportchilarda manfiylik sertifikati bo`lsa, ular ikki haftalik karantindan o`tmaslikka ruxsat beriladi.