Kuni kecha, Hisob palatasining 2020 yil uchun hisoboti tinglandi. Unda Ishtirok etgan deputat Alisher Qodirov ayrim statistik ma`lumotlar va iqtisodiy muammolar haqida gapirdi.
"Hisob palatasining ma`lumotlariga ko`ra, Xitoy Eksimbankining jalb qilingan 156,4 million dollar mablag`i hisobiga barpo etilgan Angren shina zavodi 3 million dona shina ishlab chiqarishi va shinalar O`zAvtoMotorsda import o`rnini qoplashi kerak edi.
Bugungi holat, Angren shina zavodi quvvatining 15 foizida ishlamoqda. Omborida 100 mingta shina sotilmay turibdi. Sababi doimgidek, sifat talabga javob bermaydi. So`nggi ikki yilda O`zAvtoMotors 60 mln.dollarga yaqin shina import qilgan.
Loyiha noto`g`ri rejalashtirilganmi? Qarz to`g`ri ishlatildimi? Qarzdan kutilgan natija olindimi?
Savollarga: “...harakatlar boshlangan, sifat sertifikatlari olinmoqda”, qabilida javob olindi.
Lekin savol tug`iladi: nimaga endi?
Qarzning bir kuni ham to`g`ri rejalashtirilsa foyda olish mumkin, aksincha zararli yukka aylanadi.
Ikki yildan beri bu qarz iqtisodiyotimizga qancha zarar keltirmoqda?
Bunday xatolar islohotlarga jiddiy zarar beradi. “Milliy tiklanish" DP Investisiyalar va tashqi savdo vazirini ushbu masala bilan bir qatorda xorijiy qarz-investisiyalarni samarali ishlatilayotganligi masalasida eshituvini tashkil qiladi", - deb yozib qoldirgandi Qodirov.
Shuningdek, deputat Doniyor G`aniev ham o`z savolllari bilan murojaat qildi.
"Xitoy Eksimbankidan jalb qilingan 156,4 million dollar mablag`i hisobiga barpo etilgan Angren shina zavodi xozirda atiga 15 foiz quvvatda ishlamoqda. Omborida 100 mingta shina sotilmay turibdi. Kredit to`lovlaridan esa 3 mln dollardan ortiq qarzdorligi bor.
Tabiiyki, loyiha nega bunday muvaffaqqiyasizlikka uchragani odamni o`ylantiradi.
Nahotki loyiha boshidan to`g`ri rejalashtirilmagan bo`lsa? Yoki shuncha qarz mablag`lari noto`g`ri ishlatildimi? Loyiha tashabbuskori kim? Loyihaga mas`ul bo`lganlar qonun oldida javob beradimi?
Umid qilamizki, jamoatchilik va biz deputatlarni o`ylantirgan bu savollarga asosli javob olamiz", dedi G`aniev.
Mazkur holat so`nggi kunlarda keng muhokamalarga sabab bo`lmoqda. Masalaga “O`zkimyosanoat” AJ munosabat bildirdi.
"Germaniya, Gollandiya, Italiya, Yaponiya va Xitoy kabi xorijiy mamlakatlarning eng zamonaviy uskuna va jihozlari asosida xorijiy kreditlar hisobidan 2019 yilda ishga tushirilgan “Birinchi rezinotexnika zavodi” MChJ yillik 3,0 mln. dona avtomobil shinalari, 200 ming dona qishloq xo`jaligi shinalari va 100 ming pogon metr konveyer lentalarini ishlab chiqarish quvvatiga ega bo`lib, loyiha bo`yicha korxona quvvatlarni o`zlashtirish mahsulot sifatini ta`minlash maqsadida bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda.
2019 yildan bugungi kunga qadar korxona tomonidan umumiy qiymati 266 mlrd. so`m bo`lgan 704,1 ming dona avtomobil shinalari, 16,9 ming dona qishloq xo`jaligi shinalari va 72,9 ming pogon metr konveyer lentalari ishlab chiqarildi.
Haqiqatdan, 2020 yilda ishlab chiqarish quvvatlarini o`zlashtirish rejasi 40% o`rniga 15%ni tashkil etdi. Buning asosiy sababi koronavirus pandemiyasi davrida joriy etilgan cheklovlar oqibatida aksariyati xorijiy mamlakatlardan olib kelinadigan xom ashyo va materiallarning importi cheklandi, ishlab chiqarishda to`xtalishlar yuzaga keldi, mahsulot sotuvi pasaydi va aylanma mablag`larning tanqisligiga olib keldi. Shuningdek, Xitoyning LingLong kompaniyasi bilan General Motors korporasiyasi talablari asosida mahsulotlarni va korxonani omologasiyadan o`tkazish uchun texnik ko`mak ko`rsatish bo`yicha shartnoma imzolash muddatining orqaga surilishiga olib keldi.
Natijada 2020 yil noyabr oyiga kelibgina Linglong kompaniyasi va milliy “Bars” brendi ostida shina ishlab chiqaruvchi “Birinchi rezinotexnika zavodi” MChJ o`rtasida korxona va mahsulotlarni General Motors korporasiyasi talablariga muvofiq sertifikatlashda texnik ko`mak berish va omolagasiya bo`yicha ishlarni amalga oshirish bo`yicha 4 yil muddatli shartnoma imzolandi.
Ushbu shartnoma avtomobil shinalari sifati va korxonaning tizimli faoliyati bo`yicha 30 qismdan iborat AQShning General Motors korporasiyasi tomonidan o`rnatilgan BIQS talablari asosida “UzautoMotors” AJ tomonidan ishlab chiqarilayotgan avtomobillar uchun shinilar etkazib berishni ta`minlaydi.
Hozirda korxona Xitoyning LingLong kompaniyasining texnik ko`magi ostida mazkur talablarni bajarish bo`yicha ishlarni yakuniga etish arafasida turibdi va joriy yilning sentyabridan boshlab Damas avtomobillari uchun yil yakuniga qadar 60 ming dona avtomobil shinalarini etkazib beriladi. 2023 yilga kelib esa “UzautoMotors” AJga 7 turdagi 37,4 mln. dollar qiymatidagi 1,2 mln. dona avtomobil shinalari etkazib berish rejalashtirilgan.
2021 yilda korxona tomonidan umumiy qiymati 538,6 mlrd. so`m bo`lgan 1,6 mln. dona avtomobil shinalari, 30 ming dona qishloq xo`jaligi shinalari va 73,5 ming pogon metr konveyer lentalari ishlab chiqarilishi va shu bilan birgalikda jami 47 turdagi yangi turdagi xaridorgir mahsulotlarni ishlab chiqarishga o`zlashtirish rejalashtirilgan bo`lib, ishlab chiqarish quvvatlarini o`zlashtirish rejasi 40%ga etkaziladi.
2021 yilda qiymati 581 ming dollarlik mahsulotlar eksporti rejalashtirilgan bo`lib, hozirda AVTOVAZ (Rossiya Federasiyasi) kompaniyasidan 10 ming dona va Giant Motors (Azarbayjon) kompaniyasidan 76 ming dona avtomobil shinalari uchun buyurtma kelib tushgan.
Shu o`rinda mahsulotlarning sifati to`g`risida ham to`xtalib o`tsak.
Korxonada ishlab chiqarilayotgan barcha mahsulotlarning sifati kafolatlangan bo`lib, ushbu mahsulotlar o`rnatilgan tartibda sertifikatlashtirilgan. Korxonada xom-ashyo va materiallarning qabul qilinishidan boshlab, ishlab chiqarishning barcha bosqichlarida mahsulotlarning sifati xalqaro standartlar (ASTM, ISO va GOST) talablari asosida qat`iy nazoratga olingan. Tayyor mahsulotlarning barchasi eng zamonaviy uskuna va jihozlar bilan ta`minlangan xalqaro ISO 17025 standarti talablari asosida akkreditasiyadan o`tgan sinov laboratoriyasida tegishli sinovlardan o`tkazilgandan so`ng sotuvga chiqariladi.
Shuningdek, korxonada ISO 9001, IATF 16949, ECE 30, ECE 54, ECE 106, ECE 117 xalqaro standartlar talablari to`liq joriy qilingan.
Korxonada ishlab chiqarilayotgan avtomobil shinalari respublika hududiga import qilinayotgan aksariyat mahsulotlardan sifat ko`rsatkichlari bo`yicha yuqori bo`la turib, narx jihatidan ularga nisbatan arzon. Misol uchun, “Bars” brendi ostida ishlab chiqarilayotgan ommabop 195/60R15 o`lchamli avtomobil shinasi narxi 31 dollarni tashkil etsa, huddi shunday o`lchamli va sifat ko`rsatkichli Koreyada ishlab chiqarilganlari 45 dollar, Evropa mamlakatlarida ishlab chiqarilganlari 35-45 dollar, Rossiyada ishlab chiqarilganlari 33 dollar va sifat ko`rsatkichlari past bo`lgan Xitoyniki 32 dollarni tashkil etadi.
Bugungi kunda korxona 837 nafar mahalliy aholini doimiy ish bilan ta`minladi, 35 mlrd. so`m miqdorida davlat byudjetiga soliq to`ladi, sanoat tarmoqlari ehtiyojlari uchun zarur bo`lgan birgina konveyer lentalar importini 10 mln. dollarga qisqartirishga erishdi hamda eksport hisobidan 288,6 ming dollar valyuta tushumi ta`minlandi. Davlat kafilligi asosida olingan kredit mablag`lari ham o`z vaqtida to`lab borilmoqda.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, nafaqat respublikada, balki O`rta Osiyoda hududida yagona bo`lgan ushbu korxona faoliyati va ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar sifati to`g`risida ommaviy axborot vositalarida korxonaning ishchanlik obro`siga putur etkazuvchi va yaratilgan milliy mahsulot brendiga salbiy ta`sir ko`rsatuvchi, mahsulotlarning sifati bilan bog`liq tasdiqlanmagan ma`lumotlar tarqatishdan avval ushbu korxonaga tashrif buyurgan holda ishlab chiqarish jarayonlari, mahsulotlar sifati va amalga oshirilayotgan boshqa ishlar bilan bevosita tanishish tavsiya etiladi", - deyilgan Jamiyat Matbuot xizmati xabarida.