Bugun, 9 oktyabr kuni O‘zbekiston va Tojikiston Prezidentlari ikki tomonlama munosabatlarning dolzarb masalalarini ko‘rib chiqdilar. Bu haqda davlat rahbari matbuot kotibi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Dushanbe shahrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmonning uchrashuvi bo‘lib o‘tgan.
Suhbat avvalida O‘zbekiston yetakchisi Tojikiston Prezidentini Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligiga raisligi samarali bo‘lgani bilan samimiy tabrikladi hamda "Markaziy Osiyo - Rossiya" formatidagi bo‘lajak uchrashuv va MDH sammiti muvaffaqiyatli o‘tishini tilagan.
O‘zbekiston bilan Tojikiston o‘rtasidagi do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada kengaytirish va mustahkamlashning dolzarb masalalari ko‘rib chiqilgan.
Ikki tomonlama hamkorlik ijobiy sur’at bilan rivojlanib borayotgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi. Tovar ayirboshlash va yuk tashish hajmi, aviaqatnovlar soni ortib bormoqda.
O‘zaro savdoni ko‘paytirish, sanoat, energetika, qishloq xo‘jaligi va boshqa ustuvor yo‘nalishlarda kooperatsiya loyihalarini ilgari surish bo‘yicha muvofiqlashtirilgan chora-tadbirlarni qabul qilishga alohida e’tibor qaratilgan.
Faol madaniy-gumanitar almashinuv va sermahsul hududlararo aloqalarni davom ettirish muhimligi qayd etilgan.
Xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik asosiy masalalar, shu jumladan joriy yil noyabr oyida Toshkent shahrida o‘tkaziladigan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuviga tayyorgarlik ko‘rish yuzasidan batafsil fikr almashilgan.