1

O`zbekistonda travmatizm darajasi ortmoqda

Salomatlik 16.05.2021, 12:58
O`zbekistonda travmatizm darajasi ortmoqda

Mutaxassislarning fikricha, dunyo travmatizmi (kishilarda sodir bo`ladigan travmalar)da oxirgi yillar ko`tarilish tendensiyasi kuzatilmoqda. Mamlakatimizda ham intensiv ko`rsatkichlar bo`yicha travmatizm darajasi ortmoqda. Bu haqda Sog`liqni saqlash vazirligi  Matbuot xizmati ma`lum qildi.

Xususan, 2013 yilda har 100 ming aholiga 3 ming 160 ta shikastlanish ro`yxatdan o`tgan bo`lsa, 2019 yil yakuni bo`yicha bu ko`rsatkich 3 ming 184 tani tashkil etdi. Ta`kidlash lozimki, travmatizm holatlari bo`yicha aholi zich va asosan yirik shaharlarda, texnologik rivojlangan hududlarda yuqori ko`rsatkichlar qayd etiladi. Misol uchun, yurtimizda bu boradagi eng yuqori ko`rsatkich Toshkent shahri, Buxoro, Namangan va Xorazm viloyatlari hissasiga to`g`ri kelmoqda. Shunday bo`lsada, mamlakatimizdagi umumiy holat MDH mamlakatlaridagi ko`rsatkichlardan sezilarli darajada past ekani e`tiborga molik.

Kattalar  o`rtasida kuzatilayotgan ortopedik kasalliklar tahlili shuni ko`rsatmoqdaki, so`nggi yillarda yirik bo`g`imlar artrozlari, umurtqa pog`onasi osteoxondrozi va uning oqibatlari eng ko`p qayd etilmoqda. Son suyagining tug`ma chiqishi, tug`ma bo`yin qiyshiqligi va tug`ma maymoqlik esa bolalarda uchrovchi tug`ma nuqsonlarning katta ulushiga to`g`ri keladi.

Bolalarda eng ko`p uchraydigan ortopedik kasalliklarining respublika bo`yicha hisobga olinganlari quyidagilarni tashkil qiladi:

– son suyaklari tug`ma displaziyasi va tug`ma chiqishi – 4721 ta;

– tug`ma bo`yin qiyshiqligi – 1478 ta;

– tug`ma maymoqlik – 1570 ta;

– skolioz – 1056 ta;

– ko`krak qafasi deformasiyasi – 1210 ta.

Shuningdek, orttirilgan patologiyalardan oyoq panjalarining statik deformasiyalari va tizzalar deformasiyalari eng ko`p uchramoqda.

Ta`kidlanishicha, ayni paytda Respublika ixtisoslashtirilgan travmatologiya va ortopediya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi xodimlari tomonidan ortopedik kasalliklarning yagona reestrini shakllantirish bo`yicha ishlar olib borilyapti.

 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1