AsosiySOG'LIK

Jaziramada bolalar va keksalarni qanday asrash kerak?

Shifokor muhim tavsiyalar berdi.

'Jaziramada bolalar va keksalarni qanday asrash kerak?'ning rasmi

Yoz faslida havo haroratining keskin ko‘tarilishi inson salomatligi uchun jiddiy xavf tug‘dirishi mumkin. Ayniqsa, bolalar, keksa yoshdagilar hamda surunkali kasalliklari bor shaxslar jazira ta’siriga nisbatan ko‘proq moyil bo‘ladi. Bu haqda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi xabar berdi.

Tibbiyot fanlari nomzodi Aqida Nosirovaning ta’kidlashicha, havo harorati yuqori bo‘lgan kunlarda organizm o‘zini asosan terlash va teri orqali qon aylanishini kuchaytirish hisobiga sovutadi. Biroq havo harorati haddan tashqari oshganda bu mexanizmlar samarasiz ishlay boshlaydi. Natijada organizm qizib ketib, issiqlikdan charchash yoki hayot uchun xavfli bo‘lgan issiq urishi yuz berishi mumkin.

Mutaxassis kunning eng xavfli davri soat 11:00 dan 17:00 gacha ekanini ta’kidlab, bu vaqtda imkoni boricha ochiq havoda yurmaslikni tavsiya qildi. Shuningdek, och rangli, paxta matodan tikilgan, keng va havo yaxshi o‘tkazadigan kiyimlar kiyish, bosh kiyimdan foydalanish ham muhimligi qayd etildi. Bolalarning jismoniy mashg‘ulotlari va o‘yinlarini ertalab soat 10:00 gacha yoki kechqurun tashkil etish maqsadga muvofiq.

Shifokorning so‘zlariga ko‘ra, bolalarga chanqashni kutmasdan muntazam suv berish, har 20–30 daqiqada oz-ozdan suyuqlik ichirish hamda shirin gazli ichimliklarni cheklash lozim.

Keksa yoshdagilarda esa chanqash hissi pasayadi, terlash kamayadi va yurakka tushadigan yuklama ortadi. Shu bois ularga kun davomida muntazam suv ichish, xona haroratini 24–26 daraja atrofida saqlash, konditsioner yoki ventilyatordan foydalanish hamda og‘ir jismoniy mehnatdan voz kechish tavsiya etilgan.

Ovqatlanishda tarvuz, qovun, bodring, pomidor, ko‘katlar, turli mevalar, qatiq, ayron va sabzavotli taomlarni ko‘proq iste’mol qilish maqsadga muvofiq. Yog‘li go‘sht, qovurilgan taomlar, juda sho‘r mahsulotlar va shirin gazli ichimliklarni esa cheklash kerak.

Mutaxassisning aytishicha, sog‘lom katta yoshli inson bir kunda o‘rtacha 2–3 litr suyuqlik iste’mol qilishi lozim. Jismoniy mehnat yoki havo harorati yuqori bo‘lgan sharoitda bu ehtiyoj yanada ortadi. Biroq buyrak yoki yurak yetishmovchiligi bo‘lgan bemorlar suyuqlik miqdorini davolovchi shifokor tavsiyasiga muvofiq belgilashi zarur.

Issiq urishining dastlabki belgilariga kuchli chanqash, charchoq, bosh og‘rig‘i, bosh aylanishi, ko‘ngil aynishi va kuchli terlash kiradi. Og‘ir holatlarda esa tana harorati 40 darajadan oshib ketishi, hushning buzilishi, tirishish va yurak urishining tezlashishi kuzatiladi. Terining qizarishi va juda issiq bo‘lib qolishi esa hayot uchun xavfli belgi hisoblanadi.

Bunday vaziyatda jabrlanuvchini zudlik bilan soyaga yoki salqin xonaga olib kirish, kiyimlarini bo‘shatish, nam sovuq sochiq bilan tanasini sovutish, ventilyator yordamida havo berish hamda hushi joyida bo‘lsa, oz-ozdan suv ichirish tavsiya etiladi. Agar hushidan ketgan, tirishish kuzatilgan yoki ahvoli og‘ir bo‘lsa, darhol 103 xizmatiga murojaat qilish lozim.

Shu bilan birga, issiq urgan odamni to‘satdan muzdek suvga tushirish, hushsiz odamga suv ichirish, spirtli ichimlik berish, og‘ir jismoniy mashqlarni davom ettirish va bolani yopiq avtomobilda qoldirish mutlaqo mumkin emasligi ta’kidlandi.

Mutaxassislar jazira kunlarida yetarli miqdorda suv ichish, kunning eng issiq soatlarida ochiq quyosh ostida bo‘lmaslik, yengil va och rangli kiyim kiyish, jismoniy faollikni ertalab yoki kechqurunga ko‘chirish hamda bolalar, keksalar va surunkali kasalligi bor shaxslarni alohida nazorat qilishni tavsiya etmoqda.

    Boshqa yangiliklar