Adliya vazirligi O`zbekiston Funsional ko`pkurash federasiyasini jamoatchilik tashkiloti sifatida davlat ro`yxatidan o`tkazdi.
Funsional ko`pkurash qanday sport turi?
Funsional ko`pkurash – bu ko`p energiya talab qiluvchi, ko`p bo`g`imli harakatlardan foydalanadigan sport turi bo`lib, u erkin og`irlikdagi mashqlar, shaxsiy tana og`irligi bilan mashqlar, siklik (kardio) mashqlardan foydalangan holda maxsus tuzilgan komplekslar to`plamlarini birlashtirib, bir vaqt davomida uzluksiz bajarishlarni o`z ichiga oladi.
Ushbu sport turining asosiy vazifasi – tananing turli tizimlarini jadal rivojlantirish va umumiy sog`likni mustahkamlashdan iborat. Kombinasiyalashgan mashqlar ishtirokchilarni chiniqtirish, ularni chidamlilik darajasini oshirish, jismoniy imkoniyatlarini har qanday yuklamaga moslashtirishdan iborat.
Mashqlar komplekslarini ishlab chiqishning asosi – bu ko`p funsionallik tamoyilidir. Bu esa tananing barcha funksiyalarini raqobat yo`li bilan ishlatish va jismoniy jihatdan eng yaxshi tayyorlangan sportchilarni aniqlash imkonini beradi.
Federasiya faoliyatini tashkil etish to`g`risida
Respublikada oxirgi yillarda jismoniy tarbiya va sportni ommalashtirish, aholi o`rtasida sog`lom turmush tarzini targ`ib qilish, imkoniyatlari cheklangan shaxslarning jismoniy reabilitasiyasi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish hamda mamlakatning xalqaro sport maydonlarida munosib ishtirok etishini ta`minlash borasida izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Mamlakatimizda sportni rivojlantirish doirasida qator ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar amalga oshirilmoqda. Xususan, sportning turli va yangi turlari bo`yicha federasiyalar ochilmoqda. Funsional ko`pkurash federasiyasi ham shular qatorida.
Federasiya faoliyatini tashkil etish bo`yicha asosiy hujjatlar (Nizom va majlis qarori) ishlab chiqildi, federasiya rahbariyatining tarkibi tasdiqlandi va ularning vazifalari belgilandi. Milliy gvardiya Qo`mondoni o`rinbosari M.G`aniev federasiya prezidenti, Ichki ishlar vaziri o`rinbosari B.Abdullaev hamda Milliy gvardiya harbiy xizmatchisi L.Rahmatullaeva esa vise-prezidentlari etib tayinlandi.