24-27-noyabr kunlari Jizzax shahridagi “So`g`diyona” sport majmuasida O`zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun belbog`li kurash bo`yicha ilk marotaba 2001-2003-yillarda tug`ilgan o`g`il bolalar va qizlar o`rtasida jahon chempionati bo`lib o`tadi.
O`zbekiston jahonning eng sara belbog`li kurashchilarini musobaqa gilamiga chorlaydi. To`rt kun mobaynida dunyo polvonlari belbog`li kurash qoidalari bo`yicha g`oliblik uchun bellashadi.
Jahon chempionatida o`g`il bolalar belbog`li kurash va erkin yo`nalishlarda
-52 kg, -62 kg, -68 kg, -75 kg, -82 kg, -90 kg, -100 kg hamda +100 kg vazn toifalarida, qizlar esa -48 kg, -52 kg, -58 kg, -66 kg, -76 kg hamda +76 kg vazn toifalarida kuch sinashadi.
O`zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun o`tkaziladigan Jahon chempionatida 1-o`rinni qo`lga kiritgan sportchi 10 million so`m, 2-o`rin sohibi 7 million so`m va 3-o`ringa sazovor bo`lgan sportchi 5 million so`m miqdorida pul mukofotiga ega bo`lishadi.
Belbog`li kurash bo`yicha jahon chempionati Turizm va sport vazirligi, O`zbekiston Milliy olimpiya qo`mitasi, Jizzax viloyati hokimligi, Jahon belbog`li kurash assosiasiyasi (JBKA), Xalqaro belbog`li kurash federasiyasi (IBWA), O`zbekiston belbog`li kurash federasiyasi hamda qator vazirlik va tashkilotlar ko`magida o`tkaziladi.
Prezidenti sovrini uchun 2001-2003-yillarda tug`ilgan o`smirlar va qizlar o`rtasidagi jahon chempionatida dunyoning 30 dan ortiq davlatidan terma jamoalar ishtirok etishi kutilmoqda.
Ayni paytda Jizzax shahrida jahon chempionatini munosib tarzda tashkil etish uchun qizg`in tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda.