AsosiySiyosat

Shavkat Mirziyoev Qozog`istondagi voqealarga munosabat bildirdi

'Shavkat Mirziyoev Qozog`istondagi voqealarga munosabat bildirdi'ning rasmi

Prezident Shavkat Mirziyoev ayni paytda davom etayotgan Xavfsizlik kengashining kengaytirilgan yig`ilishida Qozog`istondagi voqealarga munosabat bildirdi. Bu haqda Prezident Matbuot xizmati xabar bermoqda. 

"So`nggi kunlarda biz uchun yaqin qo`shni va qardosh bo`lgan Qozog`iston Respublikasida sodir bo`lgan voqealar hammamizni jiddiy tashvishga soldi.

Biz ming yillar davomida qozoq xalqi bilan yaqin qo`shni bo`lib, birgalikda yonma-yon yashab kelganmiz. Bizni umumiy tarix, urf-odat va madaniyat bog`lab turadi. Kelajagimiz ham o`zaro chambarchas bog`liqdir.

Shu kunlarda men Qozog`iston Prezidenti Qasim-Jomart Toqaev bilan bir necha bor telefon orqali muloqot qildim. O`zbekiston xalqi nomidan butun Qozog`iston eli va rahbariga barqarorlik hamda farovonlikni ta`minlash borasidagi barcha sa`y-harakatlarini qat`iy qo`llab-quvvatlashimizni bildirdim.

Fursatdan foydalanib, ushbu voqealarda qurbon bo`lganlarning oila a`zolari va barcha yaqinlariga yana bir bor chuqur ta`ziya va hamdardlik izhor qilaman. Jabrlangan insonlar ham tez orada sog`ayib ketishiga tilakdoshman.

Yaratganga shukrki, qo`shni mamlakatdagi vaziyat asta-sekin o`z iziga tushib bormoqda, davlat tuzilmalari va ijtimoiy muassasalar o`z faoliyatini qayta tiklamoqda, odamlar osoyishta hayotga qaytmoqda.

O`z o`tmishida ko`plab murakkab sinovlarni boshidan kechirgan donishmand qozoq xalqi bu og`ir kunlarni ham tez orada mardona engib o`tishiga hamda yanada yakdil va hamjihat bo`lishiga ishonaman", dedi davlatimiz rahbari.

    Boshqa yangiliklar