O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 6 iyul kuni Turkiy davlatlar tashkilotining norasmiy sammiti doirasida Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban bilan uchrashuv o`tkazdi.
O`zbekiston-Vengriya ko`p qirrali munosabatlarining dolzarb masalalari ko`rib chiqildi.
Mamlakatlarimiz o`rtasidagi strategik sheriklik va amaliy hamkorlik izchil rivojlanib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Barcha darajalarda faol muloqotlar davom etmoqda. May oyida Toshkent shahrida Hukumatlararo komissiya yig`ilishi va biznes forumi samarali o`tkazildi.
Keyingi yillarda tovar ayirboshlash hajmi qariyb ikki barobar oshdi, qo`shma loyiha va korxonalar soni ko`paymoqda, 30 iyundan Toshkent va Budapesht o`rtasida to`g`ridan-to`g`ri aviaqatnovlar tiklandi.
Sanoat, farmasevtika, qishloq xo`jaligi, logistika, qurilish va boshqa yo`nalishlarda kooperasiya loyihalarini amalga oshirishni jadallashtirishga alohida e`tibor qaratildi.
Investisiya loyihalarining yangi portfelini tayyorlash va joriy yil yakuniga qadar Qo`qon shahrida Hududlar forumini o`tkazish muhimligi ta`kidlandi.
Ta`lim, madaniyat va sport sohalaridagi hamkorlik faollashdi. Ikki mamlakat xalqlarini yaqinlashtirishga qaratilgan madaniy tadbirlarni o`tkazish zarurligi ta`kidlandi.
Turkiy davlatlar tashkiloti va Evropa Ittifoqi doirasidagi hamkorlikning dolzarb masalalari yuzasidan ham fikr almashildi.