Prezident Shavkat Mirziyoev raisligida mahallabay ishlashning yangi tizimini yo`lga qo`yish va aholi bandligini ta`minlash bo`yicha joriy yildagi ustuvor vazifalarga bag`ishlangan videoselektor yig`ilishi boshlandi.
Davlatimiz rahbari faol islohotlar, tadbirkorlikni rivojlantirish va mahallabay ishlash boshlangani natijasida, o`tgan yili yalpi ichki mahsulot 7,4 foizga o`sganini qayd etdi.
Hududlarda 100 mingta yangi tadbirkor ish boshladi. O`zini o`zi band qilganlar soni 700 mingga ko`payib, 1,2 millionga etdi.
“Mahallabay” ishlash tizimi orqali “temir daftar”dagi 583 ming ehtiyojmand oila doimiy daromad bilan ta`minlandi.
"2022 yilni “Inson qadrini ulug`lash va faol mahalla yili” deb e`lon qildik. Shu bois, bu yil barcha mahallalarda tub o`zgarishlar yili bo`lishi kerak", dedi Prezident.






