1

Dunyoda olti oygacha bo`lgan atigi 44 foiz chaqaloq ona suti bilan parvarishlanmoqda — JSST

Salomatlik 14.03.2022, 12:04
Dunyoda olti oygacha bo`lgan atigi 44 foiz chaqaloq ona suti bilan parvarishlanmoqda — JSST

JSST ma`lumotlariga ko`ra, hozir dunyo bo`yicha olti oygacha bo`lgan bolalarning atigi 44 foizigina ona suti bilan oziqlanmoqda. Bu haqda SSV Matbuot xizmati xabar bermoqda

Ma`lum qilinishicha, so`nggi yigirma yil ichida ko`krak suti o`rnini bosuvchi sun`iy mahsulotlarni sotish ko`lami esa taxminan ikki baravar ko`paygan.

Xo`sh, buning sababi nimada?

Asosiy muammo dunyoda chaqaloqlar uchun mo`ljallangan sun`iy sut mahsulotlari reklama va marketingiga zo`r berilayotganida, deydi ekspertlar.

Masalan, “farzandingiz uchun bundan mukammalroq tarkibdagi ozuqani topa olmaysiz” mazmunidagi e`lonlar tufayli bir guruh ota-onalar bolasini ko`krak suti bilan emizishdan voz kechmoqda.

Jahon sog`liqni saqlash tashkiloti va YuNICEF hamkorligida tayyorlagan qo`shma hisobotda dunyoning sakkiz mamlakatida yashovchi 8500 nafar homilador hamda emizikli ayol va 300 nafar tibbiyot xodimi o`rtasida o`tkazilgan o`rganishlar natijalari e`lon qilindi.  

Unga ko`ra, bunday sun`iy ozuqalarni ishlab chiqaruvchilar o`z tijoriy manfaatlarini ko`zlab OAV va ijtimoiy tarmoqlarga jozibador reklamalar berish bilan cheklanib qolayotgani yo`q. Balki shifokorlarni ham moddiy manfaatdorlik yo`lida manipulyasiya qilishyapti.  

Misol uchun, so`rovda qatnashganlarning uchdan bir qismi ona suti o`rnini bosuvchi mahsulotlar tibbiyot mutaxassislari tomonidan tavsiya etilganini ma`lum qilishdi.  

“Chaqaloqlarni ona suti bilan parvarishlash bolaning sog`lom va durkun o`sishini ta`minlabgina qolmay, uning kelgusida turli kasalliklarga chalinish xavfini kamaytiradi”, — deyiladi qo`shma hisobotda.  

Shu bois JSST bolalarni olti oylik bo`lguniga qadar faqat ona suti bilan parvarishlashni, ikki yoshga to`lgunicha esa emizishni to`xtatmagan holda qo`shimcha ovqatlar bilan oziqlantirishni tavsiya qiladi.

Eslatib o`tamiz: 2019 yil 23 oktyabrda qabul qilingan “Ona suti bilan oziqlantirishni qo`llab-quvvatlash hamda go`daklar va kichik yoshdagi bolalar oziq-ovqat mahsulotlariga doir talablar to`g`risida”gi O`zbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq, mamlakatimizda ona suti o`rnini bosuvchi mahsulotlarni reklama qilish taqiqlangan.

 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1