Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Madaniyat va san`atni rivojlantirish jamg`armasi ko`magida Istanbul shahrida “Lazgi - muhabbat va qalb raqsi” balet-spektaklining premerasi tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Ma`lumki, 2019 yil 12 dekabr kuni YuNESKOning Nomoddiy madaniy merosni himoya qilish bo`yicha Hukumatlararo qo`mitasi “Xorazm raqsi – lazgi”ni Insoniyat nomoddiy madaniy merosi reprezentativ ro`yxatiga kiritdi. Xorazm zaminida tug`ilgan “Lazgi” raqsi insoniyat ijodkorligini o`zida mujassam etib, harakat orqali atrofdagi tabiat tovushlari va hodisalarini, sevgi va baxt tuyg`ularini aks ettiradi. “Lazgi” raqsi xalq o`zini namoyon qilishining asosiy shakllaridan biri bo`lib, raqs ijrosining yangi turlarini yaratish orqali avloddan-avlodga o`tib kelmoqda.
Istanbuldagi Otaturk madaniyat markazida Turkiyadagi san`at va madaniyat oshuftalari e`tiboriga taqdim etilgan balet spektaklining premerasi o`zligini sog`ingan Istanbuldagi diasporamiz, san`atga tashna turk qardoshlarimiz hamda Turkiyadagi diplomatik korpus vakillarida benihoya chuqur taassurot qoldirdi.
“Bugungi lazgi konserti haqiqatan ham juda go`zal edi. Biz Turkiyada yashayotgan o`zbek diasporasi vakillari chin dildan xursand bo`ldik. Istanbuldagi o`zbeklarimizning Ijtimoiy-madaniy hamjihatlik uyushmasi vakillari o`laroq biz bugungi tadbirda qatnashdik. Bugungi spektakl lazgining tarixiy xususiyatlarini namoyish qilish barobarida, zamonaviy san`at bilan uyg`un holatda taqdim etildi”, deydi Istanbuldagi o`zbek diasporasi vakili Cho`qay Ko`char.
Qayd etish joiz, “Lazgi – muhabbat va qalb raqsi” Turkiya ommaviy axborot vositalarining diqqat markazida bo`ldi. Jumladan, mamlakatdagi etakchi Sabah, Hürriyet, Posta, Aydınlık kabi gazetalarda lazgi san`ati haqida ma`lumotlar berildi, Turkiyaning TRT kanallari festivalni keng yoritdi. Binobarin, Madaniyat va san`atni rivojlantirish jamg`armasi tomonidan yuritilayotgan bu kabi loyihalar xorijda, xususan, Turkiya kabi biz bilan umumiy rishtalarga ega davlatlarda o`zbek elining benazir tarixi, yuksak madaniyati, bag`rikeng milliy xarakteri va o`ziga xos turmush tarzini targ`ib va tashviq qilishda katta hissa qo`shmoqda.
Joriy yilning 28-29 iyun kunlari Bursadagi Merinos Kongress va madaniyat markazi sahnalarida “Lazgi – muhabbat va qalb raqsi” balet spektakli yana bir bor ixlosmandlar e`tiboriga havola etiladi.