1

Pandemiya sabab qoldirilgan “V Islom Birdamlik O`yinlari”ning qachon o`tkazilishi ma`lum qilindi

Sport 24.06.2022, 15:55
Teglar: Konya
Pandemiya sabab qoldirilgan “V Islom Birdamlik O`yinlari”ning qachon o`tkazilishi ma`lum qilindi

Avvalroq, 2021 yilning 20-29 avgust kunlari bo`lib o`tishi rejalashtirilgan, lekin dunyo mamlakatlaridagi COVID-19 pandemiyasi bilan bog`liq vaziyat tufayli boshqa bir muddatga ko`chirilgan mazkur musobaqa, joriy yilning 9-18 avgust kunlari Turkiyaning Konya shahrida o`tkaziladi.

Bu yil beshinchi bor o`tkaziladigan Islom birdamlik o`yinlarida dunyoning 57 davlatidan 3000 ga yaqin sportchining ishtirok etishi kutilmoqda.

Islom birdamlik sport federasiyasi ISSF) hamkorlik tashkiliy qo`mitasi Islom birdamlik o`yinlarining ushbu musobaqasining 21 sport turining 24 yo`nalishi bo`yicha o`tkazilishini ma`lum qildi.

Mazkur musobaqadan o`rin olgan sport turlari orasida engil atletika, basketbol (3x3), velosiped poygasi, trek velosipedi, qilichbozlik, futbol, kurash, og`ir atletika, gandbol, gimnastika, akrobatik gimnastika, badiiy gimnastika, dzyudo, karate, kikboksing, stol tennisi, kamondan otish, taekvondo, voleybol va suzish turlari bilan bir qatorda engil atletika, dzyudo, suzish va og`ir atletika kabi nogironlar uchun sport musobaqalari ham o`rin olgan.

Boshqa davlatlar qatori O`zbekiston sportchilarining ham Konyada bo`lib o`tadigan bahslarda munosib ishtirok etishi kutilmoqda. Bu borada O`zbekiston Sportni rivojlantirish vazirligi, Milliy Olimpiya qo`mitasi hamda sport federasiyalari hamkorligida tayyorgarlik dasturi ishlab chiqilgan hamda o`quv-yig`in mashg`ulotlarining rejasi tasdiqlangan.

O`zbekiston Sportni rivojlantirish vazirligi ma`lumotiga ko`ra, V Islom birdamlik o`yinlarida O`zbekiston delegasiyasining 23 sport yo`nalishi bo`yicha 270 ga yaqin sportchi bilan qatnashishi rejalashtirilmoqda.

Bo`lajak o`yinlarda O`zbekistonning gandbol va 3x3 basketbol ayollar jamoalarining medallar uchun kurash olib borishi kutilmoqda.

Ilk Islom birdamlik o`yinlari 2005 yil 8-20 aprel kunlari Saudiya Arabistonining Makka shahrida bo`lib o`tgan bo`lib, unda 55 davlatdan 6000 ga yaqin sportchi ishtirok etgan.

2010 yilda Eronda o`tkazilishi rejalashtirilgan ikkinchi o`yinlar Eron bilan kelishmovchiliklar tufayli bekor qilindi. Uchinchi Islom birdamlik o`yinlari 2013 yilda Indoneziyada, to`rtinchi o`yinlar esa 2017 yilda Bokuda o`tkazildi.

Tafakkur olamining buyuklaridan biri bo`lgan Jaloliddin Rumiy yashab o`tgan Konya shahrida bo`ladigan V Islom birdamlik o`yinlari bellashuvlariga qur`a tashlash marosimi joriy yilning 3 iyulida bo`lib o`tadi.

 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1