1

Ayni jazirama kunlarda qanday taomlanish lozim? Mutaxassis javob berdi

Salomatlik 28.06.2022, 13:32
Ayni jazirama kunlarda qanday taomlanish lozim? Mutaxassis javob berdi

Shu kunlarda yurtimiz bo`ylab yuqori havo harorati kuzatilmoqda. Tabiiyki, bunday jazirama iqlimda organizm lohas bo`lib, ko`pchilikning ishtahasi pasayadi. Biroq issiq ob-havo bir necha kun yoki haftalar davom etishini inobatga olsak, taomlanmaslik salomatlikka zarar etkazishi hech gap emas. Xo`sh, shunday ekan, saraton kunlarida qanday ovqatlanish kerak? Kunlik taomnomada qanday eguliklar bo`lishi maqsadga muvofiq?

SSV Matbuot xizmati ushbu mavzu yuzasidan Toshkent tibbiyot akademiyasi Ovqatlanish gigienasi va bolalar, o`smirlar gigienasi kafedrasi professori Guli Shayxovaga murojaat qildi.

— Jazirama havoda ko`pincha inson organizmida suv-tuz almashinuvining buzilishi, terlashning kuchayishi, buning natijasida muhim vitaminlar va minerallarning yo`qotilishi kuzatiladi, — deydi shifokor.  

— Albatta bunday sharoitda to`g`ri ovqatlanish nafaqat tanani issiqdan sovutishga, balki uni suv va foydali mikroelementlar bilan to`yintirishga ham katta yordam beradi. Ya`ni, suvsizlanish, oftob urishi va boshqa ko`ngilsiz holatlarning oldini oladi.

Shu bois yoz kunlari ko`proq taomnomaga ho`l mevalar va xom holatdagi sabzavot hamda ulardan tayyorlangan salatlarni kiritish lozim. Chunki bu mahsulotlarning ko`pchiligi chanqoqni qondiradi hamda organizmni kerakli mineral moddalar va vitaminlar bilan to`yintiradi. Lekin ularning kaloriyasi kam va kuni bilan sarf qilingan quvvatning o`rnini bosa olmaydi. Organizmga esa doimiy oqsil moddalari zarur.

Buning uchun go`sht va uning o`rnini bosuvchi ba`zi (dukkakli) mahsulotlarni iste`mol qilish maqsadga muvofiq. Biroq, qovurilgan, yog`li mahsulotlarning hazm bo`lishi ancha qiyin ekani sababli qaynatilgan va umuman engil hazm bo`ladigan go`shtli taomlarni eyish tavsiya qilinadi. Xususan, issiq kunlarda mastava, qaynatma sho`rva (yog`siz), manpar va shunga o`xshash engil hazm bo`luvchi taomlarni eyish kerak.

Shuningdek, yoz faslida ovqatlanish vaqtini biroz o`zgartirish tavsiya qilinadi. Demak, ertalabki nonushta soat 7:00 da qilinishi, unda oqsil, yog` va uglevodga boy va yuqori kaloriyali mahsulotlar (tvorog, qaymoq, sutli choy, meva, sabzavot, suvda pishirilgan go`sht va shunga o`xshash mahsulotlar) bo`lishi va bu jami kunlik rasionning 35 foizini tashkil etishi lozim. Tushlikda engil hazm bo`luvchi birinchi taom, ya`ni moshxo`rda, mastava, manpar, suvda yoki bug`da tayyorlangan kotletlardan iborat bo`lsa, nur ustiga a`lo nur.

Dasturxonimizda, albatta, sabzavot va mevalar, ulardan tayyorlangan salatlar, bodring, pomidor, piyoz, ko`k piyoz, ko`katlar bo`lishi kerak. Ho`l mevalardan tayyorlangan sharbatlar tarkibida esa shakar imkon qadar umuman bo`lmasligi lozim.  

Yozning issiq kunlarida sho`r baliq, dudlangan go`sht, konserva, tuzli mahsulotlarni iste`mol qilish umuman tavsiya etilmaydi. Chunki ular chanqash holatini yanada kuchaytiradi.

Qolaversa, yog`li go`sht, achchiq eguliklarni taomnomadan chiqarib tashlash maqsadga muvofiq. Chunki ular tanada issiqlik ishlab chiqarishni yanada kuchaytirib, hazmi qiyin. Bu esa organizmning issiqlik bilan kurashish va metabolik jarayonlarni tartibga solish o`rniga, hazm uchun energiya sarflashiga olib keladi.

Kechki taomlar ham juda engil hazm bo`ladigan suyuq ovqatlardan iborat bo`lishi kerak. Buning uchun qatiq, kefir, olma, turli sabzavotlar va shunga o`xshash uglevodlarga boy bo`lmagan mahsulotlarni iste`mol qilish lozim.  

Qovun va tarvuz esa tushlik vaqtida eyilsa yaxshi bo`ladi. Chunki ular uglevodlarga boy va organizmga quvvat beradi. Ayniqsa, tarvuz chanqoqni bosadi.

 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1