Bugun Argentina va Xorvatiya final yo`llanmasi uchun maydonga tushadi. Ushbu "to`qnashuv" oldidan turli xabar va mishmishlar ko`p tarqalmoqda. Bu haqda Xorvatiya nashrlarida xabar berildi.
Xususan, Xorvatiyaning "Jutarnij List" nashri xabariga ko`ra Argentina terma jamoasi JCh—2022 yarim finali doirasida Xorvatiyaga qarshi kechadigan uchrashuvga "jirkanch reja" tuzib qo`ygan. Unda aytilishicha argentinalik futbolchilarga o`yin vaqtida raqibni provokasiya qilish topshirilgan. Bu haqda argentinalik futbolchi Evropadagi klubdoshlariga ma`lum qilgan. O`sha o`yinchi klubdoshlari bilan bo`lgan videosuhbatda Argentina "raqibni 60 daqiqa ichida sindirishi va g`alabani naqd qilishi" haqida aytgan.
Argentinaliklar Xorvatiyaning "asabi nozik" o`yinchilarini provokasiya qilish orqali 60 daqiqa ichida ikkita gol urish yoki raqib futbolchilaridan birining qizil kartochka olishini reja qilgan.
Janubiy Amerika terma jamoasining uch nafar vakili raqib futbolchilarini quyushqondan chiqarish bo`yicha "maxsus ko`rsatma" olgan.
Qayd etilishicha, Xorvatiya terma jamoasi bosh murabbiyi Zlatko Dalich bu borada ogohlantirilgan.
"Biz Argentina nima qilmoqchi ekanligini aniq ayta olmaymiz, biroq ular raqibni quyushqondan chiqarish va xato qilishga majburlashni istaganda o`zini qanday tutishini bilamiz. Bu taktikani Niderlandiyaga qarshi o`yinda ko`rdik. Ular g`alaba uchun barcha ishni qilishdan qo`rqmaydi. Hayron qoldiradigan narsa yo`q, ammo afsuski, kimdir Jahon Chempionati finaliga chiqish uchun jirkanch usuldan foydalanishga tayyor. Bunga qarshi chiqish va xotirjamlikni saqlash juda qiyin, biroq Xorvatiya konsentrasiyani yo`qotmasligi kerak. Xotirjamlikni saqlash va Argentinani maydonda mag`lub etish kerak. Eng yomon variant — taslim bo`lish va havaskorlar kabi yutqazish. Bunga yo`l qo`yib bo`lmaydi", — deya yoziladi "Jutarnij List" nashrida.