1

Markaziy bank asosiy stavkani yillik 15 foiz darajasida o`zgarishsiz qoldirdi

Iqtisodiyot 26.01.2023, 12:21
Markaziy bank asosiy stavkani yillik 15 foiz darajasida o`zgarishsiz qoldirdi

Markaziy bank Boshqaruvi bugun, 26 yanvarda asosiy stavkani yillik 15 foiz darajasida o`zgarishsiz qoldirish to`g`risidagi qaror qabul qildi. 

Ma`lum qilinishicha, asosiy stavkaning joriy darajasi iqtisodiyotda nisbatan qat`iy pul-kredit sharoitlarini saqlab qolish uchun etarli, deb baholanmoqda. Iqtisodiy vaziyatning rivojlanib borishi va fiskal siyosat xususiyatidan kelib chiqib, kelgusi choraklarda talab va taklifni muvozanatlashtirish uchun qo`shimcha choralar ko`rish zarurati yuzaga kelishi mumkin.

So`nggi choraklarda barqaror yuqori iqtisodiy o`sish dinamikasi kuzatilmoqda. Markazlashgan investisiyalarning muvozanatlashuvi sharoitida yalpi iste`molning o`sishi talabni shakllantiruvchi asosiy omillardan bo`ldi. 2022 yil yakuni bo`yicha YaIM o`sishi Markaziy bankning oktyabr oyidagi prognozlariga mos bo`lib, 5,7 foizni tashkil etdi.

Joriy yilda fiskal rag`batlantirishlarning nisbatan muvozanatlashuvi kutiliyotgan bo`lsa-da, o`tgan 3 yilda kuzatilgan yuqori fiskal defisitning yalpi talabni qo`llab-quvvatlovchi ta`sirlari saqlanib qolmoqda. Mehnat bozoridagi barqarorlikning saqlanib qolishi, mehnat haqi va transchegaraviy pul o`tkazmalarining yuqori hajmlari uzoq muddat foydalaniladigan tovarlar va ko`chmas mulklarga bo`lgan talabni o`sishiga va, o`z navbatida, ushbu bozorlarda narxlarni oshishiga olib kelmoqda.

2022 yil davomida iqtisodiyot tashqi sharoitlarning o`zgarishiga moslashib bordi. Tashqi iqtisodiy xatarlarning ta`siri qisqa muddatli va dastlabki baholashlarga nisbatan pastroq bo`lishi hisobiga eksport va transchegaraviy pul o`tkazmalardan valyuta tushumlarining o`sishi kuzatildi. Jahon bozorlaridagi narxlar dinamikasi bo`yicha ijobiy kutilmalar shakllangan bo`lsa-da, global iqtisodiy faollik va asosiy savdo hamkorlar iqtisodiyotlari o`sishi bo`yicha prognozlar pasayishining salbiy ta`siri bilan bog`liq yuqori noaniqlik va xatarlar saqlanib qolmoqda.

Makroiqtisodiy rivojlanishning prognozlariga ko`ra, I chorakda YaIM o`sishining ma`lum darajada sekinlashishi bo`yicha ehtimollik yuqori va 2023 yil yakunida iqtisodiyotning 4,5-5 foizga o`sishi va yillik inflyasiyaning 8,5-9,5 foiz doirasida shakllanishi prognoz qilinmoqda.

Markaziy bank Boshqaruvining asosiy stavkani ko`rib chiqish bo`yicha navbatdagi yig`ilishi 2023 yil 16 martga belgilangan.

Eslatib o`tamiz, bundan avval, 21 aprel kuni Markaziy bank asosiy stavkani yillik 17 foiz darajasida o`zgarishsiz qoldirish to`g`risida qaror qabul qilingan edi.  2022 yil 9 iyunda esa Markaziy bank asosiy stavkani 1 foizga tushirib, 16 foiz etib belgilagan. 21 iyulda esa 15 foiz qilib belgilangan8 sentyabrda, 27 oktyabrda va 15 dekabrda 15 foiz darajasida o`zgarishsiz qoldirilgan edi. 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1