Prezident Shavkat Mirziyoev 24 mart kuni davlat mulkini xususiylashtirish ishlarining ijrosi va bu borada joriy yilgi rejalar muhokamasi yuzasidan yig`ilish o`tkazdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, Xususiylashtirish – iqtisodiyotda davlat ishtirokini kamaytirib, mulkdorlar ko`payishiga yo`l ochadi. Shu maqsadda resbulikada bu sohada katta ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, o`tgan o`n yilda 1,2 trillion so`mlik davlat aktivlari sotilgan bo`lsa, 2022 yilning o`zida bu ko`rsatkich 11,3 trillion so`mga etdi. Ya`ni, so`nggi bir yilda o`n yil davomida qilingan ishlardan 10 karra ko`p natijaga erishildi.
Xususiylashgan mulklar samaradorligi ham oshmoqda. Misol uchun, uzoq yillar ishlamagan Andijon tajriba sinov zavodi negizida 18 million dollar investisiya hisobiga to`qimachilik korxonasi tashkil etilib, mingta ish o`rni yaratilgan, 40 million dollarlik mahsulot eksport qilingan. Qo`qon superfosfat zavodini xorijiy investor olib, 40 million dollar investisiya kiritgan, ishlab chiqarish hajmini 4 baravarga oshirgan. “Ipoteka bank” 324 million dollarga va “Koka-kola” kompaniyasidagi davlat ulushi 252 million dollarga sotilgani ham oxirgi yillardagi eng yirik bitimlar bo`ldi.
Bu boradagi ishlar hamma joyda ham bir maromda ketmayapti. Masalan, Toshkent viloyatida 112 ta ob`ekt sotilib, ularning negizida 150 ta tadbirkorlik sub`ekti va mingdan ziyod yangi ish o`rni paydo bo`lgan. Lekin Qoraqalpog`iston Respublikasi, Qashqadaryo, Namangan, Surxondaryo va Sirdaryoda o`tgan yili savdoga chiqarilgan mulklarning 30 foizi ham sotilmagan. Tarmoqlar kesimida aytganda, “O`zdonmahsulot” aksiyadorlik kompaniyasi tarkibidagi mulklarning xususiylashtirilishi sust.
Umuman, joriy yil boshida 30 mingdan ortiq davlat ob`ektida o`tkazilgan xatlov bu borada ishlar hali ko`pligini ko`rsatgan.
Shu bois bugun davlat rahbarining qarori bilan xususiylashtirish dasturi tasdiqlandi. Unda uchta yo`nalishda – aksiya, ko`chmas mulk va IPO bo`yicha xususiylashtirish rejalari belgilangan.
Birinchidan, 1 mingta korxonadagi davlat aksiya paketlari sotuvga chiqariladi.
Ikkinchidan, 1 mingta ko`chmas mulk ob`ektlari ommaviy savdolarga qo`yiladi. Ularda 600 gektar er va 1 million kvadrat metrli bino-inshootlar mavjud. Eng muhimi, infratuzilma bilan ta`minlangan va aholi punktlariga yaqin.
Ushbu ob`ektlarni sotishni tezlashtirish uchun mulklarni sotishga tayyorlash muddati hozirgi 80 kundan 48 kunga qisqartiriladi. 2 ming kvadrat metrgacha bo`lgan ob`ektlarni tadbirkorlarning murojaati asosida to`g`ridan-to`g`ri savdoga chiqarishga ruxsat beriladi.
Uchinchidan, 40 ta yirik korxona va banklardagi davlat ulushi “xalqchil IPO” orqali sotiladi. Jumladan, ilk bor Navoiy va Olmaliq kombinatlari, Metallurgiya kombinati, “O`ztelekom”, Milliy bank, Sanoatqurilishbank kabi yirik korxonalarning o`rtacha 2 foiz aksiyalari aholiga taklif etiladi. Bunda aholiga aksiyalarni to`g`ridan-to`g`ri sotib olish imkoniyati yaratiladi. Aksiyalari sotilgan korxonalar besh yil davomida sof foydasining kamida 30 foizi dividend to`lashga yo`naltiradi.
Hisob-kitoblarga ko`ra, mazkur dastur samarasida joriy yilda 13 trillion so`m tushum ta`minlanadi, 3 mingta yangi korxona tashkil etish va 50 mingta ish o`rni yaratish imkoniyati paydo bo`ladi.
Yig`ilishda ushbu vazifalar barcha hudud va tarmoqlar kesimida muhokama qilindi. Mutasaddilar dastur ijrosini ta`minlash bo`yicha hisobot berdi.
Xususiylashtiriladigan davlat mulklari imkoniyatini aholi va tadbirkorlar o`rtasida targ`ibot qilish, hujjatlarni rasmiylashtirishda ularga ko`maklashish muhimligi ta`kidlandi. Yirik davlat kompaniyalarini kapital bozoriga olib chiqish, investisiya loyihalari samaradorligini oshirish bo`yicha ko`rsatmalar berildi.