Afgʻonistondan Rossiyaga tranzit orqali olib oʻtilayotgan qariyb 13 kilogramm geroin Buxoro viloyatidagi “Olot” chegara-bojxona postida aniqlandi. Bu haqda Bojxona qoʻmitasi xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, joriy yilning 30 may kuni Afgʻonistondan Rossiya Federatsiyasiga yoʻl olgan yuk avtomobili bojxona nazoratidan oʻtkazilgan. Inspeksion koʻrik majmuasi orqali olingan rentgen tasvirlarini tahlil qilish jarayonida yuk tarkibida shubhali holatlar qayd etilgan.
Shundan soʻng tirkamada tashilayotgan 18,6 tonna qadoqlangan oʻrik qoqisi xolislar ishtirokida batafsil tekshirilgan. Koʻrik davomida 13 ta qogʻoz qutida tashqi koʻrinishi oʻrik qoqisiga oʻxshatib tayyorlangan moddalar borligi aniqlangan.
Ekspert-kriminalistika xulosasiga koʻra, mazkur moddalarning umumiy ogʻirligi qariyb 13 kilogramm boʻlgan geroin ekoni maʼlum boʻlgan.
Mutaxassislar hisob-kitobiga koʻra, musodara qilingan giyohvandlik vositasining xalqaro qora bozordagi qiymati 1,5 million dollargacha baholanmoqda.
Bojxona qoʻmitasi maʼlumotlariga koʻra, joriy yil boshidan buyon respublika bojxona organlari tomonidan 363 ta holatda qariyb 1,7 tonna giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasiga chek qoʻyilgan. Bu koʻrsatkich oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 461 kilogrammga koʻpdir.






