Baxtiyor maktabdan kelganidan keyin uy-joyni tartibga keltirishga harakat qildi. Hatto dadasining paypoqlarini yuvdi. Oyisiga qo`ng`iroq qildi.
— Oyi, qozonga go`sht va suv solib qo`yaymi?
— Nega?
— Sho`rva ichgim kelayapti. Kelguningizcha pishib turardi.
— Mayli, o`g`lim, faqat ehtiyot bo`l. Olovni past qilib qaynat...
Oila kechqurun dasturxon atrofida jamuljam bo`lib, ovqatni jimgina ichishayapti. Singlisi ham ortiqcha sho`xlik qilmayapti. Onasining harakatlari engil, nimadandir mamnunligi sezilib turardi. Buni dadasi darhol payqadi.
— Ha, namuncha irshayib qolding?
— Bugun o`g`lingiz rosa ish qilibdi, oshxonani tozalabdi, paypoqlaringizni yuvibdi, sho`rva solib qo`yibdi. To`qqizga to`lmasdan yonimga kirib, yordamchi bo`libdi...
— Hm, bolaga ish buyurib, o`zing o`ynashlaring bilan uchrashib yurganmiding?
— Dadasi...
— Ishlamaysan, ishingdan bo`shaysan!
— Nimaga ekan? Ishlamasam, qozondagi go`shtingizni kim olib keladi, a? Mashinangizning ijara pulini kim to`lashga qarashadi? Siz kirakashlik qilib yurganingizda, uyda o`tirib naqd och qoldim-ku...
Baxtiyor boshini eggancha bu gaplarni eshitarkan, ichida o`yladi. «Oyim gapirmasa bo`lardi, hozir dadam biror narsa otib qoladi...» Ha, o`ylagani sodir bo`ldi. Dadasi sho`rvani kosa-posasi bilan uloqtirdi. O`rnidan turib, onasini urishga hezlandi. Baxtiyor jonholatda ular orasiga tushdi.
— Dada, iltimos, onamni urmang. Maktabga bormayman, endi ishlayman, pul topaman…
Xudbin ota-ona bola nima uchun bu gaplarni aytayapti, deb o`ylamadi. Onasi sannashni to`xtatmadi, otasining og`zidan bodi kirib, shoddi chiqaverdi. Baxtiyor stol ustida turgan pichoqni shartta oldi:
— Baqiraversalaring, o`zimni o`ldiraman!!! Keyin qutulasizlar mendan!
Ota-ona serrayib qoldi...
Afusus, bu bo`lgan voqea...
Ruhshunoslarning aytishicha...
Uydagi janjallar ichida ulg`aygan bolalar yo nihoyatda agressiv kayfiyatli, yo nihoyatda qo`rqoq tabiatli bo`lib shakllanadi. Aksariyat hollarda urushning sababchisi deb o`zini ko`radi. Chunki er-xotinning aytishuvidan tortib yirik janjaliga qadar dialoglarda «bola» so`zi ko`p marta takrorlanadi. «Meni o`ylamasangiz ham, bolangizning kelajagini o`ylang. Ertaga piyonistaning qizini kim so`rab keladi?», «Sayoq yurganingiz uchun kasri bolaga urdi, nuqul kasal bo`lgani bo`lgan», «Bu bolalar faqat menikimi, ko`chadan orttiribmanmi, tug`dirgandan keyin boqing-da!». Janjallar er-xotin uchun qo`rqinchli bo`lmasligi mumkin, ular bugun urushib, ertaga yarashib, yashashda davom etar-u, lekin oqibatda farzandlar ko`ngi ozor topadi, u har ikki eng yaqin kishisining qaysi birini ayblashni bilmay qiynaladi. Kim ko`proq aybdor ekanini aniqlagan taqdirda ham, vaziyatni o`nglolmasligidan o`kinadi. To`qqiz yashar Baxtiyor otasining janjal o`ylab topishi mumkin bo`lgan sabablarini aniqlab, ularni yo`q qilishga harakat qildi. Ya`ni ishlagani tufayli uy ishlariga ulgurolmayotgan onasiga yordam bermoqchi bo`ldi, bir hafta oldin yuvilmagan paypoq uchun otasi volidasining ko`zini ko`kartirgan edi, ana o`sha sababni yo`qotishga urindi. U hech bo`lmaganda, bugun ota-onasi urishmasligiga, jilla qursa, onasi gap qaytarmasligiga ishongan edi. Ammo barcha harakatlari bir pul ekanini bir zumda tushundi. Shunda qaysidir o`zi guvoh bo`lgan janjalda onasi qilgan xatoni qaytardi, qo`liga pichoq oldi, axir o`shanda otasi tinchlanib, o`zini bosib olgandi-da.
Maktabdagi suhbatdan
— Nargiz, seni dadang oyingni uradimi? To`g`risini ayt faqat.
— Yo`q, dadam oyimni sizlab gapiradi-ku!
— Mening dadam oyimni har kuni uradi.
— «Dada, urmang» demaysanmi? Buvingga aytib bermaysanmi?
— Baribir, uradi. Katta bo`lsam, erga tegmayman. Bolayam tug`mayman. Baribir, hech kimga kerakmas bo`ladi...
Bolalarning iztiroblari bu hazilakam gap emas. Chunki inson kelajagi uning bolalik xotiralari va ko`nikmalari asosida quriladi. Bolangiz baxtli bo`lishini istasangiz, bugun siz ham baxtli yashayotganingizni u ko`rishi kerak. Ota-ona bo`lgan er-xotinlar, urishinglar, yarashinglar, talashinglar, biroq bunga bolangizni guvoh yoki qozi qilmang. Hech qaysi oila kelishmovchilik va nizosiz bo`lmasligi haqiqat. Sababi oila ikki individual fikrlarni, ikki xil an`analarni, ikki bir-biriga begona odamni bir joyda to`qnashtiradi. Bahslashishni hech kim inkor etmaydi va qoralamaydi. Fikrlar qarama-qarshiligi orqali er-xotinlar oila muammolariga echim topishadi. Agar echim izlanayotgan paytda shaxsiyat muammolari ko`tarilmasa, «Sen o`zi unaqasan-bunaqasan» deyilmasa, juda bo`lmaganda, tomonlardan biri vaqtinchalik chekinib tursa, janjalsiz, yakdil qarorga kelish mumkin. Buni esa janjallashayotgan paytda hech kim eslamaydi, chunki aql ketgan payt bo`ladi-da!
Bolaning ruhiy qo`rg`onini buzmang!
- Oilaviy janjallarning aksariyati kimningdir oiladan ketishi bilan yakunlanadi. Ko`pincha ayollar farzandlari va tugunini ko`tarib, otasinikiga yo`l oladi. Bu vaqtda kichik yoshdagi bola otasini sog`inadi, ichikadi, vahima ichida hayotdagi muhim odamini ko`ra olmasligi haqida o`ylaydi. Muammolarni qochib hal qilmang, battar chuqurlashishi mumkin.
- Farzandlaringizni janjal ishtirokchisiga aylantirmang. Undan hech nima haqida so`ramang. Bolani ota yoki ona tarafkashi bo`lishga, kimgadir qarshi chiqishga majburlamang. Kap-katta odamlar kim haqligini aniqlolmagan paytda, u nima qilsin? Ammo yodingizda bo`lsin, har bir janjaldan so`ng uning xotirasida vaziyat va unga xos bolalarcha xulosa saqlanib qoladi.
- Bola eshitishi mumkin eng yomon so`z — «ajrashaman!» Bu qarormi yoki oddiy so`z bo`lishidan qat`i nazar, uning guvohligida ishlatishdan tiyiling.
- Oilaviy nizolarning sababi farzand tarbiyasi bilan bog`liq bo`lsa ham, bolaning o`zi bu haqda eshitmasin. U har tomonga tortqilanadigan arqon emas. Har ikki tomon ham o`z istagiga ko`ra jigarbandiga munosabat bildirishga haqli. Kimdir ikkinchi tomonning harakatlarini oqlamasa, bola yo`qligida alohida kelishib olgan ma`qul.
- Ko`pincha ayollar erlari, qaynonalari bilan urishib olganlaridan so`ng o`g`il-qiziga zahrini sochishadi. Aslida, buni boshqalar ko`rsin va men qanchalik xafa bo`lganimni bilsin, degan niyatda amalga oshiradilar. Farzandingizni janjaldan keyin turtkilamang, unga ovozingizni ko`tarmang yoki yig`lab, bo`lgan voqeani gapirib bermang. U alam va dardni ichiga yuta oladigan yoriltosh emas!
- Bolangiz oldida janjallashib, hecham baraka topmaysiz. U o`zini nihoyat darajada ta`sirlantirgan voqealarni boshqalar, hatto etti yot begonalar bilan baham ko`rishga usta.
- Ertani ham o`ylang. Janjalkash oilaning avlodi o`z oilasini ham xuddi shunday tashkil qiladi. Qarigan chog`ingizda kelin-kuyovlaringizga qozi bo`lishingizga to`g`ri kelmasin.
- Urishib bo`lgach, bolaga «Kimni ko`proq yaxshi ko`rasan?» degan savolni berib, uni ikkiyuzlamachilik qilishga o`rgatmang. U ham beixtiyor ayyorga aylanadi, kimdan ko`p manfaat ko`rsa, o`shani tanlaydi.
- Ota-onasining janjalini ko`rgan bola o`zini himoyasiz sezadi. Chunki u ishongan odamlar, aslida, bir-biriga ishonmasligiga, istalgan payt o`zini g`alati tutishiga, narsalarni urib-sindirishiga, bir-biriga qo`l ko`tarishiga guvoh bo`ladi.
Hatto, janjaldan ham ibratli xulosa chiqarish uchun bola ota-onasining kelishib olganini ko`rishi kerak. Stol atrofida «Ha, gapingiz haqida o`ylab ko`raman, to`g`ri aytayotganga o`xshaysiz» desangiz, hamma tomondan yutasiz. Juftingiz bir muddat tinchlanadi, bolalaringiz engil nafas oladi va eng muhimi, hamma bahslar chiroyli yakun topishi mumkinligini ko`radi. Keyinchalik farzandlaringiz odamlar bilan muloqotga kirishishda, muammoli vaziyatlarga echim topishda qiynalmaydi. Yuragi ziqlik qilib, mushtini tugmaydi yoki qochib qolmaydi.
Aziza