AsosiyJamiyat
3403

Sergelidagi portlashdan ko`rilgan zararning davlat hisobidan qoplab berilayotgani turli bahs-munozaralarga sabab bo`ldi

'Sergelidagi portlashdan ko`rilgan zararning davlat hisobidan qoplab berilayotgani turli bahs-munozaralarga sabab bo`ldi'ning rasmi

Ijtimoiy tarmoqlarda Sergeli tumanida ro`y bergan favqulodda hodisa tufayli aholi uylariga etkazilgan zararning davlat hisobidan qoplab berilayotgani turli bahs-munozaralarga sabab bo`lmoqda.

Bosh vazir matbuot kotibi Bekzod Hidoyatov ushbu muhokamalarga oydinlik kiritdi.

"Chindan ham, fuqarolik va jinoyat qonunchiligi bo`yicha xususiy tadbirkorning noqonuniy harakatlari oqibatida boshqa shaxslarga etkazilgan zararni davlat emas, balki aybli harakat sodir qilgan tadbirkorning o`zi qoplab berishi kerak.

Lekin nega bunday qilinyapti, degan savol tug`ilishi tabiiy.

Gap shundaki, prosessual qonunchilikka ko`ra, sodir bo`lgan yong`in oqibatida etkazilgan zarar bo`yicha aybdorlarni aniqlash va ularning harakatlariga huquqiy baho berish hamda zarar qoplash bo`yicha tergov harakatlari va sud jarayoni ko`p vaqt talab etadi.  

Bugungi kunda mazkur holat bo`yicha Ichki ishlar vazirligi tomonidan jinoyat ishi qo`zg`atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev ana shu jihatlarni inobatga olib, yong`in oqibatida xonadonlariga talofat etgan fuqarolarni sovuq tushmasdan tezroq uylariga kiritish bo`yicha hukumat oldiga qat`iy topshiriq qo`yganlar va uning ijrosini shaxsan o`zlari doimiy nazorat qilib turibdilar.

Bundan tashqari, Konstitusiyamizning 23-moddasida davlat o`z fuqarolarini himoya qilish va ularga homiylik ko`rsatishni kafolatlashi belgilangan.

Shu bois, tergov va sud jarayonlari yakuniga etguniga qadar ta`mirlashga kerak bo`ladigan mablag`lar zaxira jamg`armasidan ishlatib turilibdi.

Shuni alohida qayd etmoqchiman, tergov va sud ishlari yakuniga etgach, ta`mirlash uchun zaxiradan ishlatilgan pullar tiyin-tiyinigacha aybdorlardan sud orqali undirib olinadi", deyiladi bayonotda.

Eslatib o`tamiz, kecha, 28 sentyabr kuni Toshkent shahar Sergeli tumani "Quruvchilar" dahasida joylashgan bojxona omborxonasida kuchli chaqnash oqibatida yong`in sodir bo`ldi. Toshkent hokimi portlashdan talofat ko`rgan uylarning zarari qoplab berilishini ma`lum qildi. Voqea joyiga Bosh vazir Abdulla Aripov va boshqa mas`ullar etib borgan.

SSVga ko`ra, portlash oqibatida jabrlanganlarning umumiy soni 163 nafarni tashkil etmoqda. Bir kishi halok bo`lgan. Holat yuzasidan jinoyat ishi qo`zg`atildi. 

Bosh vazir Abdulla Aripov Sergeli tumani aholisi bilan uchrashib, ular bilan muloqot qildi.

    Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

    Boshqa yangiliklar