1

Maktab o`quvchisining 8 ta muammosiga echim

SUG'DIYONA 23.11.2016, 09:42
Teglar: Bola, Ona va bola
Maktab o`quvchisining 8 ta muammosiga echim

Ahamiyat bergan bo`lsangiz, maktabga qatnaydigan bolaning fe`l-atvori bog`chaga boradigan uka-singlisidan ancha farqlanadi. Chunki farzandingiz sekin-asta katta bolalalr dunyosiga kirib borayapti. Biroq bolaning yoshi ulg`aygani sari fe`lidagi o`zgarishlar va boshqa ta`sirlar sabab turli muammolar yuzaga kela boshlaydi. Ularga to`g`ri echim topish esa ota-ona va pedagoglarning zimmasida. Boshlang`ich sinfdagi va o`smir yoshdagi maktab o`quvchilarining ruhiyati hamda yoshiga xos o`zgarishlar yuzasidan quyidagi holatlarni aniqladik.

«Maktabga borishni xohlamayman»

Kichik yoshdagi bolaning maktabga borishni xohlamasligi ko`p hollarda unga etarli mehr-muhabbat etishmayotganidan darak beradi. Ehtimol u siz bilan birga dars tayyorlashni istayotgandir? Qiziqishlari haqida bildirgisi kelayotgandir-u, ammo sizda bu ishlar uchun vaqt etarli emasdir? O`smirlik ostonasidagi bolalar ruhiyati o`zgaruvchan bo`ladi. Shu bois ularning maktabga borishni istamasliklarini chetdan sinchiklab kuzatish va muammoni tinch yo`l bilan hal etish kerak.

  • Maktabda: agar farzandingizning tashqi ta`sir sabab o`qishga ishtiyoqi susaygan bo`lsa, o`z ustida ishlashi va qobiliyatlarini namoyish etishi uchun sharoit yarating. Biroq yuqori sinf o`quvchisini dars jarayoniga kirib kuzatish to`g`ri emas. Bolangiz bu holatdan o`zini noqulay his etib, aksiga ish ko`rishga o`tadi. Agar uning noroziliklari davom etaversa, boshqa maktabga o`tkazishdan o`zga chorangiz yo`q.
  • Uyda: farzandingiz bilan ko`proq suhbatlashing, uning nima istayotgani, qanday maqsadlari, qiziqishlari borligi haqida so`rang. Birga dars tayyorlang, bilmaganlarini hayotiy tajribangizdan kelib chiqib tushuntiring.

«O`qib kim bo`lardim?

Puldor bo`lish uchun o`qish shart emas!»

Boshlang`ich sinf o`quvchisining pul topishga qiziqishi biror film namoyishi yoki mashhur insonlarga taqlid yuzasidan kelib chiqadi. Bu o`tib ketadigan holat. Ammo o`smir yoshdagi bola uchun jiddiy e`tibor zarur.

  • Maktabda: moliyaviy masalalar echimi va daromad topish uchun hisob-kitob kabi masalalar yuzasidan ma`ruzalar olib boorilsa, bola o`zini qiziqtirgan ma`lumolarga ega bo`ladi. Shu bilan birga, pul topish uchun qanday bilim talab qilinishi ham tushuntirilib borilsa, bolada asta-sekin kerakli xulosa shakllanadi.
  • Uyda: o`smir yoshdagi bolalarning o`qishga bo`lgan qiziqishi pul topish bilan o`rin almashayotganining turli sabablari bo`lishi mumkin. Masalan, oilaviy munosabatlar, tashqi muhit ta`siri va hokazo. Bu holatda bolani to`g`ri yo`naltirish uchun omadli, ishbilarmon va asosiysi, farzandingiz hurmat qiladigan biror tanishingizni u bilan suhbatga jalb qiling. Ishning ko`zini yaxshi biladigan hech bir ziyoli inson «o`qimagin» deya maslahat bermaydi.

«O`qituvchimni yoqtirmayman»

Odatda boshlang`ich sinf o`quvchilari ko`proq e`tibor talab qilishadi. Dars beruvchi muallim unga etarli darajada e`tibor qaratmasa, u o`zini ortiqchadek his eta boshlaydi va bilim berayotgan insonni o`zidan uzoqlashtirish tuyg`usi paydo bo`ladi. Bu holatda ota-onalar farzandlariga vaziyatni to`g`ri tushuntirib, uning qarashlarini o`zgartirishlari lozim. Shu bilan birga, o`qituvchining dars berish jarayonini ham kuzatib, zarur hollarda u bilan ham suhbatlashish darkor.

Katta yoshli bolanig o`qituvchisini yoqtirmasligi uchun jiddiy asos bo`lishi lozim. Ehtimol o`qituvchi tomonidan ko`pchilikning oldida tanqid, izza qilinishi bola ruhiyatiga salbiy ta`sir etgandir. Bu vaziyatda sizning harakatingiz xolis bo`lishiga axamiyat bering. Sinfdoshlarining o`qituvchi haqidagi fikrlarini o`rganing. Lekin bu ishingizdan farzandingiz xabar topmasin. Bordiyu bolangizdan tashqari boshqalar ham o`qituvchining harakatlaridan norozi bo`lishsa, bu haqda maktab ma`muriyati bilan suhbatlashing. Agar farzandingizning o`ziga tegishli muammoga duch kelsangiz, o`qituvchisi bilan uni yuzma-yuz qilib, muammoga nuqta qo`ying.

Tortinchoqlik, o`zidan uyalish...

Kichik yoshdagi bolalar fikrlarini ochiq-oydin bayon etishlari uchun ularga shunchaki imkoniyat berilmasa, tortinchoqlik paydo bo`ladi. Yoki ba`zi hollarda ota-ona tomonidan «nimani ham bilarding, hali bola bo`lsang» qabilidi ish tutilsa ham bola mustaqil fikrlashdan cho`chib qolib, uyatchanlik yuzaga keladi.

O`smirlar bilan muloqotda iloji boricha tashqi ko`rinishi, fikrlashi, yoshiga nisbatan bo`layotgan o`zgarishlar xususida tanqid qilmaslik kerak. Shundoq ham bu yoshdagi o`g`il-qizlar o`zlaridagi o`zgarishlardan uyalib, tortinishadi. Agar ularni tanqid qilaversangiz, bu kelgusida ba`zi komplekslar shakllanishiga zamin yaratadi. O`g`il bolaga «Ovozing do`rillab qolibdi» yoki qiz bolalarga «Bo`ying qayoqqa qarab o`sib ketayapti, engashibroq yur», kabi tanqidlar kamsitishdek tuyuladi. Bordiyu o`zidan uyalish hissi o`spirinlikda ham davom etsa, keyinchalik o`ziga bo`lgan ishnochning pasayishi kuzatilishi mumkin. Bunday vaziyatda ota-onalar va murabbiylar bolaning qiziqishlaridan kelib chiqib, biror mashg`ulot yoki sport turiga jalb etishlari lozim.

Mustaqil fikrlay olmaslik

Farzandingiz kelajakda atrofdagilardan tortinmasligi uchun hozirdanoq fikr-mulohazalarini ochiq-oydin bildirishga o`rgating. Ahamiyat began bo`lsangiz, darsda javob berish uchun chiqqan aksariyat bolalar mavzuni yaxshi bilsalar-da, ko`pchilik oldida so`zlashga tortinishadi. Bu holat bolaning uyatchanligidan emas, balki fikrini bildirishda ko`rinmas to`siqlardan o`ta olmasligi bilan izohlanadi.

  • Maktabda: fikrini bemalol bildira olmaydigan bolalar  uchun maxsus ochiq darslar tashkil etib, debatlar (savol tashlanib, hamma ishtirokchining fikri eshitiladi) uyushtirilishi kerak. Bu holatda o`qituvchidan ham e`tibor talab qilinadi. Agar bolaning fikrini to`g`ri-noto`g`ri bo`lsa ham oxirigacha tinglab, so`ng mulohazangizni aytsangiz, u sizdan tortinmaydi.
  • Uyda: ehtimol oilangizda bolaning so`zi tinglanmay, fikrlari inobatga olinmas. «Mening aytganim bo`ladi, og`zingni yum» kabi so`zlar bola ruhiyatida ta`qiqlarni kuchaytirib, mustaqil biror nima aytishi uchun mone`lik qiladi. Unutmang, bola tarbiyasida uning qiziqishlari va dunyoqarashini ham hisobga olish, zug`um o`tkazmaslik kerak.

O`zaro musobaqalashish

Bu muammoni ota-onalarning o`zlari yuzaga keltirishadi. «Akangga o`xshasang bo`lmaydimi? Namuncha bo`shsan?! O`rtog`ingni qara, qanday pishiq, puxta!» Agar bir dumalab bola bo`lib qolganingizda bunday taqqoslashlar qanday ta`sir etishini eslagan bo`lardingiz. Birgina mana shu so`zlar sabab bola maktabda ham boshqalardan ustun bo`lishga intiladi. Uning bu harakatlari tirishqoqligidan bo`lsa-ku yaxshi, ammo fe`liga salbiy ta`sir ko`rsatsa, ulg`ayganida ham pand berishi mumkin.

  • Maktabda: «Nega Anvarga o`xshab javob berishni bilmaysan? O`rgan undan!» kabi taqqoslashlar deyarli har bir sinf mashg`ulotida yangraydi. Pedagoglar boshqa sinfdoshini o`rnak qilib ko`rsatib, bolani yaxshi o`qishga jalb etishni istashadi. Ammo hamma vaqt ham bola buni to`g`ri tushunmaydi. Bolalarni bir-birlari bilan musobaqalashishga emas, hamjixatlikda ish qilishga o`rgatish lozim.
  • Uyda: har bir bolaning o`z dunyosi, hayoti va kelajagi bor. Ularni boshqalarga taqqoslab, o`zgartira olmaysiz. Farzandingizni boricha qabul qiling. Unutmang, aka-uka, opa-singilni taqqoslab, bir-biriga qarshi qilish emas, birgalikda ko`p narsaga erishishi mumkinligini uqtirib tarbiyalash lozim.

Mushtumzo`r

Maktab o`quvchilari orasida mushtumzo`rlar ko`plab topiladi. Ayniqsa, boshlang`ich sinflar bilan xayrlashib, yuqori sinflarga o`tayotgan paytda bolalar o`rtasida eng kuchlilari ajralib chiqib, ular jismoniy kuch bilan hamma ishni hal qilsa bo`ladi, deb o`ylashadi. Ular bilan tushuntirish ishlari olib borilmasa, kelajakda bunday bolalardan kuchli shaxs chiqmaydi. Ba`zida shunchaki omadsiz inson bo`lib, chetda qolishlari ham mumkin.

  • Maktabda: jismoniy kuch bilan ko`p narsaga erishib bo`lmasligini omadli, hurmat-e`tibordagi kishilar misolida to`g`ri tushuntirish kerak. Jamiyatda o`rnini topish uchun bilim va saviya kuchli bo`lsagina haqiqatan ham kuchli shaxs deya e`tirof etilishini singdirish lozim.
  • Uyda: mushtumzo`r bola tarbiyasida otaning o`rni katta. Kimningdir burnini qonatib kelgan o`g`lingizdan faxrlanib, keyingi safar boshini yorib kelishiga sabab bo`lasiz. Qarabsizki, sizning ruhlantirishingiz bilan kelgusida jinoyatga qo`l urishi ham hech gap emas. Kuch-quvvati to`lib-toshib ketayotgan bo`lsa, biror mashg`ulotga qiziqtiring. Misol uchun, sport to`garaklariga qatnasin.

Kasb tanlash muammosi

14-15 yoshli bolani kasb tanlashga majburlash to`g`ri emas. Bu yoshda farzandingiz ko`zingizga ancha ulg`aygandek ko`rinsa-da, aslida u hali bola. Qiziqishlari ham shunchalar ko`pki, qay birini tanlashni ham bilmaydi. Agar tashqaridan bosim o`tkazilaversa, to`g`ri kelganini tanlab, keyin afsuslanib yurishi mumkin. Bolaning qiziqishlari bilan hisoblashish ularning amalga oshishi uchun imkoniyat yaratib berish ham ota-ona, ham pedagoglarning vazifasidir.

  • Maktabda: bola kasb tanlashda adashmasligi uchun kichikligidan uning qiziqishlari haqida surishtirib, imkoniyatini o`rganish kerak. Bunda pedagogning asosiy vazifasi kasblarning moliyaviy xarakteri emas, mas`uliyati va jamiyatdagi o`rni, foydasi haqida ma`lumot berishdir.
  • Uyda: «Men shu joyda o`qiy olmagandim, endi sen o`qiysan», Deya o`zingiz erisholmagan kasbga bolangiz qiziqmasa, uni majburlamang. Ehtimol uning qiziqishlari umuman boshqachadir. Kasb faqat pul topish uchun tanlanmaydi. Qachonki qilayotgan ishi o`zi uchun qadrli bo`lsa, jamiyatda ham o`rnini topadi. Buning uchun ota-onaning vazifasi bolani to`g`ri yo`naltirish va yutuq-kamchiliklarida ham ruhlantirishdan iboratdir.

 

Ruhshunos Shahnoza HALILOVA tavsiyalari asosida Dildora YuSUFBEKOVA tayyorladi

Sharhlar

​Liviyalik erkak hamma yuz o`girgan, bedavo dardga chalingan 80 nafar bolani asrab oldi

12.07.2017, 12:30

Kaliforniyada yashovchi 62 yoshli liviyalik Muhammad Bzik 20 yil mobaynida bedavo dardga chalingan 80 nafar bolani boqib oldi, deb xabar berdi Tengrinews.kz nashri.Muhammadning so`zlariga qaraganda,...
​OLMAOTA POLISIYaSI BOLANI YuKXONAGA JOYLAShTIRGAN MAShINA HAYDOVChISINI JAZOLADI

12.07.2017, 11:19

Olmaota polisiyasi bolani yukxonaga joylashtirgan mashina haydovchisini qidirmoqda, deb xabar berdi Tengrinews.kz nashri.Nashrning xabar berishicha, bolani mashina yukxonasiga joylashtirgan "Folksvagen" avtomashinasi haydovchisi qonunbuzarlikka yo`l qo`ygani...
​ITALIYaLIKLAR OSTONA ShAHRIDA O`TKAZILGAN EXPO-2017 KO`RGAZMASIDA 2 YoShLI BOLANI UNUTIB QOLDIRIShDI

12.07.2017, 09:53

Chet ellik oila Ostona shahrida o`tkazilgan EXPO-2017 ko`rgazmasi hududida 2 yoshli bolani unutib qoldirishdi, deb xabar berdi Tengrinews.kz nashri.Er-xotin ko`rgazmadan chiqib ketgandan keyin bolani unutib...
​TO`LOVI € 100 000 BO`LGAN DUNYoNING ENG QIMMAT MAKTABI O`QUVChILARI QANDAY YaShAShADI

11.07.2017, 14:32

Doim boy odamlar qanday yashashini kuzatish qiziqarli. AdMe.ru Institut Le Rosey maktabiga sayohatga chorladi. Institut Le Rosey — Shveysariyada joylashgan qadimiy maktablardan biri. Uni «qirollik...
Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1