AsosiyMadaniyat

Birinchi o`zbek kinooperatorining asarlari UNESSO ro`yxatiga kiritildi

'Birinchi o`zbek kinooperatorining asarlari UNESSO ro`yxatiga kiritildi'ning rasmi

Mo`g`uliston poytaxti Ulan-Bator shahrida 7- 8 may kunlari UNESSO Osiyo va Tinch okeani havzasi bo`yicha Jahon xotirasi qo`mitasi (MOWCAP)ning 10-yig`ilishi bo`lib o`tdi.

Tadbirda UNESSO ishlari bo`yicha O`zbekiston Respublikasi milliy komissiyasi tashabbusi bilan taqdim etilgan ikki nominasiya – “Turkiston albomi (1871-1872)” va “Xudoybergan Devonovning Xorazm vohasi fotosuratlari (1879-1937)” Osiyo va Tinch okeani havzasi Jahon xotirasi ro`yxatiga kiritilgani e`lon qilindi.

Ilmiy va tarixiy ahamiyatga molik nodir fotosuratlar va rangli tasvirlardan iborat “Turkiston albomi (1871-1872)” O`zbekiston Milliy kutubxonasi sara to`plamlarida saqlanadi. Tarixiy, arxeologik, etnografik va hunarmandlik bo`limlaridan iborat 4 qism, 10 jildli mazkur to`plam 1871-1872 yillarda tuzilgan.

“Xudoybergan Devonovning Xorazm vohasi fotosuratlari (1879-1937)” nomli ikkinchi nomzod-namuna esa mashhur o`zbek fotografi, kinematografisti, rejissyori va operatori, Xiva shahrida tug`ilib o`sib, buyuk madaniyat arbobi darajasiga ko`tarilgan ijodkor kolleksiyasidir.

Uning butun hayoti davomida yaratgan asarlari asosida shakllantirilgan mazkur to`plam Xorazmning rivojlanish bosqichlari – Muhammad Rahimxon II, Feruz (1864-1910), Asfandiyorxon (1910-1918) hukmronlik qilgan davrlar, Xorazm Xalq Sovet Respublikasi (1920-1924) hamda O`zbekiston Sovet Sosialistik Respublikasi (1925-1937) amalda bo`lgan yillarni aks ettiradi.

Ushbu namunalar Turkiston o`lkasi burilish bo`sag`asida boshdan kechirgan voqealarning yagona haqqoniy, ko`rgazmali dalili, deyish mumkin.

Fotosurat ko`rinishidagi mazkur hujjatli meros Xorazmning tarixiy-madaniy o`ziga xosligi, mahalliy betakrorligi hamda XIX asr oxiri XX asr dastlabki o`ttiz yiliga oid evrilishlardan darak beradi.

Boshqa yangiliklar