Kecha Samarqand shahridagi “Mo``jiza” amfiteatrida O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev tashabbuslari bilan suratga olingan “Bahodir Yalangto`sh” tarixiy-badiiy filmining ilk katta premerasi o`tkazildi. Unda Viloyat hokimi Erkinjon Turdimov, Kinematografiya agentligi direktori Firdavs Abduxoliqov, Agentlik direktor o`rinbosari Shuhrat Rizaev, rejissyor Jahongir Ahmedov boshchiligidagi film ijodiy guruhi, jurnalist va blogerlar hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Dastlab Agentlik rahbariyati va ijodkorlar Oqdaryo tumanidagi Maxdumi A`zam majmuasida joylashgan Bahodir Yalangto`sh qabrini ziyorat qildi.
Shundan so`ng, Ipak yo`li turizm va madaniy me`ros xalqaro universitetida film premerasiga bag`ishlangan matbuot anjumani o`tkazildi. Anjumanda OAV vakillari va jurnalistlarning film haqidagi savollariga javob berildi. Tadbirdan so`ng ishtirokchilar film premerasiga taklif qilindi.
Premerani Samarqand viloyati hokimi va Kinematografiya agentligi direktori ochib berdi. Agentlik rahbari kelgusida bu kabi filmlarni yaratishda jamoatchilik alohida o`ringa ega ekanligini ta`kidladi.
“Bugun o`zbek kinosidagi tarixiy kunlarning biri. “Tirik tarix” dasturidagi filmlarning ilk namunasi “Bahodir Yalangto`sh" filmi e`tiboringizga havola qilindi. Ushbu film muhtaram Prezidentimiz tashabbuslari bilan suratga olindi. Ishonch bilan aytish mumkinki, mazkur tarixiy filmlarning aksariyati bevosita Samaqand bilan bog`liq. Bugungi kunda Sharq madaniyatining oltin beshigi bo`lgan Samarqand chin ma`noda yirik kino markazlaridan biriga aylanmoqda. Shuningdek, yaqindan hamkorlik qilgani uchun Viloyat hokimiga hamda Samarqand ahliga chuqur minnatdorlik bildiraman”, — dedi Agentlik direktori.
Viloyat hokimi o`z nutqida bu muvaffaqiyatli yo`lning boshlanishi ekanligini ta`kidladi.
“Bugun yaxshi niyat bilan boshlangan ishimizning natijasini ko`radigan kun. Tarixni xalqimizga etkazib berishda filmning o`rni katta. Boshlanishi doim qiyin bo`ladi. Ishonchim komilki, bundan buyog`iga turli xil sifatli filmlar tomosha qilamiz. Shu o`rinda film uchun Kinematografiya agentligi rahbariyatiga, film ijodiy jamoasiga o`zimning cheksiz minnatdorchiligimni bildiraman”, — dedi Erkinjon Turdimov.
Rejissyor Jahongir Ahmedov 3 yil davom etgan suratga olish jarayonlari va uning mashaqqatlari haqida so`zladi.
So`ng Agentlik direktori Firdavs Abduxoliqov Viloyat hokimi Erkinjon Turdimovga samimiy hamkorlik uchun tashakkurnoma topshirdi. Shundan keyin filmning Samarqand shahridagi keng jamoatchilik uchun namoyishi o`tkazildi. Film qariyb 3,5 mingdan ortiq tomoshabinni 2 soat davomida katta qiziqishda ushlab turdi va iliq taassurot qoldirdi.
Kinokartinada Registon majmuasi bunyodkori, Samarqandga hokimlik qilgan sarkarda Bahodir Yalangto`shning hayot yo`li va faoliyati hikoya qilinadi. Amir Yalangto`sh avvalo mohir harbiy sarkarda edi. U Buxoro xonligining ikki sulola davrida ham barcha harbiy yurishlarida ishtirok etgan, yirik g`alabalarni qo`lga kiritgan.
“Filmlarda, xususan, tarixiy filmlarda ham asosan salbiy obrazlarni ijro etganman. Chunki har qanday filmda salbiy qahramon dinamikani belgilab beradi, shu bilan birga, salbiy obraz aktyordan alohida mas`uliyat, mashaqqat talab qiladi.Tomoshabinning diqqat-markazida turadi. Abdurahmon devonbegi obrazi ham shular qatoriga kiradi. Shu o`rinda, bu kabi filmlarni qo`llab-quvvatlayotgan Kinematografiya agentligiga chin ko`ngildan minnatdorlik bildirmoqchiman”, — deya fikr bildirdi O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan artist Tohir Saidov.
Premeradan so`ng tomoshabinlar film haqida iliq fikrlarni bildirishdi. Aksar kinoixlosmandlar Bahodir Yalangto`sh tarixiy shaxsi haqida ma`lumotga ega bo`lmaganini, film orqali buyuk sarkardaning hayot yo`li bilan yaqindan tanishganini aytib o`tdi.
Ma`lumot uchun, 30 may, payshanba kuni poytaxtdagi O`zbekiston Milliy kino san`ati saroyida “Bahodir Yalangto`sh” filmining katta premerasi o`tkazilishi rejalashtirilgan.