AsosiyJamiyat

O‘zbekistonda markirovkalash tizimi nazoratga olindi

Soxta markirovkali tovarlar savdosi bilan shug‘ullanganlar jinoiy javobgarlikka tortiladi.

'O‘zbekistonda markirovkalash tizimi nazoratga olindi'ning rasmi

O‘zbekistonda "Majburiy raqamli markirovkalash lozim bo‘lgan tovarlarning chakana savdosini tartibga solish to‘g‘risida"gi qarori qabul qilindi. Bu haqda Vazirlar Mahkamasi matbuot xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, 2024 yil 1 sentyabrga qadar alkogol, tamaki va pivo mahsulotlari, maishiy texnika va dori vositalari chakana savdosi bilan shug‘ullanayotgan tadbirkorlik subyektlarining "Asl belgisi" milliy axborot tizimidan ro‘yxatdan o‘tgani va raqamli markirovkalash talablariga rioya etilayotgani nazoratga olinadi.

Soliq qo‘mitasi 2026 yil 1 avgustga qadar qalbaki raqamli markirovkalangan yoki kontrafakt mahsulotlarni import qiluvchi, ishlab chiqaruvchi hamda ulgurji va chakana realizatsiya qiluvchi subyektlarga nisbatan mazkur mahsulotlarni musodara qilgan holda, jinoiy javobgarlikka tortish normativ-huquqiy hujjat loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritishi lozim.

Qo‘mitaning belgilangan umumiy shtat birliklari doirasida 7 ta shtat birligidan iborat alohida tuzilma tashkil etiladi hamda raqamli markirovkalash qoidalariga rioya etilishini nazorat qilish, yashirin ishlab chiqarish faoliyati va qalbaki tovarlar tarqalishiga qarshi kurashish orqali soliq tushumlarini to‘liq ta’minlash mazkur tuzilmaning asosiy vazifalaridan biri etib belgilanadi.

Shuningdek, 2024 yil 1 noyabrga qadar raqamli markirovkalanadigan mahsulotlarning ulgurji savdosini faqat naqd pulsiz shaklda sotish talabini belgilashni nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjat loyihasi, 2024 yil 1 dekabrgacha esa "Savdo to‘g‘risida"gi qonun loyihasi Vazirlar Mahkamasiga kiritilishi lozim.

Marketpleyslar uchun markirovka qoidalarini buzganlik uchun jazo choralarini joriy qilish bo‘yicha takliflar ishlab chiqiladi.

Bundan tashqari, iyunda imzolangan prezident qaroriga ko‘ra, majburiy raqamli markirovkalanishi lozim bo‘lgan mahsulotlarni markirovkalash uchun zarur bo‘lgan va import qilinadigan uskunalar 2024 yil 1 iyundan 2027 yil 1 iyungacha bojxona bojidan ozod qilindi.

2024 yil 1 sentyabrdan pivo mahsulotlarining chakana savdosi faoliyati vakolatli organlarni xabardor qilish tartibida amalga oshiriladigan faoliyat turlari ro‘yxatiga kiritiladi. Tamaki va pivo mahsulotlari bilan chakana savdo qilish huquqi uchun BHMning 10 foizi miqdoridagi har oylik yig‘im joriy etiladi.

Ma’lumot o‘rnida, raqamli markirovkalash — bu mahsulot haqidagi ma’lumotlarni elektron bazada saqlaydigan tovarlarni qadoqlash uchun maxsus Data Matrix kodini qo‘llashdir. Natijada har bir kishi tovar sifatini tekshirish va kuzatish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Shu maqsadda iste’molchilarga sifatsiz mahsulotlar haqida xabar berish va kerakli ma’lumotlarni olish imkonini beruvchi "Asl belgisi" mobil dasturi yaratilgan.

Boshqa yangiliklar