Bugun Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov Sila Sveta asoschilaridan biri Aleksandr Us bilan uchrashdi. Uchrashuvda shuningdek, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari Otabek Hasanov, Alohida muhim ijtimoiy, madaniy va tarixiy ahamiyatga ega bo‘lgan obyektlarni qurish, rekonstruksiya qilish va kapital ta’mirlash direksiyasi rahbari Rustam Shoabdurahmonov, Sila Sveta vakillari Artem Ribalko, Tomas Myuller ishtirok etdi.
Kompaniya tomonidan muzey ekspozitsiyalarini zamonaviy texnologiyalar yordamida boyitishga bag‘ishlangan taqdimot o‘tkazildi. Unda kompaniya vakillari o‘z loyihalarini namoyish etib, ekspozitsiyalarni yanada jonli, interaktiv va ta’sirchan qilish bo‘yicha yangi g‘oyalarni ilgari surdilar. Taqdimotda markazdagi ma’lumotlarni zamonaviy yondoshuvlar orqali ifodalash, virtual reallik va multimedia yechimlaridan foydalanish bo‘yicha takliflar bildirildi.
Kompaniya vakillari Islom sivilizatsiyasi merosini ilmiy va estetik jihatdan mukammal aks ettirishda texnologiyalar muhim o‘rin tutishiga e’tibor qaratdilar. Bunday yondashuv tashrif buyuruvchilarga tarixiy ma’lumotlarni nafaqat ko‘rish, balki interaktiv tarzda his qilish imkoniyatini ham beradi. Shuningdek, taqdimot davomida muzey konsepsiyasini rivojlantirishga oid qator fikrlar bildirilib, xalqaro tajribalardan samarali foydalanish masalalari muhokama qilindi.
Kompaniya mutaxassisi Tomas Myuller taqdimot doirasida markaz muzeyi uchun amalga oshirilayotgan ishlar haqida shunday fikr bildirdi:
“Islom sivilizatsiyasi markazi madaniyat va ilm-fanga bag‘ishlangan. Tarixiy artefaktlarni original ko‘rinishida namoyish etishning doim ham imkoni bo‘lmaydi. Lekin biz zamonaviy texnologiyalar yordamida realistik namoyish usullarini taqdim etamiz. Masalan, bu yerda siz benuqson pikselli rassomlik namunalarini ko‘rishingiz mumkin, ular juda tabiiy ko‘rinadi va tashrif buyuruvchilar e’tiborini tortishiga ishonchimiz komil. Bugungi kunda diqqatni saqlab qolish muddati juda qisqa, shu bois, biz kontentni qiziqarliroq qilib taqdim etishni ko‘zlayapmiz. Menga shaxsan qo‘lyozma qog‘oz yozuvlariga asoslangan displey texnologiyasi juda yoqdi. U maxsus yoritish talab etadigan haqiqiy suratlar kabi ko‘rinadi va qiziqarli tomoni bu kabi texnologiya Luvr muzeyida ham qo‘llaniladi”.
Islom sivilizatsiyasi markazi uchun mazkur hamkorlik kelajakdagi muhim qadamlardan biri hisoblanadi. Chunki muzeyning madaniy va ta’limiy ahamiyatini oshirishda innovatsion yechimlar, raqamli texnologiyalar va multimedia elementlaridan foydalanish uni nafaqat ilmiy, balki jahon hamjamiyati uchun o‘ziga xos manbaga aylantirishi mumkin.
Shuningdek, kompaniya asoschilaridan biri Aleksandr Us ham ushbu loyiha haqida to‘xtalib o‘tdi:
"Ushbu dasturdagi eng muhim vazifamiz – zamonaviy texnologiyalardan foydalanish, lekin nozik did bilan, chunki Islom sivilizatsiyasi markazi – madaniyat, tarix va din haqida so‘zlovchi tarixiy bino. Shuning uchun biz bu texnologiyalarni mulohazali tarzda joriy etish va axborotni yangi uslubda yetkazishni maqsad qilganmiz.
Menga shaxsan shaffof ekranlar juda katta taassurot qoldirdi. Bu haqiqiy innovatsiya – tasvir havoda osilib turgandek ko‘rinadi va u bilan interaktiv ravishda ishlash mumkin. Ekran sensorli bo‘lib, smartfon displeyi kabi harakatga javob beradi. Uning ulkan hajmi va tasvir sifati haqiqatan ham hayratlanarli!"
Sila Sveta – 2007 yilda tashkil etilgan xalqaro prodakshn studiyasi bo‘lib, san’at va texnologiya uyg‘unligi orqali innovatsion yechimlar yaratish bilan shug‘ullanadi. Kompaniya muzey ekspozitsiyalari, ko‘rgazmalar, shou rejissurasi va sahna dizayni bo‘yicha jahon miqyosida ko‘plab yirik loyihalarni amalga oshirgan. Sila Sveta o‘z faoliyatida interaktiv vizual yechimlar, nur va proyeksiya texnologiyalaridan foydalanib, tarix va madaniyatni zamonaviy yondoshuvlar orqali namoyish etishda katta tajribaga ega.