“Har tong Xudo Quyosh nurlari bilan birga bizning baxtsizligimizga sabab bo`layotgan omillarni o`zgartirish imkonini beradi. Ammo biz, insonlar buni sezmaganlikka olamiz”
Paolo Koelo.
Ba`zan mayda muammolar ham katta noxushliklarga sabab bo`ladi. Negaki ularga duch kelganimizda o`zimizni qanday tutishimiz kerakligini bilmaymiz. Natijada, kichik muammolardan tug`ilgan noxushliklar jamlanadi-yu, o`zimizni baxtsiz xis qila boshlaymiz. Aslida esa har qanday muammoning echimini topish mumkin. Buning uchun istak bo`lsa, bas!
1. Tug`ilgan kuningiz arafasida soch turmaklatish uchun go`zallik saloniga bordingiz. Mutaxassis sochni nafaqat kaltalash, balki bo`yashni ham maslahat berdi. Biroq natijadan ko`nglingiz to`lmadi. Bu sizga yoqmaganligini aytganingizda sartarosh va uning hamkasblari sochingiz “betakror” ekaniga ishontira boshlashdi.
Har bir ayol umrida bir marta bo`lsa ham bunday vaziyatga duch kelgani aniq. Shunday paytda har kim ham xato qilishini yoddan chiqarmasak kifoya. Bir o`ylab ko`ring: o`zingiz uy sharoitida soch bo`yasangiz-u, rangi yoqmasa, nima qilasiz? Albatta, vaziyatdan chiqish yo`llarini qidirasiz, to`g`rimi? Nega endi sartaroshga ham bir imkoniyat bermaslik kerak? Sochingiz rangi yoqmayotgan bo`lsa, boshqasiga bo`yating, turmak qoniqtirmasa, siqilmang, bir necha oyga qolmay sochingiz yana o`sadi. Muhimi, bunday holatni yaxshilikka yo`ya bilishdir. Axir, endi o`zingizga qanday rang yarashmasligini bilib oldingiz va bundan buyon hech qachon bunday bo`yoqdan foydalanmaysiz, shunday emasmi?
2. Ko`pincha, bozor aylanganingda ko`nglingga o`tirgan kiyim qaddi-qomatingga mos tushishi yoki tushmasligini bilish uchun kiyib ko`rasan, kishi. Ba`zida o`sha libos yarashmasa, uni sotib olish fikridan qaytilganda qo`pollik bilan: “Olmasangiz, nimaga kiydingiz?” qabilidagi muomalaga duch kelinishi ham mumkin.
Bunday paytda eng to`g`ri yo`l sotuvchining gaplarini hazilga burib, ortiqcha tortishmaslikdir. Odatda, o`ziga yoki mahsuloti sifatiga ishonmagan sotuvchilar qo`rslik qilishadi. Bundaylar uchun eng yaxshi chora ulardan buyum sotib olmaslik.
3. Jamoat transportida, ko`pincha, ertalabki tiqilinch sabab avtobus haydovchisi, yo`lovchilar yoki konduktorning “qahriga duchor” bo`lamiz.
Aytish kerakki, yomon kayfiyat ham, yaxshi kayfiyat ham yuqumli bo`ladi. Shuning uchun tiqilinch transport vositalaridagi asabbuzarliklarni imkon qadar ko`ngilga olmaslik kerak. Agar shunda ham surbetlarga uchrab qolsangiz, og`zaki “aykido” usulini qo`llashni taklif qilamiz. Masalan, sizni ahmoqlikda ayblashsa: “Qoyil, judayam topag`on, sezgir ekansiz!” deya “maqtab” qo`ying.
4. Biror erda uzundan-uzoq navbat kutishga to`g`ri keldi. Sizning esa vaqtingiz tig`iz. Shu bois o`zingizni shu tashkilotda ishlaydigan xodim qilib ko`rsatish haqida o`yladingiz. O`yladingiz-u, buni amalda eplolmayapsiz. Xo`sh, nima qilmoq kerak?
Bunday “uddaburon”likni uddalashdan avval ertaroq o`rindan turib, shu eshik tagiga birinchilardan bo`lib kelishga harakat qilish lozim. Odamlarni aldashga, surbetlik va vijdonsizlikka o`rgangan kishilar o`z manfaatlari yo`lida yuzlariga niqob tortib, har qanday yo`l bilan ish bitirishga ko`nikib ketishgan. Agar o`zingizni ular safida ko`rishni istamasangiz, yaxshisi, navbatdan o`zib ketishga urinmay, vijdon amriga quloq tuting. Xullas, rol o`ynashga hojat yo`q!
5. To`y-hashamlar, oilaviy tadbirlarda raqs tushishdan uyalasizmi? hamkasblar bilan o`tkaziladigan kechalarda raqsga taklif qilmasliklari uchun eng oxirgi stolga o`tirasizmi? Agar shunday bo`lsa...
Yaxshilab o`ylab ko`ring va tan oling: siz raqs tushishdan emas, odamlar ko`z o`ngida kulgiga qolishdan qo`rqasiz. Shuni bilingki, boshqalar ham maxsus to`garaklarga borib raqs o`rganishmagan. Dugonalaringizning o`yinlarini kuzating, yolg`iz qolganingizda esa o`zingizga yoqqan harakatlarni takrorlab ko`ring va asta-sekin bu mashg`ulot sizga yoqa boshlaydi.
6. Yaqindagina bir tanishingiz bir hafta muddatga qarz berib turishingizni iltimos qilgan edi. Mana, roppa-rosa bir oy bo`ldiki, qarzini qaytarmayapti. Siz esa so`rashga iymanayapsiz.
Odamlar shunchaki qarz so`rashmaydi. Ehtiyoj va zarurat yuzasidan o`zlari ishongan, hadlari siqqan kishidangina pul olishadi. Sizdan qarz so`rashsa (ayniqsa, katta miqdordagi pul bo`lsa), bilingki, umid qilib eshigingizga kelishgan. Shunday bo`lsa-da, ishni puxta qiling: qarzni qaytarib olish muddatini aniq kelishib oling. Agar to`g`ridan-to`g`ri so`rashni istamasangiz, gap orasida o`zingizga ham pul kerak bo`layotganini qistirib o`ting. Axir, pulni ko`chadan supurib olganingiz yo`q, zarurat tug`ilsa, so`rashga haqqingiz bor.
7. Ko`p qavatli uyda yashasangiz, yuqorida yashovchi qo`shnilar yuvilgan kir ustiga dasturxon qoqishi yoki biror nima tashlashi mumkin. Bu kabi muammolar sizga begona bo`lmasa kerak?
Ota-bobolarimiz hovli olma, qo`shni ol, deb bejiz ta`kidlashmagan. Xonadonimiz xotirjamligi ko`p jihatdan qo`shnilar bilan munosabatga ham bog`liq. Biroq ular farosatsiz bo`lishsa, biz aql yo`lidan borishimiz kerak. Qo`shnilaringiz bilan janjallashmay to`g`ri qilasiz, negaki, bu muammoni boshqa yo`l bilan hal etish ham mumkin. Masalan, yashash joyingizdagi mahalla maslahatchisiga murojaat qiling. hech bir odam el-yurt oldida izza bo`lishni istamaydi, shu ma`noda tajribali maslahatchi qo`shningiz bilan suhbat jarayonida muammoga nuqta qo`ya biladi. O`zingiz ham uni ko`rganda jahl qilib emas, ochiq chehra bilan muomala qiling. Zero, qo`shnilar muomalaga qarab, munosabatlarini o`zgartirishlari tajribada ko`p kuzatilgan.
8. Yo`l harakati xavfsizligi xizmati noziri bilan qanday murosa qilish mumkin?
Ba`zan yo`l harakati xavfsizligi qoidalarini buzmagan bo`lsak ham nozir to`xtatganida ko`pchiligimiz jahl bilan noroziligimizni namoyon qilamiz. Natijada, arzimagan kamchilik tufayli jarima orttirib olishimiz hech gap emas. Shuni bilingki, ular siz mashinadan tushgan zahotingiz kimligingizni qiyofangizdan aniqlab olishadi. Agar suhbatni xushomadgo`ylikdan boshlasangiz va yuz ifodangizda ishonchsizlik sezilib qolsa, sovuq qarshi olinasiz. Shuning uchun, imkon qadar o`zingizga ishonch bilan, ortiqcha xushomadlarsiz muomala qilishga urinib ko`ring.
9. Turmush o`rtog`ingizni yangi ko`ylak olib berishiga ko`ndirmoqchimisiz?
Mutaxassislar o`tkazgan tadqiqotlar natijasiga qaraganda, erkak kishi charchagan paytda undan biror narsa iltimos qilinsa, ko`proq rozilik bildiradi. Shuningdek, do`stlari bilan choyxonadan kelgach yoki shirakayf bo`lganida qilingan iltimoslarga ham ijobiy javob qaytaradi. Biroq pul so`rashdan avval turmush o`rtog`ingizning bunga imkoniyati bormi yoki yo`qligini aniqlang, aks holda “teskari reaksiya”ga uchrashingiz mumkin.
10. Qo`lingizda pul turmaydi, uni havoga sovurib yuboraverasiz, shundaymi?
O`zingizni rag`batlantirishning boshqa usulini toping! Ba`zilar uchun xaridlar stressdan xalos bo`lish usullaridan biri bo`lsa, boshqalar ko`zlariga chiroyli ko`ringan narsaga egalik qilishni istaganlari uchun narsa-buyum sotib olishga o`ch bo`lishadi. Ko`chaga chiqa turib, faqat xarajatlarga etadigan pul oling. Bozor qilishdan avval, albatta, ro`yxat tuzing.
Ruhshunos – Shahnoza Xalilova tavsiyalari asosida
Saodat tayyorladi.