"Luxiders" xalqaro jurnalida "Londonda Markaziy Osiyo modasining qayta tiklanishi" sarlavhali maqola chop etildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo"AA.
Maqolada qayd etilishicha, so‘nggi yillarda Markaziy Osiyo liboslar dizaynerligi sezilarli yutuqlarga erishmoqda. Xususan, betakror ranglar, nafis matolar va ko‘p asrlik hunarmandchilik an’analari bilan mintaqa dizaynerlari Britaniya poytaxtiga madaniy merosga asoslangan, ammo zamonaviy uslubga ega bo‘lgan yangicha liboslarni olib kirmoqda.
"Londonda toshkentlik ijodkorlar soni tobora ortib bormoqda. Ular ona yurtlarining milliy madaniyatini zamonaviy moda auditoriyasiga manzur bo‘ladigan usuldagi liboslarga ko‘chirmoqda. Jumladan, toshkentlik dizayner Kamola Rustamovaning ijodi bu uyg‘unlikning yorqin namunasidir",– deb ta’kidlangan nashrda.
Qayd etilishicha, Kamolaning "Azkuar Moreno" nomi ostidagi brendi o‘zbek milliy liboslarini ispan kostyumi elementlari bilan uyg‘unlashtirdi. "O‘ylab ko‘ring, ikat matolari qayta ishlangan flamenko liboslari yoki yenglari bilan tikilgan kurtkalar qanchalar chiroyli va bejirim ko‘rinadi. Natijada bir vaqtning o‘zida global va betakror to‘plam paydo bo‘ldi", – deb yozadi muallif.
Maqolada ta’kidlanishicha, Kamola Rustamovaning O‘zbekistondagi studiyasiga londonlik mijozlari tez-tez tashrif buyuradi. Ularning aksariyati dizaynerning ijod mahsullarini o‘zlari kiygan eng ajoyib liboslar sifatida e’tirof etadi. Bu maqtovlar Kamola yaratgan yangi liboslar dizaynlarining naqadar o‘ziga xosligi va moda ixlosmandlari orasida anchayin mashhur ekanligini ko‘rsatadi. Shuningdek, nafislik va tarixni xush ko‘radigan londonliklar uchun o‘zbekcha chopon va atlasdan yaratilgan liboslar bu mavsumning eng katta moda tendensiyasi bo‘lishi kutilmoqda.
"Kiyinish ham madaniyat bilan chambarchas bog‘liq va bu jihat kishini ilhomlantiradi. Ayniqsa an’anaviy uslub zamon bilan uyg‘unlashganda", – deya Komala Rustamova so‘zlaridan iqtibos keltirilgan nashrda.
Maqola yakunida "Toshkent, Bishkek va Olmaota kabi shaharlarda yetishib chiqayotgan yangi avlod dizaynerlari o‘zlarining betakror ijod namunalari bilan jahon moda olamining yangi tendensiyalarini yaratishda ulkan hissa qo‘shmoqda", – degan so‘zlar bilan yakunlangan.