Sovuq kunlar, qor yoki yomg`ir sochlar go`zalligiga ta`sir qilmay qolmaydi: jingalaklanadi, tartibsiz holga keladi, darrov yog`lanadi. Xo`sh, bayram kunlari sochlarimiz jilokor bo`lishi uchun nima qilishimiz kerak?
- Soch uchun mo`ljallangan vositalarning tarkibida silikon, keramid, keratin va pantenol borlaridan tanlang. Shunda bosh kiyimi kiysangiz ham, sochlaringiz tartibsiz holga kelmaydi.
- Bodom yog`ini surtishni unutmang. Yana sochlaringizni shampunlab yuvgach, 1 litr suvga 1 osh qoshiq olma sirkasi solib, chaysangiz, ular yaltirab turadi. Yana bir usul, sochlarni sovuqroq suvda yuvish.
- Sovuq ob-havoda sochlar uchi sinib, gullaydi. Sochlarni shampunlab yuvgach, uchidagi suvni silqitib, uqalang. So`ngra chayib, soch uzunligi bo`ylab kondisionerdan surting. 5 daqiqadan so`ng sovuqroq suvda yuving.
- Ko`pchilik ayollar sochlariga yog` surtishdan cho`chiydi. Agar moylarni to`g`ri tanlab, surtsangiz, sochlar yog`lanib ketmaydi, aksincha sog`lomlashib, ko`rkamlashadi. Qalin sochlar uchun kanakunjut moyi ayni muddao. Hurpaygan sochlar uchun esa bodom yoki o`simlik yog`i yaxshi tanlov. Siyrak tolalarga esa kokos yog`i yoki uzum donagi moyi to`g`ri keladi.
- Singan, fen va dazmol sabab jilosini yo`qotgan sochlarni tiklash uchun haftasiga 2 marta ushbu niqobdan foydalanish tavsiya etiladi. 1 dona ko`pirtirilgan tuxumni 1 choy qoshiq suyuq asal va 2 choy qoshiq o`simlik yog`i bilan aralashtirib, 30 daqiqaga sochlaringizga surtib qo`ying. So`ngra shampun bilan bemalol yuvishingiz mumkin.





