1

«O`g`lim dadasini so`rashidan qo`rqaman...»

SUG'DIYONA 23.12.2016, 15:38
Teglar: Ona va bola
«O`g`lim dadasini so`rashidan qo`rqaman...»

— Ishq degani ko`ngilga so`roqsiz, ogohlantirishsiz tashrif buyurarkan. Ichki tuyg`u qarshingda turgan insonga ishonish mumkinligini aytarkan. Ehtimol faqat menda shunday bo`lgandir, bilmadim. Qalbimdagi shu ovozga quloq tutdim. O`sha yigit tuyg`ularimni toptamasligiga, sira aldamasliga ishondim. Chunki o`zim shu kungacha yolg`on gapirgan emasdim. Oramizda xech qanday to`siq yo`qdek tuyulardi. Balki shundanmi, xotirjamlikka berilib iffatimni ham uning qo`liga tutqazibman. Keyin bilsam, homilador ekanman. Bu haqda aytgandim, go`dakni oldirishim kerakligini ta`kidladi. Buning gunoh ekanligini, sira ham mumkin emasligini tushuntirishga qancha harakat qilmay, tinglashni ham istmasdi. Oxiri «Agar bolani oldirmasang, yo`llarimiz ayriladi» deya shart qo`ydi. Qarorimni bildirganimdan keyin qorasini ham ko`rsatmay qo`ydi. Uni qidirmagan erim qolmadi. Bilsam, qonuniy oilasi, bolalari bor ekan. To`g`risi, hozir ham uni yaxshi ko`raman, shuning uchun tinchini buzishni istamadim. Farzandimni dunyoga keltirdim. O`g`lim yaqinda bir yoshga to`ladi. Qilgan ishimdan ming bora  pushaymonman. Lekin so`nggi pushaymon o`zingga dushman deganlari rost ekan. Qancha afsus cheksam ham, endi xatomni to`g`rilab bo`lmaydi. Qarindosh-urug`larim ham mendan yuz o`girishgan. Ko`cha-ko`yga chiqishga uyalaman, odamlarning ko`ziga qarashdan o`zimni olib qochaman. Faqat o`g`limning yonidagina xotirjamlikni tuyaman. Ba`zan hayolimga uni dunyoga keltirib to`g`ri qildimmikan degan o`ylar ham keladi. So`ng o`zimdan nafratlanib ketaman. Qolgan umrimni farzandimning tarbiyasiga bag`ishlashni istayman. Faqat katta bo`lganida, «Dadam qani?» deb so`rashidan xavotirdaman. Qolaversa, mahalla-ko`yda men haqimda turli mish-mishlar tarqalgan. Ularga qanday chidash mumkinligini bilmayman. Maslahat bering, to`g`ri yo`lni ko`rsating. Nima qilay? Ismim va manzilimni sir tutsangiz.  

Qaynonajon: — Hayot so`qmoqlarida qoqilmoq insonning bir umriga tatiydi. Aldanmoq undan-da og`ir. Shu bois donishmand xalqimiz oilada tarbiya topayotgan qiz bolaning odob-axloqi, sharm-hayosi, o`zligini, qadr-qimmatini asrashini o`ta muhim masala tarzida qaraydilar. Yigitlarning o`ldim-kuydimiga ishonish kerakmas. Qiz bola o`ziga nisbatan mas`uliyatli bo`lishi shart. Hoyu havaslar qurboniga aylanib qolmaslik, kelajakda baxtli ayol bo`lish uchun ham sabrli, mulohazali va har bir qadamini o`ylab bosadigan bo`lish shart. Sizning afsuslaringiz boshqa qizlarimizga ham saboq bo`lishi uchun aytayapman bularning barini.

Xato qilganingizni tushunib etganingiz yaxshi. O`sha kunlardayoq huquq-tartibot organlariga murojaat qilib, haq-ququqingizni talab qilsangiz bo`lardi. U nomardga siz ayol boshingiz bilan mardlik qilibsiz. Afsuski, sizga o`xshab aldanganlar yo`q emas. Holbuki qars ikki qo`ldan chiqadi. Endi bu yog`iga o`ylab ish tutish kerak bo`ladi, qizim. Yaratgan sizni siylab farzand ne`matini beribdi. U suyanchig`ingizdir. Bolajoningizni chiroyli tarbiyalash, sog`lom qilib voyaga etkazish birinchi galdagi vazifangiz. Qolaversa, ona qizim, o`zingizga munosib, sizni tushunib, bolangizga ota bo`la oladigan inson bilan taqdir yo`llaringizni bog`lashga harakat qiling. Chunki yolg`izlik Allohga xos. Ota-ona maslahatisiz ish qilmang. Bo`lib o`tgan voqeadan so`ng tushkunlikka tushganingiz aniq, yigitlarga ishonmay qolganingiz ham bor gap. Biroq hali hayotingiz oldinda. Ba`zida inson xatolar ichra o`zligini topadi, ko`zi ochiladi. Qolaversa, o`z kasbu koringiz buyicha yaxshi ishlarni amalga oshiring. Jamiyatga manfaat keltirish eng ezgu ish. Mehnat insonni nochorlik, tushkunlik kabi holatlardan chiqishiga yordam beradi. Sizga mustahkam iroda, baxtli oila qurishingizni tilab qolamiz.

Shahnoza XALILOVA, ruhshunos: — Singlim, xatoga yo`l qo`ygansiz va buni o`zingiz ham tushunib turibsiz. Jamiyat ham bunday holni qabul qilishi mushkul. Qarindoshlaringizni, yaqinlaringizni tushunishga urinib ko`ring. Buning uchun esa o`zingizni ularning o`rniga qo`ying. Biroq bu hayot tugadi, degani emas. Inson bir bora xatoga yo`l qo`ygandan keyin muhimi shu xatoni ikkinchi marta takrorlamaslikdir. Odamlarga aslida buzuq ayol emasligingizni isbotlash uchun ham qayta bunday xatoga yo`l qo`ymang. Azoblardan xalos bo`lish uchun birinchi galda, o`zingizni va o`sha sizni aldagan insonni kechirishingiz kerak, menimcha. Og`ir kuningizda yordam qo`lini cho`zmagan odamlarning nima deb o`ylashlariga esa ahamiyat bermang. Ehtimol, ular siz yo`l qo`ygan xato haqida o`ylab ham o`tirishmas, chunki hozirgi zamonda har kimning tashvishi o`ziga etarli. Balki bu chegaralarni o`zingiz o`rnatib olgandirsiz.  Yaxshisi, diqqatingiz boshqa narsalarga qarating. Bundan buyon bor kuchingizni to`plab, irodangizni jamlayvering. Yo`qsa hayot sinovlaridan, turli gap-so`zlardan osongina sinib qolishingiz mumkin. Agar siz o`zingizni baxtga loyiqman deb hisoblasangiz, atrofdagilar ham siz haqingizda shunday o`ylashadi. Agar endi ta`nayu malomatga ko`milib yashashga mahkumman deb o`zingizni jazolayversangiz, qolganlar ham huddi shunday yo`l tuta boshlaydilar. Vaziyatni o`zingizga yuborilgan sinov deb qabul qiling. Vaqti-soati bilan, albatta, sizga atalgan quvonchli kunlar keladi.

Saodat OChILOVA yozib oldi. 

Sharhlar

ShIFOKORLAR VA TURMUSh O`RTOG`INING TALABIGA KO`NMAY, NOGIRON BOLANI VOYaGA ETKAZGAN AYoL (FOTO)

07.07.2017, 11:59

1988 yilda xitoylik Szou Xongyan (Zou Hongyan) o`g`ir farzand ko`rgan edi, deb yozdi Pozitivno.me nashri . Ammo tug`ruq asoratsiz o`tmadi. Ayolning o`g`lida serebral falajlik aniqlanib,...
​Amerikalik ayol semizligi uchun o`g`lini yoqib yuborishga harakat qildi

06.07.2017, 16:42

Amerikalik polisiyachilar qabristonda ro`y bergan voqeani o`rganmoqda, deb xabar berdi Ntv.ru nashri. 48 yoshli Sherri Rixter o`g`lining haddan ortiq semizligi tufayli undan qutulmoqchi bo`ldi. Ayol...
​Lola har bir ona farzandiga tez-tez aytishi lozim bo`lgan 6 ta iborani sanab o`tdi

04.07.2017, 11:06

Xonanda Lola Instagram`dagi sahifasi orqali yosh bolalarga ota-onalar tomonidan tez-tez aytilishi kerak bo`lgan iboralarni yozib qoldirdi. “Farzandingiz og`ir-bosiq, baxtli, o`ziga ishonchi yuqori bo`lib ulg`ayishini, eng...
​Tayvanda qarimaydigan ayollar oilasi yashashi aniqlandi (Foto)

29.06.2017, 16:48

Tayvanda yillar o`tgan sari qarimaydigan ayollar oilasi yashashi aniqlandi, deb xabar berdi Tengrinews.kz nashri.Mazkur oilada nafaqat uch opa-singil, balki ularning onasi ham juda yosh ko`rinadi....
Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1