Ispaniya milliy terma jamoasi 2026 yilgi Jahon chempionati finalida Argentina ustidan qo‘shimcha bo‘limlarda 1:0 hisobida g‘alaba qozonib, o‘z tarixida ikkinchi bor jahon chempioni bo‘ldi.
AQShning Nyu-Jersi shtatidagi Ist-Raterford shahrida joylashgan "Metlayf" stadionida o‘tkazilgan final uchrashuvining asosiy vaqtida darvozalar daxlsiz qoldi. G‘olib aniqlash uchun qo‘shimcha bo‘limlarga murojaat qilindi.
Uchrashuvning 106-daqiqasida Ferran Torres Ispaniyaga g‘alabani taqdim etgan yagona goln urdi. Argentina ikkinchi bo‘limga qo‘shib berilgan vaqtda yarim himoyachi Enso Fernandes ikkinchi sariq kartochkasini olib, maydonni tark etgan edi.
Shu tariqa, amaldagi jahon chempioni Argentina terma jamoasi bu safar kumush medallar bilan kifoyalandi.
Ispaniya terma jamoasi o‘z tarixida ikkinchi bor Jahon chempionati finalida ishtirok etdi va har ikki finalda ham g‘alaba qozondi. "Qizil furiya" ilk bor 2010 yilda jahon chempionligini qo‘lga kiritgan edi.
Ispaniya ikkinchi chempionligi orqali Fransiya va Urugvayga yetib oldi. Jahon chempionatlarida eng ko‘p g‘alaba qozongan terma jamoa hanuz Braziliya hisoblanadi — 5 ta chempionlik. Keyingi o‘rinlarda Italiya va Germaniya — 4 tadan, Argentina — 3 ta chempionlik bilan bormoqda. Angliya esa bir marta jahon chempioni bo‘lgan.
Eslatib o‘tamiz, 2026 yilgi Jahon chempionati 11 iyundan 19 iyulgacha AQSh, Kanada va Meksika hududlarida o‘tkazildi. Musobaqa tarixda birinchi marta 48 ta terma jamoa ishtirokida tashkil etildi.
Navbatdagi Jahon chempionati 2030 yilda Ispaniya, Portugaliya va Marokashda o‘tkaziladi. Turnirning dastlabki uchta uchrashuvi esa Argentina, Paragvay va Urugvayda bo‘lib o‘tadi.






