O‘zbekiston milliy terma jamoasi hujumchisi Eldor Shomurodovning 2026 yilgi futbol bo‘yicha Jahon chempionatida Kongo Demokratik Respublikasi darvozasiga kiritgan goli turnirning eng chiroyli gollari reytingida ikkinchi o‘rinni egalladi. Bu haqda Xalqaro futbol federatsiyasi (FIFA) ma’lum qildi.
FIFA rasmiy saytida o‘tkazilgan muxlislar ovoz berish yakunlariga ko‘ra, musobaqaning eng chiroyli goli muallifi sifatida Kabo-Verde terma jamoasi himoyachisi Sidni Lopes Kabral e’tirof etildi. U Argentinaga qarshi Jahon chempionati 1/16 final bahsida urgan goli bilan birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.
Ovoz berish natijalariga ko‘ra, Eldor Shomurodovning Kongo Demokratik Respublikasiga qarshi kiritgan goli ikkinchi, Gaiti terma jamoasi futbolchisi Vilson Isidorning goli esa uchinchi o‘ringa munosib deb topildi.
Kabralning g‘oliblikka munosib ko‘rilgan goli Mayami shahrida bo‘lib o‘tgan Argentinaga qarshi bahsning qo‘shimcha bo‘limida urildi. U raqib himoyachisini mahorat bilan aldab o‘tib, jarima maydoni tashqarisidan darvozaning uzoq yuqori burchagini aniq nishonga olgan. Uchrashuv Argentina terma jamoasining 3:2 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlangan bo‘lsa-da, aynan shu zarba turnirning eng chiroyli goli sifatida tan olindi.
Mukofotni qabul qilar ekan, 23 yoshli futbolchi o‘sha vaziyatni eslab o‘tdi.
"Raqibimdan o‘tib ketganimdan keyin bo‘sh hududni ko‘rdim va zarba berishga qaror qildim. Ikkala oyog‘im bilan ham yaxshi zarba bera olaman. To‘p yuqori burchak tomon ketayotganini ko‘rib, “Men nima qilib qo‘ydim?” deb o‘yladim. Bu Jahon chempionatida urilgan gol edi va uning shunday chiqqanini anglash juda qiyin bo‘ldi", dedi Kabral.
Futbolchining aytishicha, u o‘yindan oldin gol ursa, tribunada o‘tirgan onasi Tereza va sevgilisiining oldiga yugurib borishini aytgan. Biroq gol nishonlangan paytda onasi kuchli hayajon tufayli hushidan ketgan.
"Yoniga etib borganimda onam yig‘layotganini ko‘rdim. Ammo uning oldiga kelganimni ham sezmagan ekan. Atrofdagilar uni hushiga keltirish bilan ovora edi, chunki gol urganimda hayajondan hushidan ketib qolgan ekan", dedi Kabral.
Qayd etilishicha, turnirning eng chiroyli goli uchun da’vogarlar ro‘yxatidan Yangi Zelandiya vakili Elayja Jast, Fransiya terma jamoasi hujumchisi Kilian Mbappe, Argentina sardori Lionel Messi, Bosniya va Gersegovina futbolchisi Kerim Alaybegovich, Yaponiya vakili Dayzen Maeda, Norvegiya hujumchisi Erling Xoland, Argentina futbolchisi Xulian Alvares, Angliya yarim himoyachisi Jud Bellingham hamda Ispaniya terma jamoasi vakili Ferran Torres ham o‘rin olgan.






