Fransiya futbol federatsiyasi afsonaviy futbolchi va murabbiy Zinedin Zidanni mamlakat milliy terma jamoasi bosh murabbiyi etib tayinlanganini rasman e’lon qildi.
Ma’lum qilinishicha, 54 yoshli mutaxassis bilan 2030 yilgi Jahon chempionati yakuniga qadar amal qiladigan to‘rt yillik shartnoma imzolangan.
Zidan 2026 yilgi Jahon chempionatidan so‘ng terma jamoani tark etgan Didye Deshamning o‘rnini egalladi. Desham 2012 yildan beri Fransiyani boshqarib kelgan bo‘lib, uning qo‘l ostida jamoa 2018 yilgi Jahon chempionati va 2021 yilgi UEFA Millatlar ligasida bosh sovrinni qo‘lga kiritdi. Shuningdek, fransuzlar Euro–2016 hamda 2022 yilgi Jahon chempionatida finalgacha yetib bordi.
2026 yilgi mundialda Fransiya yarim finalda Ispaniyaga 0:2 hisobida mag‘lub bo‘ldi. Uchinchi o‘rin uchun kechgan bahsda esa Angliyaga 4:6 hisobida imkoniyatni boy berib, musobaqani to‘rtinchi pog‘onada yakunladi.
Ma’lumot uchun, Zinedin Zidan 2021 yil may oyida "Real Madrid" bosh murabbiyligidan ketganidan beri hech bir jamoada ishlamagan edi. U "Qirollik klubi"ni 2016–2018 va 2019–2021 yillarda boshqarib, uch marta UEFA Chempionlar ligasi, ikki marta Ispaniya chempionati, ikki marta UEFA Superkubogi, ikki marta Ispaniya Superkubogi hamda ikki marta FIFA Klublar o‘rtasidagi jahon chempionati g‘olibligini qo‘lga kiritgan.






