Mamlakatda tashqi iqtisodiy bosim oqibatlarini yumshatishga qaratilgan ikki yillik reja ishlab chiqilgan. Bu haqda Eron iqtisod va moliya vaziri Sayed Ali Madanizoda 24 avgust kuni davlat telekanaliga bergan intervyusida ma'lum qildi.
Madanizodaning aytishicha, Tehron AQShning yangi cheklovlarini uzoq vaqtdan beri kutib kelgan va ularga qarshi zarur choralarni oldindan ishlab chiqqan.
Hukumatda ikki yillik reja bor va unda yuzaga kelishi mumkin bo'lgan barcha holatlar hisobga olingan”, degan vazir.
Uning ta'kidlashicha, Vashington Eron iqtisodiyotining asosiy "tomirlari"ni uzish orqali o'z maqsadiga erisha olmaydi. Madanizoda AQShning yangi choralarini iqtisodiy bosim sifatida baholab, Tehron bunga javob choralariga ega ekanini aytgan.
Vazir, shuningdek, avvalgi urush oqibatida mamlakatning po'lat va neft-kimyo sanoatiga jiddiy zarar yetganini qayd etdi. Uning so'zlariga ko'ra, zarar ko'rgan korxonalarni qayta ishga tushirish va tiklash ishlari olib borilgan.
Bu orada AQSh Eronga nisbatan iqtisodiy bosimni kuchaytirdi. AQSh Moliya vaziri Skott Bessent 24 avgust kuni Tehron bilan iqtisodiy aloqalarni saqlab qolayotgan davlatlar va kompaniyalarga nisbatan ikkilamchi sanksiyalar qo'llanishi mumkinligidan ogohlantirdi. Vashingtonning ta'kidlashicha, Eron bilan savdo munosabatlarini davom ettiruvchilar AQSh dollariga asoslangan xalqaro moliyaviy tizimdan chetlatilishi mumkin.
Shuningdek, AQSh Moliya vazirligi Eronning sanksiyalarni chetlab o'tishda foydalanayotgan deb hisoblangan raqamli aktivlar, texnologiyalar, oltin, aviatsiya va dengiz tashuvlari sohalariga nisbatan ikkilamchi sanksiyalar qo'llash imkoniyatini ma'lum qildi.
AQShning yangi choralari doirasida jami 60 nafar shaxs, tashkilot va kemaga nisbatan sanksiyalar e'lon qilingan.
Tehron esa Vashingtonning yangi sanksiyalari mamlakat iqtisodiyotini izdan chiqara olmasligini bildirmoqda. Eron rasmiylari sanksiyalarga javob choralari ko'rilishi mumkinligini ham istisno qilmayapti.






