25 avgust kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida yangi ob'ektlarni ishga tushirish marosimi bo'lib o'tdi.
Ta'kidlanishicha, umumiy qiymati qariyb 50 trillion so'm bo'lgan mazkur loyihalar doirasida 15 mingta yangi ish o'rni yaratiladi. Shuningdek, ular hisobiga davlat byudjetiga yiliga qo'shimcha 1 trillion so'm tushum tushishi kutilmoqda.
Ishga tushirilgan investitsiya loyihalari energetika, qishloq xo'jaligi va oziq-ovqat sanoati, metallurgiya, avtomobilsozlik, elektrotexnika, qurilish materiallari, tog'-kon, to'qimachilik va yengil sanoat kabi sohalarni qamrab olgan.
Jumladan, Sirdaryo viloyatida 1 573 megavatt quvvatga ega elektr energiyasi ishlab chiqarish obyekti, Qoraqalpog'iston Respublikasida 200 megavattli shamol elektr stansiyasi hamda 100 megavattli energiya saqlash tizimi ishga tushirildi.
Ijtimoiy sohada esa 36 ta bolalar bog'chasi, 43 ta maktab, 7 ta oliy ta'lim muassasasi va 3 ta shifoxona foydalanishga topshirildi.
Shuningdek, Yangi Toshkent hududida 10 gektar maydonda barpo etilgan Yangi O'zbekiston universitetining yangi majmuasi ish boshladi. Bu yerda 7 ming nafar talaba tahsil olishi uchun sharoit yaratilgan.
Qarshi shahrida 400 milliard so'mlik Iqtisodiyot va pedagogika universitetining yangi bino va inshootlari, shuningdek, 30 ming kvadrat metr maydonga ega besh qavatli Milliy kutubxona ham foydalanishga topshirildi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev yangi ob'ektlarni barpo etishda ishtirok etgan investorlar, tadbirkorlar, quruvchilar, muhandis va loyihachilar mehnatini yuqori baholadi.
Marosim yakunida davlat rahbari ramziy tugmani bosib, 72 ta yirik investitsiya loyihasi hamda 91 ta ijtimoiy soha ob'ektini foydalanishga topshirishga start berdi.






