Qirgʻiziston Vazirlar Mahkamasi raisi — Prezident Administratsiyasi rahbari Adilbek Qosimaliyev Qurilish, arxitektura va uy-joy kommunal xoʻjaligi vaziri Nurdan Oruntayevga hayfsan eʼlon qildi. Bu haqda mamlakat Vazirlar Mahkamasi maʼlum qildi.
Maʼlum qilinishicha, intizomiy jazo vazir zimmasiga yuklatilgan mehnat vazifalarini lozim darajada bajarmagani uchun qoʻllangan. Biroq rasmiy xabarda hayfsanning aniq sabablari koʻrsatilmagan.
Mazkur qaror ijtimoiy tarmoqlarda Qirgʻizistonning Talas viloyatida yuz bergan janjal haqidagi xabarlar tarqalganidan bir necha kun oʻtib qabul qilindi.
22 avgust kuni Talas viloyatidagi “Manas Ordo” majmuasida qurilish ishlari vaqtida mojaro sodir boʻlgan. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlarda ushbu voqeaga Nurdan Oruntayev hamda Talas viloyatidagi prezidentning vakolatli vakili Ermat Jumayev aloqador ekani aytilgan.
Keyinroq voqea aks etgan videolar tarqaldi. Unda Oruntayev janjal ishtirokchilari oʻrtasidagi mojaroni ajratishga urinagani koʻrinadi. Talas viloyati Ichki ishlar boshqarmasi maʼlumotiga koʻra, holat yuzasidan tekshiruv boshlangan. Janjal ishtirokchilari esa bir-biriga nisbatan daʼvolari yoʻqligini bildirgan.
Shu bilan birga, Qirgʻiziston Vazirlar Mahkamasining Oruntayevga berilgan hayfsan aynan ushbu janjal bilan bogʻliq ekani haqida hozircha rasmiy maʼlumot berilmagan.






