O‘zbekistonda Ta’lim va ilm-fan vazirligi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari belgilandi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.
Prezident qaroriga muvofiq, vazirlik ta’lim, ilm-fan va ilmiy faoliyat sohalaridagi vakolatli respublika ijro etuvchi hokimiyat organi hisoblanadi.
Hujjatga ko‘ra, vazirlikda autsorsing asosida Call-markaz va qayta aloqa tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Call-markaz orqali aholining murojaatlari, shikoyatlari, takliflari va e’tirozlari qabul qilinib, tezkor ko‘rib chiqiladi hamda tegishli tashkilotlarga yo‘naltiriladi.
Qayta aloqa tizimi aholi va ta’lim hamda ilm-fan tizimi xodimlari bilan muntazam muloqotni ta’minlash, ta’lim xizmatlari sifati va ommabopligi haqida ma’lumot olish, mavjud muammolarni aniqlash va tahlil qilishga xizmat qiladi.
Shuningdek, ta’lim va ilm-fan vaziri huzurida o‘quvchilar, talabalar, ota-onalar, pedagoglar va ish beruvchilar vakillaridan iborat Ta’lim bo‘yicha jamoatchilik kengashi tashkil etiladi.
Vazirlik hay’ati 15 nafar a’zodan iborat bo‘ladi. Unga vazir, uning o‘rinbosarlari, vazirlik huzuridagi agentliklar direktorlari, yetakchi oliy ta’lim tashkilotlari rektorlari, olimlar va pedagoglar kiradi.
Qaror bilan vazirga istisno tariqasida 2027-yil 1-fevralga qadar vazirlik markaziy apparatiga xodimlarni to‘g‘ridan to‘g‘ri suhbat asosida ishga qabul qilish vakolati berildi.
Bundan tashqari, Prezident Administratsiyasi huzurida inson kapitalini rivojlantirish va uzluksiz ta’lim strategiyasini ishlab chiqish bo‘yicha maxsus ishchi guruh tashkil etiladi.
Vazirlik huzurida Inson kapitalini rivojlantirish jamg‘armasi, Ta’lim va ilm-fan bo‘yicha strategik tadqiqotlar va baholash markazi hamda Bilim va malakalarni baholash agentligi ham faoliyat boshlaydi.
Shu bilan birga, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi huzuridagi Ta’limni rivojlantirish markazi faoliyati tugatiladi.
Avvalroq Ta’lim va ilm-fan vaziriga o‘rinbosarlar tayinlangani haqida xabar berilgan edi.






