AsosiyJAMIYAT

O‘zbekistonda pedagog va o‘quvchilar psixologik diagnostikadan o‘tkaziladi

Birinchi bosqichda tizim maktabgacha va umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida, ikkinchi bosqichda esa o‘rta maxsus, kasbiy va oliy ta’lim tashkilotlarida joriy etiladi.

'O‘zbekistonda pedagog va o‘quvchilar psixologik diagnostikadan o‘tkaziladi'ning rasmi

O‘zbekistonda barcha ta’lim tashkilotlari pedagoglari, tarbiyachilari, o‘quvchilari, tarbiyalanuvchilari va talabalarini bir o‘quv yilida kamida bir marta maqsadli psixologik diagnostikadan o‘tkazish tartibi joriy etiladi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.

Prezident qaroriga muvofiq, yangi tartib ikki bosqichda amalga oshiriladi. Jumladan, 2026/2027-o‘quv yilidan maktabgacha va umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlari, 2027/2028-o‘quv yilidan esa o‘rta maxsus, kasbiy va oliy ta’lim tashkilotlari qamrab olinadi.

Psixologik diagnostika Psixologiya ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan maxsus elektron platforma orqali tashkil etiladi. Bunda shaxsga doir ma’lumotlar va diagnostika natijalarining maxfiyligi ta’minlanadi.

Diagnostika natijalari sun’iy intellekt texnologiyalari yordamida tahlil qilinib, pedagog va o‘quvchilar uch guruhga ajratiladi. Bular — "psixologik barqaror", "psixologik qo‘llab-quvvatlashga muhtoj" va "faol psixologik qo‘llab-quvvatlash zarur" toifalaridir.

Psixologik yordamga muhtoj deb topilganlarga ta’lim tashkiloti psixologi, faol psixologik qo‘llab-quvvatlash zarur bo‘lganlarga esa tegishli hudud bo‘yicha mentor psixolog biriktiriladi.

Psixologlarga ustama va bir martalik mukofot beriladi

Qarorda psixologlarni moddiy rag‘batlantirish choralari ham belgilangan. Kaskadli malaka oshirish kurslariga o‘qituvchi sifatida jalb etilgan psixologlarga ushbu davrda asosiy ish joyidagi lavozim maoshining 20 foizi miqdorida ustama to‘lanadi.

Shuningdek, o‘quv yili davomida psixologik barqarorlikni ta’minlashda yuqori natijalarga erishgan 150 nafar mentor psixolog mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 20 baravari miqdorida bir martalik moddiy rag‘batlantiriladi.

Ta’lim tashkilotlarining psixologik xizmat xodimlari har besh yilda kamida bir marta malaka oshirishi shart bo‘ladi.

Psixologiya ilmiy-tadqiqot instituti tashkil etiladi

Qarorga ko‘ra, Nizomiy Ganjaviy nomidagi O‘zbekiston milliy pedagogika universitetining Psixologiya o‘quv-ilmiy markazi negizida Psixologiya ilmiy-tadqiqot instituti tashkil etiladi. Institut Ta’lim va ilm-fan vazirligi bo‘ysunuviga o‘tkaziladi.

2027 yil 1 yanvardan boshlab institutda Raqamli psixologiya va sun’iy intellekt, Ta’lim psixologiyasi va psixologik xizmat hamda Psixologik salomatlik va profilaktika laboratoriyalari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.

Avvalroq O‘zbekistonda magistratura ta’limi amaliy va ilmiy-pedagogik yo‘nalishlarga ajratilishi haqida xabar berilgan edi.

    Boshqa yangiliklar