Farg‘ona viloyatining Qo‘qon shahrida jamoat joyida uyatli so‘zlarni ishlatgan erkakka 10 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi. Holatga aloqador ayol esa jarimaga tortildi.
Ma’lum qilinishicha, Qo‘qon shahrining Turkiston ko‘chasidagi avtobekatda erkak va ayolning xatti-harakatlari profilaktika inspektori e’tiborini tortgan. Inspektor ularga jamoat joyidagi xulq-atvor qoidalariga rioya qilish zarurligini tushuntirib, taksiga o‘tkazib jo‘natgan.
Biroq erkak avtomobilga o‘tirganidan keyin uyatli so‘zlarni ishlatgan. Uning xorijiy fuqaro bilan suhbati videoga olinib, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan.
Holatni o‘rganish davomida videoni tarqatgan shaxs Qo‘qonga sayohat maqsadida kelgan xorijiy fuqaro ekani va u erkak bilan avvaldan tanish bo‘lmagani aniqlangan.
Erkak o‘z izohida avtomobil eshigini yopayotganda oyog‘ini qisib olgani va og‘riq sabab noo‘rin so‘zlarni ishlatib yuborganini bildirgan.
Holatga oid hujjatlar Qo‘qon shahar sudiga yuborilgan. Sud qaroriga ko‘ra, erkakka 10 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan, ayol esa jarimaga tortilgan.






