Ayol jamiyatda o`z o`rnini topsa va qilgan ishiga yarasha moddiy manfaat ko`rsa, u o`zidan qoniqish his qiladi, xajaratlarini qoplay boshlaydi, oilasining biror koriga yaraydi, ro`zg`orning bir uchini ko`taradi, bilimi, malakasi va o`ziga bo`lgan ishonchi ortadi. Lekin oila boshlig`i bo`lgan erkaklar ko`pincha bu gapni ma`qullashmaydi: ayol kishi ishlasa, haddidan oshar emish, dimog`i balandlashib, ovozi jaranglay boshlarkan, agar turmush o`rtog`idan ko`proq pul topsa, mensimay qo`yarkan. Ba`zi oilalardagi munosabatlarga ko`zgu tutsangiz, oilada erkak va ayol vazifalari almashib qolganini, ikki o`rtadagi muvozanat yo`qolib, er va xotin bir-birini pisand qilmay qo`yganini ko`ramiz.
«Kelinim o`g`limni mensimaydi»
Mahfirat aya, 60 yosh: — O`g`lim bilan kelinim ikkisi sevishib turmush qurishgan. Ikki farzandi bor. O`g`lim tadbirkorlik bilan shug`ullanib, egani oldida, emagani ortida bo`lib yashagan paytlari kelinim uchun o`g`limdan yaxshisi yo`q edi. Biroq o`g`lim yaqin do`stiga ishonib, «katta ish boshlaymiz» deb bor sarmoyasini befoyda bir ishga tikdi-yu, ishlari orqaga keta boshladi. Shundan beri har xil ishning boshini ushlab ko`rayapti, omadi hech yurishmaydi. Kelinim hamisha katta eb, katta gapirib o`rgangani uchun sal etishmovchilik bo`lib qolsa, chidolmaydi. Qarz-qurs qilib bo`lsa ham kiyim-kechak, kerakmas buyumlar sotib olaveradi. Ishga chiqqaniga endigina bir yil bo`ldi, oylik maoshini faqat o`ziga sarflaydi. Nasihat qilsam, yoqmayman. Ro`zg`or xarajatlarini butunlayicha men va turmush o`rtog`im eplay olamiz. Er-xotin ikkovining urushi bolalar tarbiyasiga ta`sir qiladi, deb qo`rqaman.
Lola, 33 yosh: — Turmush qurganimizga 10 yildan oshdi. Xo`jaynimning yaxshi va yomon kunlarida yonida bo`ldim, iloji boricha uni qo`llab-quvvatlashga harakat qildim, oilaga foydam tegishi uchun ishga ham chiqdim. Lekin qaynota-qaynonamning yordamiyu mening pul topishim unga yoqib qoldi, tepsa-tebranmasga aylandi. Kun bo`yi uyda o`tiradi, biror ishga joylab qo`ysak, «Men rahbar bo`lganman, birovning qo`liga qarab, qachon oylik berarkan, deb kutib o`tirishga toqatim yo`q», deb darrov bo`shab oladi. Ota-ona o`g`lini yo`lga solish o`rniga kun bo`yi meni unga yomonlab o`tirishadi. Xuddi men ko`chada o`ynab yurgandek. Bolalar katta bo`layapti, xarajatlari ko`payib boryapti. Qaytona-qaynonamdan bolamning paypog`i, rasm daftari uchun pul so`rab o`tirmayman-ku! Oilaviy kelishmovchiliklar tufayli asablarim qaqshaydigan bo`lib qoldi, men ham hayotga bir marta kelaman, nima qilsam, avvalgi g`ayrati o`ziga qaytarkan? Agar ishlamasangiz, siz bilan ajrashaman deb qo`rqitsammikan?
Ko`zgu nima deydi? Mahfirat aya ko`pni va uzoqni ko`rgani uchun o`g`lining bugungi omadsizligini vaqtinchalik, deb biladi. Undagi xotirjamlik ana shundan. Biroq o`g`ilning kibrli dangasaga aylanib borayotganini xaspo`shlab bo`lmaydi. 60 yoshdan oshib ham sog`ligingiz, o`z tinchligingizni o`ylamay, kap-katta o`g`lining qo`liga pensiyasini tutqazib yashashni to`xtatishingiz kerak. Kelinim o`zgarib qoldi, deyapsiz. Albatta, o`g`il bilan birga kelin ham ulg`ayyapti. U bu oilaning barcha ikir-chikirlarini yoddan bilib, qaysi vaziyatda nima qilish va nima deyishni allaqachon o`zicha hal qilib bo`lgan. O`g`ilning o`rniga hamma muammoni hal qilaversangiz, uning o`rnidan turib, harakatga kelishi uchun hech qanday sabab topilmaydi-da! «Ishga chiqqandan keyin xotiningni tili chiqib qoldi» deyaversangiz, o`g`lingizning muammolari battar chigallashadi. Keliningiz bilan hamkorga aylaning, axir u o`z oilasi va eriga yomonlik tilamasligi aniq-ku! Ota-ona va rafiqa birlashsa, o`ziga bo`lgan ishonchi so`ngan erkakni yaxshi ishlarga ilhomlantirib, oyoqqa turg`azishi mumkin!
Lola, erkakning omadi unga umrining oxirigacha hamrohlik qiladi. Tashvishga tushayotganingiz o`rinli, ammo oila ustuni bo`lgan erni ko`pchilik oldida, ayniqsa, o`z bolalari va ota-onasi oldida har xil gap-so`zlar bilan erga urib, hech nimaga erishmaysiz. Qancha mehnat va xizmat qilmang, hatto eringiz shunday muomalaga munosib bo`lsa ham qaytona-qaynonangiz sizni oqlamaydi, keyinchalik esa gapingizga quloq osmaydigan, aybingizni yuzingizga soladigan, otasini hurmat qilmaydigan farzandlaringizdan nolib yurasiz. Qo`ying, undan ko`ra oyijoningiz va dadajoningizga maslahat solib, turmush o`rtog`ingiz o`zi nima xohlayotganiga qarab, unga ko`maklashing. Janjalni kamaytirib, yurakni keng qiling. Istagan odamingizdan so`rab ko`ring, har bir erkakning hayotida mana shunday iqtisodiy inqiroz pallasi bo`ladi va buni turmush sinovi deb qo`yibdi. Agar shu «musht»ga chap bersangiz, ko`p yillik sevgingiz, oilangizni asrab qolasiz.
«Oyim dadamni hurmat qilmaydi»
Maftuna, 15 yosh: — Ikki ukam bor. Oyim bozorda kiyim-kechak sotadi. Dadam esa ikki kun bog`chada, ikki kun maktabda qorovul bo`lib ishlaydi. Dadam kechasi uxlamagani uchun kunduzi uyda dam oladi. Oyim esa ishdan kela solib, dadamni ishyoqmas, dangasa, hamma erni yoyib o`tiradi, ishida bir uxlasa, uyida yana bir uxlaydi, deb behurmat qiladi. Avvallari onam unaqa emasdi, otam ishdan kelganida chiroyli qilib dasturxon yozardi, kiyim-kechagini ozoda saqlardi. Hozir esa mahalla, ko`cha-ko`yda bemalol yomonlab tashlayveradi. Dadam esa juda yaxshi inson, bizni maqtab-erkalaydi, hech qachon qattiq gapirmaydi.
Nargiza, 38 yosh: — Erim oilaning katta tashvishlari bilan qiziqmaydi, Hamma yugur-yugurlar mening bo`ynimda. Qachon qarama, «Men kechasi uxlamaganman» deb, o`zini ayagani-ayagan. Axir u erkak kishi, orzu-xavaslar bilan yashasa, shunga yarasha harakat qilsa, bo`lmaydimi? Topgan maoshi hech narsaga yuq bo`lmaydi, qorovullikni yig`ishtirib, menga qarashsa, ikkalamiz bozorda savdo qilsak, og`irimiz engil bo`larmidi? Bolalarim dadasiga yon bosadi, ular mening asablarim va charchog`imni his qilmaydi-da. Ko`pchilik bozorda yurib, xaraktering o`zgarib ketdi, deydi. Erkak kabi ishlash kimni o`zgartirmaydi, deysiz!
Ko`zgu nima deydi? Maftunaxon, yosh bo`lishiga qaramay, ota-onasining har ikkisini yaxshi ko`ruvchi, hayotning sinovlariga, oilaning muammolariga javob topmoqchi bo`layotgan, qizaloq, balli sizga! Sizdan nima talab qilinadi? Onangizning yomon gap-so`zlari ta`siriga berilmang, ota-onangiz — katta odamlar, ular albatta, yaxshi bir echimga kelishadi. O`ylab ko`rsangiz, onangizga ham qiyin, otangizga ham osonmas. Ularning birortasiga tarafkashlik qilishingiz shart emas. Uy ishlarini o`z vaqtida qilib, onangizga yordamlashsangiz, osh-ovqat, kiyim-kechak yuvishni uning qo`lidan olsangiz, ukalaringizning darslariga ko`maklashsangiz, onangizning ko`ngli yorishadi. Nargiza, sotuvchilik bo`ladimi yoki qorovullik, hech qaysi bir ish oson emas! Tungi vaqtda ishlash, o`zining issiq uyi, halovatidan kechib, mas`uliyat va javobgarlikni his qilishning ham o`ziga yarasha qiyinchiligi bor. To`g`ri, siz daromadingizni ko`paytirishni, deylik, uyingizni ta`mirlatishni, bolalaringizga yanada yaxshi sharoitni yaratib berishni, mashina olishni orzu qilayotgandirsiz. Ba`zi erkaklarda ana shunday ishtiyoq va g`ayrat hissi kamroq bo`ladi. Tashabbusni qo`lga oling-u, biroq maslahatlashish va ishonishni unutib qo`ymang. Erkaklar ham bir farzand kabi, ularga ishonsangiz, do`sti bo`lsangiz, sizdan uzoqlashmaydi, gapingizga ko`nadi. Uy, bu — bozor emas, unda oldi-sotdi qilmaysiz, lekin o`xshash jihati ham bor: berilganga yarasha olasiz. O`zingiz guvohsiz, bolalaringiz sizga emas, dadasiga suyanayotganidan bilavering, gap kimning qancha topishida emas, mehringizni yaqinlaringizdan darig` tutmang!
Aziza QURBONOVA