AsosiySUG'DIYONA

​«U sobiq xotini bilan topishib oldi, men esa befarzandman...»

'​«U sobiq xotini bilan topishib oldi, men esa befarzandman...»'ning rasmi

— To`rt yil avval sovchilar orqali turmushga chiqdim. Lekin turmush o`rtog`im bilan o`rtamizda mehr uyg`onmadi, farzandli ham bo`la olmadik va qaynonamning qistovlari bilan uch yil yashab, ajrashdik. Bir muddat o`tgach, oilasidan ajrashgan insondan sovchi keldi, rozilik bildirdim. Bu inson bilan atigi uch oy yashadik, mana ikki oydirki, ota uyimda o`tiribman. Kelishmovchiliklarimizning asosiy sababi esa bu kishimning birinchi xotini edi. O`sha ayol oilamizga aralashaveradi, qo`ng`iroq qilib, tinchimizni buzadi. Men bunday munosabatga toqat qila olmadim. Yo meni tanla yoki uni deb, arazlab uyiga qaytdim. Erim ham yarashish uchun harakat qilmayapti. Boshim qotib qolgan. Birinchi erim esa boshqa ayolga uylanib, farzand ko`rdi. Men, hatto, homilador bo`la olmadim ham. Hayot shunchalar qattiq sinayaptimikan deb, yuraklarim ezilib ketayapti. Ikkinchi turmushim ham tinch emasligi uchun o`zimni notavon his etayapman. Hozircha uyimizdagilarning munosabati yaxshi, lekin kuni kelib, bari aybni menga ag`darishlaridan cho`chiyapman.

Nigina, 24 yosh, Farg`ona viloyati

Qaynonajon: — Taqdir sinovlari shunaqa, ona qizim. Hali hammasi oldinda, yaxshi kunlarga etishasiz. Sobiq turmush o`rtog`ingiz farzand ko`rganiga quvonib, ularga astoydil baxt tilang. Shunda o`zingiz ham yorug` kunlarga etishasiz. Ikkinchi gal turmushga chiqishga sal shoshilgansiz chog`i. Hayot murakkab, bolam, shoshma-shosharlik bilan inson o`z-o`ziga muammo orttiradi, xolos. Ayniqsa ayol kishi! Endi bu yog`iga jiddiyroq bo`ling. O`zingizda kat`iy irodani tarbiyalang. Ha, odamzot ba`zida ortga bir nazar solib, xatolaridan xulosalar chiqarib olishi kerak. Xom sut emgan bandamiz-da, tutgan tutumimiz doim ham to`g`ri bo`lavermaydi. Biroq na chora, oldinga karab dadil, halol va pok yo`ldan ezgu maqsadlar bilan yurishni davom ettirish kerak. Hayotdan ma`no va mazmun istab yashash lozim. Ko`ngilni va fe`lni keng tuting. Xushmuomalalik, odob va sadoqatni o`zingizga hamroh eting. Odamlarni seving va ularga yaxshilik qiling, yaxshilik tilang, baxtu saodat hamrohingiz bo`ladi.

Barno Ilhomova, ruhshunos: — Ikkinchi bor ham oila qurishga shoshilibsiz, ziyraklikni yo`qotibsiz. Avval o`sha oila nimaga buzilganligini surishtirish, o`rganish kerak edi. Agar eringiz birinchi xotini bilan oilaga rahna solish darajasida yaqin ekan, demak, o`rtada ularni bog`lab turuvchi xotiralar bo`lgan. Biroq endi muammoni kavlashtirib, noxushliklarni o`ylayversangiz, kattaroq omadsizliklarni chaqirib olishingiz mumkin. Bunga ketkazadigan quvvatingiz va vaqtingizni o`z ustingizda ishlashga sarflang. Sevimli mashg`ulotingiz bilan shug`ullaning. Bilasizmi, bugun zamonning talabi shunaqa, avval ichki olamingizni to`g`irlab, his-tuyg`ularingizni bir yo`riqqa solib olasiz, ana undan keyin omad kulib boqadi.

Saodat OChILOVA yozib oldi.

Boshqa yangiliklar