Sevimli

​O`smirlik davri muammolari: «O`g`lim pul o`g`irlaydi, qizim yigitlar bilan gaplashadi, nima qilay?»

SUG'DIYONA 02.05.2017, 09:48
Teglar: Oila, Bola, Ona va bola
​O`smirlik davri muammolari: «O`g`lim pul o`g`irlaydi, qizim yigitlar bilan gaplashadi, nima qilay?»

Ayol hayotidagi eng yuksak baxtning nomi ONALIK deb atalsa kerak. Kimgadir bu baxt o`zi ham kutmagan paytda nasib etadi, kimdir uni o`ngiyu tushida orzu qiladi. Bu baxtga erishishning o`zinigina yutuq deyish unchalik o`rinli bo`lmas, hamma gap dunyoga keltirgan dilbandiga qanday tarbiya berishda. Chunki ayolning ona bo`lgandan keyingi hayoti to so`nggi nafasigacha o`zidan ko`ra farzandiga atalgan bo`lishini bir umr bolam deb yashaydigan o`zbek ayollari yaxshi bilishadi. Umr shomida mehnatlari o`zi kutgan natijani bermaganidan afsus bilan bosh chayqamaslik uchun ham tarbiyaning qanchalik nozik «yumush»ligini hamisha esda tutish talab etadi. Hadisi sharifda ham «ota-onalar farzandlariga yaxshi tarbiyadan ortiq hadya qilolmaydilar», deb bejiz aytilmagan. Bizga qo`ng`iroq qilib, farzand tarbiyasi borasida maslahat so`ragan muxlislarimizning murojaati ham buni yaqqol isbotlaydi. Maslahatlarni ruhshunos Zulayho RASULOVA beradi.

Ona va o`g`il bola tarbiyasi

— O`g`lim 14 yoshga kirdi. Har bir gapimga kiradi, faqat… o`g`irlik qiladigan odat chiqargan. Yaqinda qo`shnimnikidan 58.000 so`m o`g`irlab chiqibdi. «Nega o`g`irlading?» deb so`rasam, «o`g`li jahlimni chiqardi, shunday qilib alamimni oldim», deydi. Urishsam, indamay turadi, uray desam, katta bo`lib qoldi. Do`stona gapirsam, quloq soladi. Bu odatini tashlarmikan deb, qiziqishidan kelib chiqib, musiqa to`garagiga berdim. Qanday yo`l tutishga ham hayronman. «Agar yana o`g`irlik qilsang, umuman musiqa bilan shug`ullanmaysan», deb qo`rqitdim. Balki dadasi uzoqdaligi uchun (xorijga ketgan) tarbiyasiga ojizlik qilayapmanmi, deb o`ylab qolaman…

Dilfuza, 35 yoshda, Andijon viloyatidan

— Avvalo bu odat paydo bo`lishiga nima sabab bo`lganini bilish muhim. Ba`zida bolakay ota-onasi etarlicha e`tibor bermaganda yoki ular bolaga pul bermagani uchun o`zini tengdoshlaridan ortga qolganday his qilganda (masalan, birida telefon bor-u, bunda yo`q yoki boshqalarday kiyinmasa) shunday yo`l tutadi. Bular o`smir bola uchun juda muhim. Shuning uchun bu o`rinda faqatgina bolani ayblash to`g`ri emas. O`zingizning unga munosabatingiz qay darajadaligi haqida ham o`ylab ko`ring. Chunki bola «ota-onam menga pul bermayaptimi, demak, yaxshi ko`rmaydi, e`tibor qaratmayaptimi, demak, meni tushunmaydi», degan fikrga kelib qolishi mumkin. Shuning uchun farzandingizdan nima uchun bunday yo`l tutayotganini yotig`i bilan so`rab, do`stona gaplashib oling. Chunki u bilan gaplashmasdan turib, jazolayversangiz, vaziyat battar chigallashishi, bola endi sizga umuman hech nima aytmay qo`yishi mumkin. Lekin o`zida bo`lmagani uchun pul o`g`irlamasin deb ko`p pul berish ham yaramaydi. Doim yonida pul bo`ladigan, ularni osongina sovuradigan o`smirlar atrofida har doim ham «yaxshi do`stlar» jam bo`lavermaydi. Buni farzandingizga tushuntiring, haqiqiy do`stlaring uchun cho`ntagingda qancha pul borligi muhim emas deng. Pul o`g`irlashning oxiri voy bo`lishini, hamma o`g`ri deb chaqirishini, buning qonunan javobgarligi borligini tushuntirib qo`ying. Xullas, avvalo vaziyat sababini o`rganing. Nega bunday qilgani, unga nima etishmayotganini so`rang. Faqat juda ehtiyotkor bo`ling, chunki farzandingiz kelajakda kim bo`lib ulg`ayishi sizga bog`liq. Jazolamoqchi bo`lsangiz, avvalo o`g`irlikni rostdan ham u qilganiga amin bo`ling. Unutmang, yoningizda jinoyatchi-o`g`ri emas, bola turibdi. Hukm chiqarish va jazolashga shoshsangiz, bolaning kelajagini buzasiz, o`ziga ishonchini yo`qotasiz.

Bola bu o`g`irlik sizni qanchalik ranjitishini tushunishiga imkon bering, lekin voqeani «jinoyat», «o`g`rilik», «kissavurlik» deb atamang. Tuyg`ularingizni aytib, sirlashing, muammoning echimini birgalashib izlang. Faqat unutmang, echim — sizning buyrug`ingiz emas, hamkorlikdagi qaror bo`lishi kerak.

Qo`shningizdan olgan pulni zudlik bilan egasiga qaytarish kerakligini ayting, ammo buni bir o`ziga qoldirmang. Bu uni battar yomon ahvolga soladi va keyingi gal o`g`irlaganini sizdan imkon qadar bekitishga harakat qilaveradi. Faqat u bilan birga boring. Shunda bola har bir inson qo`llab-quvvatlanish huquqiga egaligini tushunadi.

Bolaning kimlar bilan do`stligiga ham ahamiyat bering. Chunki ba`zan bola atrofidagi do`stlari qilgan ishga qiziqib, o`zida takrorlab ko`radi.

O`z muammolaringizni aytib, undan yordam tariqasida fikr so`rang. Chunki o`smir yoshda bola o`zini kattalardek his qiladi va atrofdagilardan ham shunday munosabat kutadi. O`g`lingiz dilidagilarni ochganidan keyin uning muammolari haqida gaplashishga harakat qiling.

Qiziqishidan kelib chiqib musiqa to`garagiga berganingiz to`g`ri yo`l. Yana nimalarga qiziqishini bilishga harakat qiling va uning bo`sh vaqti ko`p bo`lmasligini ta`minlang.

O`smir qiz gapga kirmasa…

— 16 yoshli qizim bor. Yoshi ulg`aygani sari gap uqtirish qiyin bo`lib borayapti. Kiyimga juda o`ch, qo`lidan, to`g`rirog`i, qulog`idan telefon tushmaydi. Yigitlar bilan gaplashayotganini sezaman. Urishsam, gap qaytaradigan odat chiqargan. «Siz tushunmaysiz, oyi, bular hozir moda», deydi tag`in. Otasidan biroz hayiqqani uchun o`zgarib qolganini aytsammikan deyman-u, to`g`risi, qo`rqaman…

Nazira, 40 yoshda, Navoiy viloyatidan

— Qiz bola ulg`aya borgani sari hamma narsaga, jumladan, insonlarning o`zini qanday tutishi, kiyinishiga ham e`tibor qarata va o`zini ular bilan taqqoslay boshlaydi. Shuningdek, o`smirlik davrida o`ziga atrofdagilar ko`proq e`tibor qaratishini istashadi. Shuning uchun ba`zi qizlar kiyimga, boshqa dugonalarida bo`lgan buyumlar, masalan, telefon, taqinchoqqa o`ch bo`lib qolishadi. Ayrimlari esa kichikligidan kiyimga o`ta qiziquvchan bo`ladi. Bu onasi kichikligida qizini chiroyli kiyintirishga qiziqqanidan yangi libos ko`p olib berganiga ham bog`liq. Bu qizaloqning kiyinish borasidagi qarashlarini kichikligidanoq shakllanishiga turtki bo`lgan. O`smir yoshga borib esa u mustaqillikka ko`proq intiladi, kiyim borasidagi kichikligidagi xilma-xillik kamday tuyulaveradi. Qolaversa, o`smir qizlar tashqi ta`sirlarga o`ta beriluvchan bo`lishadi. Masalan, biror tengdoshi yangi kiyim kiyib kelsa, uning ham kiyimlarini yangilagisi kelib qoladi. Yoki biror dugonasi yigitlar bilan gaplashsa, uning ham fikri shu tomon yo`naladi. Qolaversa, o`smir yosh jinsiy etilish jarayoniga bog`liqligini inobatga olganda, bu davrda qiz bolaning o`z tashqi ko`rinishiga e`tiborli bo`lib qolishini tushunish mumkin. Qizingiz bilan ehtiyotkorona gaplashing. Uni tushunishga harakat qilayotganingizni sezishiga imkon bering. Shunda u ham sizni tushunishga harakat qiladi. Qizingizning bo`sh vaqti ko`pga o`xshaydi. Shuning uchun mehnatga, uy ishlariga ko`proq jalb qiling. Biron bir tugaraklarga yozdiring. Qiziqishlaridan foydalanib, biror hunar o`rgating. O`zingizning o`smirlik davringiz haqida so`zlab bering, xatolaringizni va ularning oqibatini ayting.

«Siz modani tushunmaysiz», degan gapini esa o`ylab ko`ring. Qizlar kichikligida onasini o`ziga namuna deb biladi. Agar siz o`zingizga, tashqi ko`rinishingizga e`tiborli bo`lsangiz, bu ibrat maktabi qizingiz o`smir yoshiga etganda ham davom etadi. Ya`ni qizingizga o`zingiz namuna bo`lishingiz kerak.

«Bolam tengdoshlari oldida mendan uyaladi…»

— 13 yoshli o`g`lim men bilan birga yurishga uyaladigandek tuyuladi. Bu menga juda alamli ta`sir qilayapti. Axir uni shuncha qiynalib dunyoga keltirdim, ulg`aytirdim, o`zimni butunlay unga bag`ishladim… Endi esa do`stlarining oldida men bilan birga ko`rinishni xohlamaydi. Nega bunday? Men nima qilishim kerak?

Dilbar, 36 yosh, Toshkent shahri

— Avvalo shuni tushunishingiz kerakki, o`smirlarning aksariyati o`zini kattalardek tutishni, atrofdagilar ham unga kattalardek munosabatda bo`lishini istashadi. Masalan, o`smirni otasi yoki onasi bilan birga ko`rishsa, go`yoki u o`zini haliyam yosh boladay sezadi. Va atrofdagilar, ayniqsa do`stlari «yosh bola, haliyam onasi yoki otasiga ergashib yuradi», deb o`ylashlaridan juda uyaladi. Albatta, sizga bu yoqmasligi tabiiy, ammo buning uchun ko`p ham asabiylashavermang. Yodda tutingki, farzandingizdagi bu holat vaqtinchalik. Mehrli munosabatlaringiz bir necha yildan keyin tiklanadi. O`smir hayotidagi eng murakkab davr ham 13-14 yoshga to`g`ri keladi. Aynan shu yoshda o`smir nazarida kattalar unga bosim o`tkazayotganday tuyuladi.

«Qizimdan xavotirdaman»

— Men 15 yoshli qizimdan xavotirdaman. Unga qattiqroq gapirishga ham qo`rqaman. Bir gal beruxsat dugonasinikiga ketib, bizni xavotirga qo`yganidan qattiq urishganimiz uchun qo`lini kesib qo`rqitgandi. Salga asabiylashib ketadi. O`shandan beri qattiqroq gapirishga ham qo`rqamiz. U esa bundan foydalanib, ko`ngli tusagan ishni qiladi. Nima qilish kerak?

Gulxan, 42 yoshda, Samarqand viloyatidan

  • Afsuski, o`smirlar yaxshi gapdan ko`ra yomonini tezroq qabul qiladi. Asabiyligi ham o`smirlik davriga xos jihatlardan biri. U hozir o`ziga nima bo`layotganini o`zi tushunmayapti. Shuning uchun qizingiz bilan munosabatda ehtiyotkor bo`lishingiz kerak. Farzandingizning nimalar bilan bandligi, teleekran orqali qanday dastur va filmlarni tomosha qilayotgani, tengdoshlari bilan munosabatini nazardan chetda qoldirmang. O`z joniga qasd qilishdek inson ongiga salbiy ta`sir ko`rsatadigan filmlarni tomosha qilmasligiga ahamiyatli bo`ling. Qizingiz bilan samimiy suhbatlarni tez-tez tashkillashtirib turing. Uni qanday muammolar qiynayotganini bilishga harakat qiling. Va hal qilib bo`lmaydigan vaziyatning o`zi yo`qligini, echim hamisha topilishi, faqat u aqlga tayanilgan bo`lishi kerakligini, tiriklikning o`zi baxt ekanini tushuntiring. Qizingizning asabiyligiga sabr bilan yondashing. Bu muammolar sizga ham tanishligi, o`zingizning ham boshingizdan o`tgani, bular vaqtinchalik holat ekanini tushuntiring. Qizingizga u qanday bo`lsa, shundayligicha yaxshi ko`rishingizni namoyon eting. Shuni ham unutmangki, ba`zi o`smirlar o`zining mustaqil shaxsligini isbotlash uchun ham oila a`zolari aytgan ishning teskarisini qilishadi. Ota-onalar farzand rivojining mazkur bosqichi normal hol ekanini tushunishlari kerak.

O`smirlar fiziologiyasi

Qizlarda 9-10, o`g`il bolalarda 11-12 yoshda hayotining yangi va mas`uliyatli davri — o`smirlik yoshi boshlanadi.

O`smirlik va yoshlik davrini ba`zan bir nom bilan atash mumkin: jinsiy etilish davri. Bu yigitlarda 18-19, qizlarda 16-17 yoshda nihoyasiga etadi.

10 yoshda o`g`il va qiz bolalarning jismoniy rivojlanishi deyarli bir xil bo`ladi. 11 yoshda esa qizlar bo`y (1,6 sm.ga) va vazn (1,7 kg.ga) jihatdan o`g`il bola tengdoshlarini ortda qoldirishadi.

12 yoshda qizlar har jihatdan o`g`il bolalardan o`zib ketadi. 13 yoshda esa bu farq yana-da kattalashadi. Biroq 14 yoshda jismoniy rivojlanishning barcha ko`rsatkichlari o`g`il bolalarda yuqori bo`ladi. Bu tafovut shu bilan bog`liqki, qizlar o`smirlik davriga o`g`il bolalardan 2 yil oldin qadam qo`yadi, ularda bo`y va vazn sezilarli darajada «sakraydi». Qizlarda bu jarayon 10,5 dan 13 yoshgacha, o`g`il bolalarda esa 12,5 dan 15 yoshgacha bo`lgan vaqt oralig`ida kuzatiladi. Jinsiy etuklik esa qizlarda 12,5-13, o`g`il bolalarda esa 14-15 yoshda namoyon bo`ladi.

O`smirlarda yurak tez o`sadi. 10 dan 16 yoshgacha yurak vazni ikki baravar oshadi, hajmi esa deyarli 2,4 marta kattalashadi. Yurak mushaklari ham o`zgaradi, qisqarganda katta miqdordagi qonni tomirlarga haydashga qodir bo`ladi.

Yurak massasining kattalashishi esa ba`zida butun tana massasining oshishidan orqada qoladi. Shuning uchun ham gohida o`smir yigit-qizlar holsizlik, engil charchoq (ayniqsa jismoniy zo`riqishlardan keyin), isib ketganda yoki tana holatini birdan o`zgartirganda hushdan ketishga moyillik kuzatiladi.

Bo`y va yurak o`lchamlari bir-biriga mos kelmasligiga bog`liq yurak zaifligi alomatlari yuzaga kelganda ayrim ota-onalar bu holni yurak kasalligi sifatida baholab, o`g`li yoki qizini har qanday jismoniy ishlardan chegaralaydi, avaylaydi. Aslida esa bu katta xato. O`smir organizmining bu yuqori talab va ehtiyoji uchun jismoniy mashqlar, sport va mehnat — yagona «dori».

Nilufar tayyorladi

Sharhlar

O`zbekistonning qaysi hududida oilalar soni ko`p?

26.09.2021, 17:45

O`zbekistonning qaysi hududida oilalar soni ko`p? Davlat statistika qo`mitasi ma`lumot berdi. Unga ko`ra, 2021 yilning 1 yanvar holatiga O`zbekiston Respublikasida jami 8 871 412 ta oila...
O`zbekistonda 2030 yilga qadar oila instituti yanada mustahkamlanadi

27.05.2021, 16:56

AOKAda “Mahalla va oila” ilmiy-tadqiqot instituti rahbarlari ishtirokida matbuot anjumani bo`lib o`tdi.Anjumanda  “O`zbekiston Respublikasida oila institutini 2030 yilgacha yanada mustahkamlash konsepsiyasi” mazmun-mohiyati va ahamiyati haqida...
O`zbekistonda qancha oila faqat sha`riy nikoh asosida yashagani aniqlandi

14.11.2019, 18:36

 O`zbekistonda FHDYo organlari hokimliklar tasarrufiga o`tkazilgach, faqatgina sha`riy nikoh bilan yashab kelgan 20 ming 350tadan ortiq oila aniqlanib, ularning nikohi qonuniylashtirildi.Bu haqda 13 noyabr kuni oila...
«IChKILIK BO`LMASA EDI...»

23.12.2017, 17:11

Sayyora, 30 yosh, Jizzax viloyati: — Turmushga chiqqanimga o`n yil bo`libdi. Ikki farzandim bor. Qaynona-qaynotam bilan birga yashaymiz. Shu yillar ichida tinch, osoyishta, xotirjam yashaganimni...